4 093
Masjidda farrosh, yotoqxonada qorovul, Rossiyada idish yuvuvchi, «Qalpoq»da Sohiba bo‘lgan professional aktrisa haqida
Foto: «Daryo»
Aktyor, aktrisalar, umuman shou-biznes vakillari juda ham zo‘r iqsodiy sharoitlarda yashashadi, ularda dard yo‘q, hasrat, muammo yo‘q, davralarning to‘ri, munosabatning zo‘ri hamisha ularga bo‘ladi, ular qiyinchilik nima, bilmaydi deb hisoblaydigan odamlar juda ko‘p.
Asosan «Qalpoq» hajviy ko‘rsatuvidagi Sohiba obrazi orqali, epizodik rollari bilan mashhurlikka erishgan, professional ta’lim olgan aktrisa Fotima Nazarovaning hayoti bir film uchun ssenariy bo‘la oladi, deyish mumkin. Kulgili rollarni o‘ynaydigan aktrisaning mashaqqatlarga to‘la hayoti haqidagi yig‘latadigan film.
«Daryo» muxbiri Feruz Muhammad aktrisa Fotima Nazarova yashaydigan ijodkorlarning ijara yotoqxonasida mehmon bo‘ldi va aktrisaning so‘nggi o‘n yillikdagi faoliyati haqida suhbatlashdi.
- "Farzandlarim tug‘ilib, uch-to‘rt yosh bo‘lganidan so‘ng, «san’atim o‘xshamadi, bolalar uchun Toshkentdan nima qilib bo‘lsa ham uy olishim kerak», deb, Rossiyaga ketdim. Ishonasizmi, Rossiyaga borib 10 kun turdim. Uch kun idish-tovoq yuvuvchi bo‘lib ishladim. Oyoq qo‘lim shishib ketdi. Birinchidan menga emas ekan bu ish, san’at sohasida yengil-yelpi yurib ishlardan chiqib qolgan ekanman. Keyin bolalarimsiz menga hayot yo‘q ekan. Hattoki bolalarimni qizg‘onib, bog‘chaga bermaganman. Bog‘cha opalar bilib yo bilmay chertib qo‘ymasin, deganman. 36 yoshimda qizimni, 38 yoshimda o‘g‘limni dunyoga keltirdim. Xullas, shunday qilib, Rossiyada ishlay olmay, 10 kun ichida O‘zbekistonga qaytganman.
Teatrlarga harakat qilib ko‘rdim. Juda ko‘p harakat qildim. «Yoshingiz o‘tgan, joy yo‘q», deyishdi, hozir teatrga asosan yoshlarni ishga olishar ekan. Axiri Mirza aka Muqumiy teatriga ishga oldilar. «Men ham musofirman, musofirlarni yaxshi tushunaman, eshitdim ijodkorlar uyida ijarada yasharkansiz, bolalaringiz bor ekan, hozircha «pajarniy»ga ishga olib turaman, keyin aktrisalikka joy bo‘shasa, ishga olaman», dedilar. Keyin o‘zlari olamdan o‘tdilar, Alloh rahmatiga olsin, ilohim.
Keyin o‘sha teatrda nazoratchi bo‘lib ishladim. Ishimiz asosan tomoshabin bilan, ularning biletiga qarab, joyini topishiga yordam beramiz. Ko‘p tomoshabinlar mening ishlayotganimni tushunmasdida, men bilan rasmga tushishardi. «Yo‘q men ishlayapman, menga ish vaqtida rasmga tushish mumkin emas», deya olmasdim. «Rasmga tushmayman», desangiz xafa bo‘ladi. Ular bilan ish vaqtida rasmga tushishim rahbarlarga yoqmadi. Tepadan, kameradan qarab turishardi. «Ishingni qilsangchi», deyaverishdi. Keyin ishdan bo‘shashga majbur bo‘ldim.
Hozir Bektemir tumanidagi madaniyat uyida o‘qituvchiman. U yerda to‘garak rahbariman, bolajonlarga sahna nutqi va aktyorlik mahoratidan dars beraman. Oyligim 600 ming so‘m, bu ijara yotoqxonaga esa bir oyda 642 ming so‘m to‘layman.
O‘zimiz yashayotgan ijara yotoqxonada qorovul bo‘lib ishlaganman. Teatrlarga ishga olishmaganidan so‘ng, majburlikdan qorovul bo‘lib ishga kirdim. Kechasi tonggacha qorovullik qilib chiqardim. Qiyin bo‘larkan. Bu yerda san’atkorlar yashagani uchun ular to tonggacha to‘y xizmatidan, safarlardan, s’yomkalardan kelishadi. Ular uchun eshikni ochasiz. Undan tashqari begonalar, ko‘chada ichib, mast bo‘lib qolib ketgan alkashlar keladi. Qo‘rqib-qo‘rqib, bir choralarni ko‘rib, olti oy ishladim, kechasi uxlamaslik kerak edi. Oyligim 400 ming so‘m edi.
Qorovulchilikdan tashqari At-Termiziy masjidida farrosh bo‘lib bir yilcha ishladim. Ba’zida o‘zlari, chin ko‘ngildan pul berishardi. Aslida Alloh uchun, Allohning uyida xizmat qilishni niyat qilganim uchun ishlagandim. Hozir ham masjid hovlisini supurgani borishni juda xohlayapman, ammo bora olmayapman.
Masjidda tozalik ishlari erta sahardan boshlanadi. O‘g‘lim ham birga yordamga boradi. Shunday kunlarning birida o‘g‘limga «men hovlini supuraman, sen suv sep», dedim. O‘g‘lim yoshlik qildimi, billmadim, xullas, bir Matiz’ning boloniga ozroq suv sachrab ketdi. Unaqa darajada moshinasi suv bo‘lib ketmadi. Matiz’ning egasi, o‘zimdan yosh bola kelib, meni shunaqa bo‘ralatib so‘kib ketdi. «Uka hech nima qilmadi-ku, changimasin, moshinangizga chang tegmasin, deb, suv sepgan joyimiz edi, yosh bola-ku, uka», desak ham so‘kinishdan, haqorot qilishdan to‘xtamadi. Uzoqdan bir bola kuzatib turgandi, «hozir u ham kelib meni farosatsizlikda ayblamasin», deb turganimda, u bola kelib Matiz’li bolaga shunaqa «ponyatka» berib qo‘ydi. Allohning mehribonligidan aylanay, Allohga shukrlar bo‘lsin, ilohim. Yahayversangiz har xil xarakterli, har xil kayfiyatdagi odamlarni ko‘raverar ekansiz", - deydi Fotima Nazarova.
Ma’lumot uchun, Fotima Nazarova 1971 yil tavallud topgan. 1991 yili hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining «Musiqali drama teatri aktyorligi» bo‘limida tahsil olgan. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi