19:16 / 14.08.2023
136

«Qasos tuyg‘usi vaqt o‘tgan sari o‘z egasini majaqlab boraveradi» — «Qoraquyun» romani haqida

«Qasos tuyg‘usi vaqt o‘tgan sari o‘z egasini majaqlab boraveradi» — «Qoraquyun» romani haqida

Bebaho ne’matlardan biri – erk. Inson boshini yeguvchi, ich-etini kemiruvchi, oqibatda tanazzulga olib boruvchi narsa esa qasos, o‘ch-adovat hissidir. Inson yuragida adovat saqlar ekan, bu uning quvvatini simirib, ruh va tanasini zaiflashtirib boraveradi. Natijada, istalgan shunday kishi Normurod Norqobilovning «Qoraquyun» romani qahramoni Erman singari o‘zining o‘ch olish maqsadi qurboniga aylanishi mumkin.

Syujet: 

Asarda Ermanni konchi, ma’danchi Itolmas ismli shaxs tutib olib, asir qiladi. Uning maqsadi shu atrofdan qullar yig‘ib, ulardan sariq ma’danni qazish va yuvishda foydalanish edi. Atrofdan Erman singari bir qancha yigitlarni tuttirib kelib, o‘rada saqlay boshlaydi. Ko‘pincha ularni g‘ulda saqlanayotgan itlar bilan qo‘rqitib, ustidan kular, bu kabi harakatlar Ermanning izzat-nafsini qattiq qiynoqqa solardi.

Itolmasning Oybekach ismli ayoli bo‘lib, u asarda judayam matonatli, erkaklarcha mardonavor, g‘ururli, oqila ayol qilib tasvirlangan. Uning yagona qusuri – tug‘masligida edi. U Ermanni har ko‘rganda g‘azab to‘la nigohini qullarga tikardi. Bu gazab qullarning erkak bo‘la turib erklari uchun kurashmaganligi uchun edi. Ayol ularning mardlarcha kurashishini, taqdirga tan berib qo‘ymasligini istardi.

Oxiri chidolmadi. Itolmas xotinining tug‘masligini iddao qilib 3-xotinga uylanayotgan chog‘ida o‘rada yotgan 17 asirni ozod qilib yuboradi. Bundan xabar topgan Itolmas g‘uldagi itlarni asirlar ketidan yuboradi. G‘uldagi itlar shu darajada manqurtlashgan ediki, oldidan sher chiqsa, sher bilan ham olishaverardi. Hamma asirlar halok bo‘ladi. Birgina Erman uyiga tirik qaytadi. Buning sababi shunda ediki, yigit Itolmasning qadrli bo‘lgan oq tulporida qochgan edi.

Erman qishlog‘iga qaytgach qishloq chetiga o‘zi uchun boshpana quradi. Akasining zotdor iti bolalagandi. Shu kuchuk bolalarning birini olib, qolganini ko‘mib yuboradi va shu kuchukchani g‘ulda saqlay boshlaydi. Kuchukka Qoraquyun laqabini qo‘yadi. Uning yagona maqsadi va o‘y-xayoli Itolmasdan qasd olish edi. U albatta Itolmas tulporini olgani kelishini bilardi. Erman joylashgan yer qishloqqa kiraverishda bo‘lib, kelgan odam baribir shu yerdan o‘tmay qolmasdi.

Ermanning Qalaybek ismli haykaltarosh akasi bo‘lib, u necha bor ukasini bu yo‘ldan qaytarmoqchi, qasos hissi yaxshilikka olib kelmasligini tushuntirishga urindi. Ammo Erman o‘z bilganidan qolmadi. Vaqt o‘tgan sari g‘uldagi it katta bo‘lib, kuchga to‘lib bordi. Bir qarashda odamni yamlamay yutadigan ko‘rinishga kirdi. Ammo ba’zan jazavasi tutib, g‘ulga sig‘may ketar, uzoq-uzoq uvlardi. Erkini qo‘msab, ma’yuslanib qolardi.

Asirlarni Oybekach qochirganini bilgach Itolmasning g‘azabi qaynaydi. Xotinining javobini beradi. Ayol tugunini ko‘tarib ovuli sari ketarkan, Itolmas unga yana kimdir uylanishini o‘ylab, nomardlik qiladi: g‘ul itlardan birini xotini ortidan yuboradi. Ovuliga yetishiga bir qir qolganda ayol ortiga qaraydi va xalloslab u tomon kelayotgan itni ko‘radi. Tanasi it og‘zida harom bo‘lishini istamagan ayol o‘zini chuqur jarlikka tashlaydi…

Erman kutgan kun bo‘ldi. Itolmas chindan itini izlab keladi. Bundan hayajonga tushib qolgan yigit shosha-pisha Itolmasning kiyimini itga hidlatadi va g‘ulni ochmoqchi bo‘ladi. Ammo g‘ul eshigi hadeganda ochilavermaydi. It esa chiqishga urinadi. Hech qachon g‘uldagi itni urib bo‘lmaslik qoidasini unutgan Erman Qoraquyunning boshiga bir-ikki musht tushiradi. Ozodlikka chiqqan it esa birinchi bo‘lib egasining bo‘yniga tish botiradi…

Tahlil:

Xoh u inson, xoh hayvon bo‘lsin, uning erkini cheklashga, xavfsizligiga daxl qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Ermanni erksizlik shafqatsizga aylantirib qo‘ygandi. Qoraquyun bilan tug‘ilgan kuchuklarni ko‘mayotib bir tuki qimirlamaydi. Qoraquyunning uvlarini eshitib, ma’yuslanishiga guvoh bo‘lib ham hech narsani his qilmaydi. Vaholanki, o‘zi ham tutqunlikda bo‘ldi, Qoraquyundek kuyindi, iztirob chekdi. Erkinligini sog‘indi. Ammo qasos o‘ti uning qalbidagi mehr-shafqat bulog‘ini quritib qo‘ygandi.

Itolmasning qo‘l ostida qullari bor bo‘lsa-da, ayni paytda o‘zi ham qul edi…

Uning qulligi oltin-u boylikka bo‘lib, bu ganj oxir-oqibat o‘zini-da xarob qildi. U ko‘p boylik yig‘di, oltinga hech to‘ymadi. Ammo oxirida bu boyliklarini ortmoqlab ketolmadi. Qoldi barchasi kimlargadir. Shunday ekan, bevafo dunyoda vafosiz boylikka ortiqcha hirs qo‘yish yaramaydi.

Asardagi eng samimiy obraz – Qalaybek. U san’atkor. Uning qalbida san’at go‘zalligi, pokligidan boshqa chirkin hissiyotlar yo‘q. Butun qishloq uning ustidan kulsa ham, kamsitsa ham uning parvoyiga kelmaydi. Adovat saqlamaydi. Ukasiga ham to‘g‘ri maslahatni beradi. Qasos o‘ti oxiri egasini kuydirishini u bilardi.

Asarda Oybekach o‘zining erkaklar singari qat’iyatliligi, mardligi bilan ajralib turardi. Yuksak g‘ururi, jo‘shqinligi yaqqol sezilib turadi. U uchun erksizlikdan ko‘ra o‘lim afzalroqdir. Shu sababdan ham asirlarga nafrat bilan boqardi. Taqdirga tan berib qo‘ygan qullar uning g‘azabini qo‘zg‘aydi. Ayol o‘zini shu qadar hurmat qiladiki, itga talanib o‘lishni o‘ziga or bilib, boshqa yo‘lni tanlaydi…

Nima bo‘lganda ham erkinlik muqaddas tuyg‘u va hodisadir. Qul hayoti esa hayot emas. Qasos tuyg‘usi og‘ir yuk. Bu yuk vaqt o‘tgan sari o‘z egasini majaqlab boraveradi. Undan vaqtida xalos bo‘lish, qutulish lozim…

Gulasal Qodirova, kitobxon


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » «Qasos tuyg‘usi vaqt o‘tgan sari o‘z egasini majaqlab boraveradi» — «Qoraquyun» romani haqida