date

Yo‘llarda inson hayoti qadrlansa, halokatlar ham yo‘qolar ekan...

Yo‘llarda inson hayoti qadrlansa, halokatlar ham yo‘qolar ekan...

Finlyandiya poytaxti Xelsinki nafaqat obod va toza muhiti, balki xavfsiz harakat siyosati bilan ham butun dunyo e’tiborida. Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, shaharda 2024 yil davomida birorta ham halokatli yo‘l-transport hodisasi qayd etilmagan, deb xabar berdi Politico. Qizig‘i shundaki, bu kabi yuksak ko‘rsatkichga Xelsinki ilk bor 2019 yilda erishgandi. Shundan beri mahalliy rahbariyat ushbu yutuqni saqlab qolish va yanada mustahkamlash maqsadida har bir chorani puxta o‘ylab, izchillik bilan amalga oshirmoqda.

Shahar hokimiyatining asosiy maqsadi — "Vision Zero" siyosati orqali yo‘llarda o‘lim holatlarini butunlay bartaraf etish. Bu shunchaki shior emas, balki aniq rejalar va qat’iy amaliy qadamlar bilan ta’minlangan dasturdir. Masalan, yo‘llar ancha toraytirildi. Bu haydovchilarda ehtiyotkorlik hissini kuchaytiradi. Harakat tezligini pasaytirish uchun yo‘l chetlariga daraxtlar ekilib, psixologik tormoz vazifasini o‘tamoqda. Shu bilan birga, shahar markazida yuqori tezlik cheklovi joriy etildi — hozirda ko‘pgina hududlarda avtomobillar 30 km/soatdan yuqori harakatlana olmaydi.

Tartib va nazorat masalasi ham e’tibordan chetda qolmadi. Yo‘l harakati qoidalarining buzilishi holatlarini aniq qayd etish maqsadida 70 dan ziyod yuqori aniqlikdagi kuzatuv kameralari o‘rnatildi. Bu kameralar nafaqat qoidabuzarlarni fosh etadi, balki haydovchilarni tartibga rioya qilishga majbur qiladi. Shuningdek, politsiya nazorati ham kuchaytirildi, patrullar soni oshirildi va ularning samaradorligi yaxshilandi.

Shu bilan birga, piyodalar va velosiped haydovchilari uchun qulay infratuzilma yaratildi. Ya’ni, trotuarlar kengaytirildi, velosiped yo‘laklari alohida ajratib berildi. Jamoat transporti tizimi ham to‘liq qayta ko‘rib chiqildi — avtobuslar, tramvaylar va metro qatnovi ko‘paytirildi va grafiklar moslashuvchanlashtirildi. Natijada, shahar fuqarolari avtomobilga muhtojlikni kamroq his qilmoqda.

Barcha bu harakatlar aholi orasida xavfsizlik hissini yuzaga keltirdi, yo‘llarda harakat ancha tinch, sokin va tizimli bo‘ldi. Eng muhimi — inson hayotini birinchi o‘ringa qo‘ygan siyosat o‘z samarasini bera boshladi.

Xelsinkining bunday muvaffaqiyati boshqa Yevropa poytaxtlariga ham ibrat bo‘lmoqda. Chunki ko‘pgina shaharlarda transport halokatlari hanuzgacha og‘ir muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Hozirda ko‘plab shaharlar Xelsinki modeliga e’tibor qarata boshlagan. Ular ham o‘z yo‘llarini, harakat tizimini va tartibini qayta ko‘rib chiqishga bel bog‘lamoqda.

Finlar dunyoga yana bir bor isbotlashdi: agar inson hayoti haqiqatdan ham qadrlansa, e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan eng asosiy sohalardan biri — bu yo‘llardagi xavfsizlikdir. Va agar shunday yondashilsa, halokatlar ham yo‘qolar ekan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yo‘llarda inson hayoti qadrlansa, halokatlar ham yo‘qolar ekan...