date

“So‘yla, Qora dengiz” yulduzi Irem Helvachio‘g‘lu ona bo‘ldi

“So‘yla, Qora dengiz” yulduzi Irem Helvachio‘g‘lu ona bo‘ldi

Turk kino va televideniye olamining taniqli aktrisasi, “So‘yla, Qora dengiz” seriali orqali katta shuhrat qozongan Irem Helvachio‘g‘lu hayotida muhim va shodlikka to‘la voqea yuz berdi. 2025-yil 15-oktyabr kuni Irem va uning turmush o‘rtog‘i, tadbirkor Ural Kaspar oilasida birinchi farzand dunyoga keldi. Bu haqda aktrisaning yaqin dugonasi — aktrisa Sebile Olmez ijtimoiy tarmoq orqali xabar berdi, deb yozdi Medyatava.

Olmez tug‘ruqxonadan joylangan surat bilan bo‘lishib, “Qizimiz tug‘ildi. Ona ham, bola ham sog‘lom holda”, deb yozgan. Bu xabar qisqa fursat ichida internetda keng tarqaldi va muxlislar aktrisani tabriklovchi minglab izohlar qoldirdi.

Avval boshda chaqaloqning ismi ma’lum qilinmagan bo‘lsa-da, oradan bir necha kun o‘tib, Ural Kaspar Instagram orqali qizining ismini oshkor qildi. U postida shunday yozgan:

“Qizimiz Sora kecha ertalab dunyoga keldi. Irem ham, Sora ham sog‘-omon. Shu jarayonda bizga yordam bergan, duo qilgan va xabar yo‘llagan barcha do‘stlarimizga minnatdorchilik bildiramiz”.

Irem Helvachio‘g‘lu va Ural Kaspar 2023-yilda tanishishgan va 2024-yil oktyabrida nikohdan o‘tgan. Shuningdek, ular 2024-yil yozida qisqa muddat ajralish haqida ma’lumot bergan bo‘lsa-da, oradan ko‘p o‘tmay to‘y fotosuratlarini e’lon qilib, muxlislarini hayratda qoldirgan.

Homiladorlik davri aktrisa uchun ham oson kechmagan. Ayvalikda dam olayotgan vaqtda u sirpanib yiqilgan, biroq qisqa vaqt ichida sog‘lig‘ini tiklab olgan. Tabiblar ma’lumoticha, ham Irem, ham yangi tug‘ilgan qizaloq — Sora — sog‘lom holda shifokorlar nazoratida bo‘lib turishmoqda. Yaqin kunlarda ularning uyga chiqishi kutilmoqda.

Tug‘ruq arafasida Irem yaqin dugonalari bilan kichik “baby shower” kechasi uyushtirgan. U bu tadbirda yaqinlariga shunday degan:

“Bir yil davomida film yoki seriallarda ishtirok etmayman. Hozir men uchun eng katta rol — onalik burchimni bajarish.”

1990-yil 2-fevralda Germaniyada tug‘ilgan Irem Helvachio‘g‘lu ilk san’at ta’limini Mujdat Gezen san’at markazida olgan. Uning mashhurligiga “Muhtasham yuz yil” serialidagi Klara obrazi va “So‘yla, Qora dengiz”dagi bosh qahramon rolini ijro etishi katta ta’sir ko‘rsatgan. Shuningdek, u “Gunesh qizlari”, “309-raqam” kabi seriallardagi rollari orqali ham keng muxlislar muhabbatiga sazovor bo‘lgan.

Turk OAV yozishicha, Irem Helvachio‘g‘lu hozir Turkiya shoubiznesida nafaqat aktrisa, balki kuchli ayol qiyofasining ramziga aylangan. Uning yangi hayotiy bosqichi — ona sifatidagi sinovi — muxlislar tomonidan katta qiziqish bilan kuzatilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » “So‘yla, Qora dengiz” yulduzi Irem Helvachio‘g‘lu ona bo‘ldi