date
views 762

Ijtimoiy tarmoqlarni “portlatayotgan” “Homay” qo‘shig‘ini kim ijro etgan?

Ijtimoiy tarmoqlarni “portlatayotgan” “Homay” qo‘shig‘ini kim ijro etgan?
Boshqirdistonlik “Ay Yola” guruhi tomonidan ijro etilgan “Homay” qo‘shig‘i mart oyidan beri dunyo chartlarida yetakchilikni qo‘ldan bermay kelmoqda. Qo‘shiq Shazam ilovasi global reytingida top beshtalikka kirdi, TikTok'da esa unga har kuni ko‘plab videolar suratga olinmoqda.

“Ay Yola” guruhi qayerdan paydo bo‘ldi? “Homay” qo‘shig‘ining muvaffaqiyat siri nimada? Nima uchun ba’zi boshqird auditoriyasi uni tanqid qildi, quyida shular haqida.

Boshqird guruhi uch kishidan iborat bo‘lib, ularning har biri avvaldan musiqiy tajribaga ega. Guruhni Ruslan Shayxiddinov tashkil qilgan, u ilgari bir nechta mashhur loyihalar bilan ishlagan hamda DJ Sever taxallusi ostida musiqalar yaratgan, bundan tashqari Rossiyaning “Maximum” radiosida o‘z dasturini olib borgan.

Foto: Instagram
“Ay Yola” guruhining vokal xonandasi Adel Ruslan Shayxiddinovning qizi bo‘lib, u 16 yoshidan beri sahnaga chiqadi va turli musiqiy tanlovlarda bir necha bor g‘olib bo‘lgan. Ota va qiz ilgari “Musume” deb nomlangan musiqiy loyihani yaratgan, ammo o‘sha paytda ular rus va ingliz tillarida qo‘shiq kuylagan. 2019 yilda Shayxiddinovlar “TNT”dagi “Qo‘shiqlar” shousida, Timati va Basta bilan birga ishtirok etdi, ammo uzoqqa borolmadi.

Guruhning uchinchi a’zosi — Rinat Ramazanov respublikada tanilgan ko‘p asbobli cholg‘uchi va Boshqirdiston xalq artisti bo‘lib, guruhda quray chalib, ba’zi vokal partiyalarini ijro etadi. Bundan tashqari u ilgari “Argumak” deb nomlangan o‘zining etno-guruhini yaratgan.

Shayxiddinovning aytishicha, “Ay Yola” guruhi o‘tgan yili tashkil topgan.
“O‘tgan yili 50 yoshga to‘ldim, shahrimiz Ufa esa 450 yoshga to‘ldi va men madhiya yozib uni o‘zimga va shaharga sovg‘a qilishga qaror qildim. Buning uchun quray cholg‘uchisi kerak edi va menga Rinat Ramazanovga murojaat qilishni tavsiya qilishdi. Shunday qilib biz birga ishlashni boshladik. Ma’lum bo‘lishicha, quray elektron tovushda ajoyib yangraydi va biz “Ay Yola” deb nomlangan shunday loyihani yaratishga qaror qildik”, deydi Ruslan.

Yangi jamoa o‘z ijodida butunlay turkiy etnosga tayanadi va shuning uchun barcha qo‘shiqlar boshqird tilida ijro etiladi.

Nima uchun “Homay” qo‘shig‘i bunchalik ommalashib ketdi?

Musiqa mutaxassislari bu haqida hali-hanuz bahslashmoqda. Ba’zilari bu tasodif va ilovalar algoritmlariga bog‘liq deb hisoblaydi, ular ko‘pincha yangi ijrochilarni “yuqoriga” ko‘taradi. Boshqalari esa mashhurlikning siri qo‘shiqning mavzusida ekanligini ta’kidlashadi. Turkiy epik shoirlar ko‘plab madaniyatlarning asosini tashkil etadi va shuning uchun turli mamlakatlar aholisi ushbu qo‘shiqni yoqtirib qolishdi.

Hozirda ko‘plab foydalanuvchilar ushbu qo‘shiqqa videoroliklar yaratmoqda. Masalan, qizlar onalari, buvilarining qizlik familiyalarini eslab, o‘z nasllarining tarixini tiklashmoqda. Umuman olganda, kompozitsiyaning etnik mazmuni ko‘pchilikni o‘z xalqining madaniyatiga chuqurroq sho‘ng‘ishga undadi.

Qo‘shiq ayniqsa O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkiya kabi mamlakatlarda katta shuhrat qozondi. Biroq keyinchalik u nafaqat MDHda, balki Finlyandiya, Chexiya, Daniya, Niderlandiya, Germaniya, BAA, Buyuk Britaniya, Shvetsiya va Janubiy Koreyada ham eng yaxshi qo‘shiqlar ro‘yxatiga kirdi. Bu shuhratning sababi elektron musiqa va xalq cholg‘ularining qiziqarli uyg‘unligi deb hisoblashmoqda.

Barcha tanqidchilar bugungi kunda biror qo‘shiqning shuhrati juda murakkab prognoz qilinadigan narsa degan qarorga kelishdi. Ruslan Shayxiddinovning o‘zi esa qo‘shiqda barcha zarur omillar birlashgan deb hisoblaydi.

“Aslida hamma narsa juda oddiy. Sir shundaki, qo‘shiq tinglovchilarga shunchaki yoqdi, ularning qalbiga kirib bordi. Adelning obrazi, tovush, do‘mbira bilan kirib kelayotgan ovoz bularning barchasi shunday uyg‘unlashdiki odamlarning o‘zi qo‘shiqni qo‘llab-quvvatlay boshladi. Keyin radiostansiyalar qo‘shildi, odamlar trendlarni yaratishni boshladi, raqsga tushishdi, kuylashdi, milliy kiyimlarini ko‘rsatishdi. Qo‘shiq shu vaqtda, shu yerda va hozir paydo bo‘lishi kerak edi. Bu sodir bo‘ldi”, dedi u.

Bundan tashqari, qo‘shiq va guruhni targ‘ib qilish uchun katta budjet sarflanmagan, deb ta’kidladi artist.

“Homay” qo‘shig‘i qadimgi turkiy madaniyatlarda uchraydigan afsonaviy qush haqida hikoya qiladi.

Qo‘shiqda “Homay” (Humo) qushining “Ural-Botir” afsonasidagi obrazi aks ettirilgan. Bu afsonada “Homay” — samoviy xudo “Samrau” va Quyoshning qizi bo‘lib, “Ural-Botir”ga yovuz kuchlarga qarshi kurashish uchun olmos qilich va afsonaviy “Akbuzat” otini sovg‘a qiladi. “Homay” “Ural-Botir”ga nafaqat ittifoqchi, balki rafiqa ham bo‘ladi.

Qo‘shiqda “Homay”ning “Ural-Botir”ga abadiy hayot manbasiga yo‘l ko‘rsatganligi, shuningdek, “Ural-Botir”ning bu manbadan suv ichish o‘rniga, uni butun insoniyat uchun qutqarishga bag‘ishlaganligi haqida hikoya qilinadi. “Homay” esa, sodiq sevgili sifatida, bu voqealardan so‘ng abadiy laylakka aylanadi.

Qo‘shiqda “Homay”ning hech qachon begonalar bilan turmush qurishga rozi bo‘lmaganligi, o‘z yurtida qadimgi urf-odatlarga sodiq qolgani, vataniga sodiq o‘g‘illarni tarbiyalagani va boshqird go‘zallarining qalbida abadiy hayot manbasiga yo‘l muhrlangani haqida kuylanadi. Shuningdek, taronada “Homay”ning boshqird xalqining madaniyati va an’analariga sodiqligi, shuningdek, ayolning kuchli va sodiq ruhi aks ettirilgan.

“Ay Yola” guruhi hozircha faqat ikkita qo‘shiq chiqargan: “Batyr” (“Botir”) — fevral oyida va “Homay” — mart oyida. Lekin guruh a’zolari aytganidek, bu butun loyiha “Ural-Botir” dostoniga bag‘ishlangan albom bo‘lib, undagi qo‘shiqlar “serial” formatida chiqariladi.

Ba’zi boshqirdlar qo‘shiqni nima uchun tanqid qilishdi?

Boshqird auditoriyasining bir qismi Adelning milliy tildagi talaffuzidan norozi bo‘ldi. Odamlarning fikricha, ko‘pgina iboralarni tushunish qiyin va rus tilidagi aksent seziladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda nafaqat izohlar, balki “men boshqirdman va qo‘shiqda nima haqida kuylanayotganini tushunmayapman”, kabi mustaqil videolar ham paydo bo‘ldi. Ammo qizni himoya qilishga kirishgan tinglovchilar ham topildi. Ularning fikricha, hamma narsa vokalning o‘ziga xos xususiyatlariga bog‘liq.

“Uning nima kuylayotganini tushunish uchun Ural haqidagi dostonni bilish va o‘qish kerak. Shunda hamma narsa o‘z o‘rniga tushadi. U so‘zlarni cho‘zibroq aytadi, axir bu qo‘shiq-ku. Hozir shunday kuylash odat tusiga kirgan”, deb yozgan muxlislaridan biri.

Adel tanqidga xotirjam munosabat bildirdi. U o‘zini yarim rus ekanligini va oilasida boshqird tilida so‘zlashuvchilar bo‘lmaganini ta’kidladi.

“Lekin bu men uchun xalq madaniyatiga qiziqish va ona tilida kuylashga xalaqit bermaydi. Aksent haqidagi izohlarga mutlaqo oddiy munosabatda bo‘laman, ba’zi tinglovchilar, aksincha, unda o‘ziga xoslikni topishdi”, deydi u.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Ijtimoiy tarmoqlarni “portlatayotgan” “Homay” qo‘shig‘ini kim ijro etgan?