
Gollivudning mashhur yulduzi, ikki karra Oskar sovrindori, ikkita “Golden Globe” va ikkita BAFTA mukofoti sohibi Emma Stoun dunyodagi eng go‘zal ayol sifatida e’tirof etildi. Bu xulosa Londonda faoliyat yuritayotgan plastik jarroh Julian De Silva tomonidan “oltin kesim” konsepsiyasi asosida tuzilgan global reytingda keltirilgan.
De Silva qo‘llagan “oltin kesim” tamoyili — yuz va tana proporsiyalarining eng muvofiq, eng me’yorli va estetik jihatdan mukammal ko‘rinishini baholashda ishlatiladigan qadimiy matematik modeldir. Ushbu nisbat asrlar davomida san’atkorlar va mutaxassislar tomonidan ideal chiroy me’yori sifatida qabul qilinib kelgan.
Zamonaviy texnologiyalar yordamida jarroh aktrisaning yuz tuzilishi, chiziqlari, o‘lchovlari va simmetriyasini maxsus kompyuter algoritmlari orqali tahlil qilgan. U o‘z usulini “ilmiy yondashuv” deya ta’riflab, xaritalash texnologiyalari inson yuzidagi mukammallik darajasini aniq ko‘rsatishiga ishonadi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, Emma Stoun bir qator kategoriyalarda eng yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etgan. Jumladan:
• Qosh shakli — 94,2% (eng yuqori baholardan biri);
• Iyagi — 97% (mutaxassislar tomonidan “deyarli ideal” deb baholangan);
• Labi — 95,6% (juda yuqori estetik uyg‘unlikka ega).

Ta’kidlanishicha, aktrisaning tabiiy mimikasi, yuzining jipsligi, simmetriyaning yuqori darajada saqlangani va ko‘zlaridagi ifoda uni estetik jihatdan o‘ta jozibador qiladi. Shu jihatlar Emma Stounni “oltin nisbat” bo‘yicha dunyodagi eng go‘zal ayollar ichida peshqadam o‘ringa olib chiqqan.
Mutaxassislar fikricha, uning go‘zalligi nafaqat tashqi qiyofada, balki yuzidagi jonli harakatlarda, ifodalarda va tabiiylikda ham namoyon bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.