date

O‘zbekistonda qurilish nazorati uchun yangi ekologik qoidalar joriy etilmoqda

O‘zbekistonda qurilish nazorati uchun yangi ekologik qoidalar joriy etilmoqda

O‘zbekistonda qurilish sohasi uchun ekologik talablar sezilarli ravishda kuchaytiriladi — bundan buyon barcha yirik qurilish maydonlari fon monitoring stansiyalari va onlayn kameralar bilan jihozlanishi shart bo‘ladi. Bu haqda 22-noyabr kuni Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov jurnalistlar, ekologlar va faollar bilan muloqot davomida ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-noyabr kuni imzolagan qaror asosida, qurilishga ajratilgan obyektlarda xalqaro standartlarga yaqinlashtirilgan yangi ekologik talablar amalga kiritiladi. Ya’ni, qurilish boshlanishidan avval qurilish tashkilotlari fon monitoring stansiyalari hamda doimiy onlayn kuzatuv kameralarini o‘rnatishi shart etiladi.

2026-yildan majburiy tartibda o‘rnatiladi

Bosqichma-bosqichlik tamoyiliga ko‘ra majburiy o‘rnatish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

• 2026-yil 1-yanvardan — 2000 kv. metr va undan katta maydonlarda

• 2027-yil 1-yanvardan — 1000 kv. metr va undan yuqori maydonlarda

• 2028-yil 1-yanvardan — 500 kv. metr va undan ortiq obyektlarda

Shu bilan birga, 2026-yil 1-yanvardan boshlab maydonining 30 foizidan kam qismi ko‘kalamzorlashtirilgan, balandligi 12 metrdan yuqori yoki umumiy maydoni 500 kv. metrdan ortiq bo‘lgan binolarni barpo etish taqiqlanadi.

Qo‘shimcha tekshiruvlar va talablar

2026-yil 1-mayiga qadar tegishli vazirlik va idoralar tomonidan 500 kv. metr va undan katta qurilish obyektlarida kompleks tekshiruvlar o‘tkaziladi. Tekshiruvlarda quyidagilar muhim hisoblanadi:

— yer maydonining kamida 25 foizi yashil maskanlar bilan ta’minlangani;

— suv purkagichlar o‘rnatilgani;

— avtotransport g‘ildiraklari uchun yuvish hovuzlari mavjudligi;

— qurilish materiallari brezent yoki PVX tent bilan yopilgani.

«Ekologiya va iqtisod o‘rtasidagi muvozanatni tiklash kerak»

Aziz Abduhakimov ta’kidlashicha, bu islohotlar shoshma-shosharlik bilan emas, balki mamlakatning ekologik barqarorligi uchun strategik ahamiyat bilan amalga oshirilmoqda:

“Dunyoda tez iqtisodiy o‘sish davrini boshidan kechirgan barcha davlatlar shunday muammolarga duch kelgan. Avvaliga iqtisodiy manfaat qatoriga ko‘proq e’tibor berilgan bo‘lsa, endilikda Prezidentimiz ekologiyani ham qarorlar markaziga qo‘yishni maqsad qildilar. Tarazining ikki pallasi teng bo‘lishi shart”, — dedi u.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda qurilish nazorati uchun yangi ekologik qoidalar joriy etilmoqda