Nodirbek Abdurazzoqov terma jamoada o‘ynash uchun borini beradi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi hozirda Milliy futbol markazida navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini davom ettirmoqda. Yig‘inga chaqiruv olgan futbolchilardan biri — OKMK yarim himoyachisi Nodirbek Abdurazzoqov ham terma jamoadagi muhit va o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari haqida fikr bildirdi.
Futbolchining aytishicha, milliy jamoadan chaqiruv olish uning uchun katta sharaf va mas’uliyat hisoblanadi.
“Avvalo, barchaga assalomu alaykum. Terma jamoaga chaqiruv olganimdan juda xursand bo‘ldim. Jamoadagi muhit har doimgidek juda yaxshi. Yigitlar ahil, kayfiyat yuqori va barcha bir maqsad yo‘lida mehnat qilyapti”, — dedi Abdurazzoqov.
Futbolchi terma jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro bilan avval ham ishlaganini ta’kidlab, italiyalik mutaxassisdan ko‘p narsa o‘rganayotganini aytdi.
“Fabio Kannavaro bilan avval ham birga ishlaganmiz. Hozir ham mashg‘ulotlarda o‘zimiz uchun kerakli jihatlarni o‘rganyapmiz. U juda tajribali murabbiy va har bir mashg‘ulotda yangi narsalarni ko‘rish mumkin”, — deya qo‘shimcha qildi futbolchi.
Nodirbek Abdurazzoqov O‘zbekiston futboli haqida ham iliq fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, mamlakatimizda har doim kuchli futbolchilar bo‘lgan va raqobat hech qachon past bo‘lmagan.
“O‘zbekistonda hech qachon kuchsiz futbol bo‘lmagan. Har doim yaxshi va kuchli futbolchilar chiqqan. Men ham yakuniy 26 kishilik tarkibdan joy olish va milliy jamoa safida maydonga tushish uchun bor kuchim bilan harakat qilaman”, — dedi u.
Futbolchi kim o‘ynashidan qat’i nazar, har bir futbolchi maydonda jonini berib harakat qilishini ta’kidladi.
“Terma jamoada raqobat katta. Lekin kim maydonga tushmasin, barcha bor kuchini beradi, deb o‘ylayman”, — dedi Abdurazzoqov.
Shuningdek, u yig‘in davomidagi mashg‘ulotlar va tartib-intizom haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
“Terma jamoada ovqatlanish va kun tartibi klubdagidan biroz farq qiladi. Ammo men ham doim to‘g‘ri ovqatlanishga harakat qilaman. Hozircha yig‘inda hech qanday muammo bo‘lgani yo‘q”, — dedi futbolchi.
Muxlislar esa hozirdanoq milliy jamoaning yakuniy tarkibi va yaqinlashib kelayotgan uchrashuvlarni katta qiziqish bilan kutishmoqda. Ayniqsa, yosh va iqtidorli futbolchilarning terma jamoada o‘zini ko‘rsatishga intilayotgani muxlislarga yanada katta umid bag‘ishlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!