14:46 / 03.01.2022
1 892

Qashqadaryo hokimining talabi noroziliklarga sabab bo‘lmoqda

Qashqadaryo hokimining talabi noroziliklarga sabab bo‘lmoqda
Murodjon Azimovning ko‘rsatmasi bilan Qashqadaryo viloyati hududidan chigitni olib chiqishga taqiq qo‘yilgan. Taqiq qanday ko‘rinishda va nima maqsadda o‘rnatilgani hozircha noma’lum. Ammo hokimning bu harakatlari amaldagi qonunchilikka zid.

Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi, senator Gavhar Alimovaning ma’lum qilishicha, Qashqadaryo viloyati hokimi Murod Azimov tomonidan viloyatdan O‘zbekistonning boshqa hududlariga chigit olib chiqishga taqiq qo‘yilgan.

2021 yil 28 dekabr kuni Kattaqo‘rg‘on shahrida joylashgan «Marokand gold oil extraksiya» MCHJ rahbari S.Ro‘ziyev shahar hokimiyatiga kelib, Respublika tovar va xomashyo birjasidan ochiq savdolar asosida sotib olingan 100 tonna chigit mahsuloti Qashqadaryodan Samarqandga kirish chegarasida YPX xodimlari tomonidan Qashqadaryo viloyat hokimi birinchi o‘rinbosari Nodir Erkayevning topshirig‘i asosida ushlab turilganini aytgan.

Shundan so‘ng senator Nodir Erkayev bilan telefon orqali bog‘langan. Hokim o‘rinbosari esa chigitlarni faqat viloyat hokimi ruxsat bersagina qo‘yib yuborishi mumkinligini aytgan.

«Shundan so‘ng viloyat hokimi Murodjon Berdialiyevichning telefon raqamini qiyinchilik bilan topib, vaziyatni tushuntirdim va chigitni qo‘yib yuborishini iltimos qildim. Viloyatning yangi hokimi esa “... masalani o‘rganib chiqib ma’lum qilaman”, dedi. Men umid bilan barcha tegishli hujjatlarni hokimning telegramiga tashlab berdim. Javob bo‘lmagandan so‘ng telegramiga va qo‘l telefoniga SMSʼlar yozdim, afsuski hech qanday javob olishning iloji bo‘lmadi», deb yozadi Gavhar Alimova.

«Buning nomi feodalizm»
Iqtisodchi Otabek Bakirov esa ushbu holatni o‘rta asrlarda hukm surgan feodalizm tartib-tamoyillariga qiyosladi.

«Murod Azimov topshirig‘iga ko‘ra, Qashqadaryo hududidan chigit olib chiqib ketish taqiqlangan. Gavhar Alimova Qashqadaryodan Samarqandga chigit olib ketayotgan yuk mashinalari o‘tkazilmayotganidan shikoyat qilmoqda.

Bir qarashda ham kulgili, ham achinarli. Qanday qilib bir mamlakat hududida tovar va xizmatlar erkin harakatlana olmasligi mumkin? Chigit hokimning mulki emas, fermerniki yoki klasterniki, nega u boshqa shaxsga sotgan chigitini hududidan chiqara olmaydi?

Bu boshboshdoqlikni yaqindagina Bojxona qo‘mitasiga rais bo‘lgan, vazifasi bo‘yicha butun O‘zbekiston hududi bo‘yicha erkin tovarlar to‘siqsiz harakatlanishiga mas’ul bo‘lgan shaxs amalga oshiryapti. Amaldagi vakolatlar tiyilmagan buzuq tizim, bojxona kattasi tugul, avliyoni ham buzib tashlashiga yana bir misol.

Chigitni viloyat hududidan chiqarmaslik bo‘yicha hokimlarning topshiriqlari birinchi marta emas. Pishiqchilik paytida meva-sabzavot mahsulotlari bir hududdan ikkinchisiga chiqarilmasligi bo‘yicha topshiriqlar ham birinchi marta emas. Doimiy holat. Lekin shu paytgacha birorta hokim jazolanmagan. Bu safar ham, juda katta ehtimol, jazolanmaydi. Axir buning nomi feodalizm
», deya yozadi iqtisodchi.

Hokimning talabi qonunlarga zid
Hozircha faqat tuman hokimi va tor doiradagi tadbirkorlarning e’tirozlariga sabab bo‘layotgan bu hodisa aslida qonunlarga ham zid hisoblanadi.

Jumladan, «Raqobat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 12-moddasiga ko‘ra, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning iqtisodiy faoliyatiga oqibati raqobatni cheklashi mumkin bo‘lgan tarzda aralashishi taqiqlanadi.

«Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunning 8-moddasiga muvofiq, tadbirkorlik faoliyati sub’ektlari qonun hujjatlarida taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishi hamda o‘z faoliyati yo‘nalishlarini, tovarlar yetkazib beruvchilarni va o‘z tovarlarining iste’molchilarini mustaqil ravishda tanlashga haqli.

Shu qonunning 34-moddasiga ko‘ra davlat organlari, boshqa tashkilotlar hamda ularning mansabdor shaxslari tadbirkorlik faoliyati sub’ektlari faoliyatiga aralashishga haqli emas.

Rasmiylar ta’tilda, izoh olish imkoni bo‘lmadi
Kun.uz ushbu tartib qay tarzda (qaror, farmoyish, xat, og‘zaki ko‘rsatma va h.k.) va nima maqsadda joriy qilinganini bilish uchun viloyat hokimligi matbuot xizmati bilan bog‘lanishga harakat qildi. Ammo ayni vaqtda mamlakat bo‘ylab bayram (ishlanmaydigan) kunlari davom etayotgani bois bu urinishlar samarasiz bo‘ldi.

Muhokamalarga sabab bo‘layotgan ushbu masala yuzasidan Qashqadaryo viloyat hokimligidan izoh, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va uning huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligidan munosabat kutib qolamiz.

Zero, mana shunday raqobat muhitini cheklovchi holatlar yuzaga kelganda, funksional vazifasi o‘laroq qo‘mita katta sahnaga chiqardi va tadbirkorlarning manfaatini qonun doirasida himoya qilardi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qashqadaryo hokimining talabi noroziliklarga sabab bo‘lmoqda