
Hindistonning maftunkor Goa shahrida aql-idrok janglari — shaxmat bo‘yicha 2025 yilgi Jahon kubogi (FIDE World Cup 2025) o‘z avjiga chiqdi. Ushbu musobaqa nafaqat g‘olibni aniqlashi, balki kelajakdagi shaxmat qirolini belgilash yo‘lidagi muhim bosqich ekanligi bilan ham ahamiyatlidir.
Tarixiy o‘zbek derbisi
Musobaqaning yarim final bosqichi o‘zbek sporti ixlosmandlari uchun ham quvonchli, ham hayajonli kechdi. Sababi, final ostonasida ikki iste’dodli hamyurtimiz — Javohir Sindarov va Nodirbek Yoqubboyev o‘zaro ro‘baro‘ kelishdi.
O‘ta murosasiz va keskin kurashlarga boy o‘tgan «birodarlar to‘qnashuvi»da Javohir Sindarov 2,5:1,5 hisobida qiyin g‘alabani qo‘lga kiritdi. Bu g‘alaba nafaqat final yo‘llanmasi, balki o‘zbek shaxmati tarixida ilk bor Jahon shaxmat tojiga da’vogarlar turniriga yo‘llanmani ham taqdim etdi.
Endi Javohir hal qiluvchi final bahsida xitoylik kuchli grossmeyster Vey I bilan bosh sovrin uchun kuch sinashadi.
Nodirbekda ham imkoniyat bor
Yarim finalda imkoniyatni boy bergan Nodirbek Yoqubboyev uchun ham hammasi tugagani yo‘q. U uchinchi o‘rin va muhim yo‘llanma uchun neytral bayroq ostida qatnashayotgan Andrey Yesipenkoga qarshi dona suradi. Agar hamyurtimiz g‘alaba qozonsa, u ham Da’vogarlar turniri ishtirokchisiga aylanadi.
Da’vogarlar turniri: Kipr chorlamoqda
Ma’lumot o‘rnida, 2026 yilgi Shaxmat tojiga da’vogarlar turniri 28-martdan 16-aprelga qadar quyoshli Kiprda bo‘lib o‘tadi. Unda sayyoramizning eng kuchli 8 nafar ziyolisi g‘oliblik uchun kurashadi.
Hozirgacha yo‘llanmani naqd qilganlar ro‘yxati:
- Fabiano Karuana (AQSH);
- Anish Giri (Niderlandiya);
- Mattias Blyubaum (Germaniya);
- Xikaru Nakamura (AQSH);
- Javohir Sindarov (O‘zbekiston);
- Van I (Xitoy).
Eng muhimi — ushbu nufuzli da’vogarlar turniri g‘olibi jahon chempioni, hindistonlik Gukesh Dommaraju bilan taxt uchun hal qiluvchi bahsga chiqadi. Shunday ekan, Sindarov oldidagi yo‘l katta, mas’uliyatli va, eng muhimi, tarixiy.
O‘zbek shaxmati yana bir qadam oldinga tashladi — endi butun dunyo grossmeysterlar olamida bizning ismlar yanada baland tovlanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.