00:17 / 14.11.2020
1 398

Xon saroyi, masjid, qamoqxona va maktab — Qarshidagi bir obida tarixi

Xon saroyi, masjid, qamoqxona va maktab — Qarshidagi bir obida tarixi
Foto: Xabar.uz
Navtak, Yevkratideya, Naxshab, Nasaf, Qarshi...

Qashqadaryo sohilida joylashgan bu shahar 2700 yillik tarixi davomida nimalar ko‘rmadi — so‘g‘dlar asos soldi, yunonlaru arablardan tortib, mo‘g‘ullargacha bosib oldi. Vayron qilindi, buzildi, yoqildi — u esa kultepalar aro yana bosh ko‘tarib chiqaverdi.

Shahar markazidagi «Odina» masjidining qismati ham shahar tarixiga juda o‘xshaydi...

Bu yerda bir vaqtlar, XIV asrning boshlarida mo‘g‘ul xoni Kebekxon tomonidan saroy qurilgan. Aslini olsangiz, Qarshi shahrining nomi ham o‘sha «saroy»dan olinadi — mo‘g‘ul tilida «qarshi» so‘zi saroy ma’nosini bildirardi.

Keyinchalik, oradan bir asr o‘tgach shayboniylar avlodining buyuk vakili Abdullaxon II shu joyda masjid qurdi. Masjidda o‘tgan asrning 30-yillariga qadar ham namoz o‘qildi, juma ibodatlari ado qilindi. Aynan o‘sha davrga kelib sho‘rolarning zulmi oshgandan oshadi va masjid eshigiga qulf osildi.

Shundan so‘ng masjid tarixida qora kunlar boshlandi. Bir muddat omborxona vazifasini o‘tadi, keyin esa qamoqxonaga aylantirildi. Mustaqillik yillarida qamoqxona boshqa joyga ko‘chirildi, ammo tarixiy obidaga e’tibor juda kuchli bo‘ldi, deb aytish qiyin. Moddiy-madaniy meros ob’ekti sifatida ro‘yxatga olindiyu, boshqa ish qilinmadi.

Hammasi 2019 yilning 27 dekabrida o‘zgarib ketdi. Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tadbirda yoshlar tomonidan Qashqadaryoda zargarlar maktabini ochish taklifi berildi. Prezident bu taklifni qo‘llab-quvvatladi va milliy zargarlik maktabini ochish haqida topshiriq berdi. Yaqinda maktabning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu yerda nafaqat zargarlar, balki hunarmandchilikning turli sohalarini ko‘rish mumkin.

Yana bir e’tiborli tomoni — 2018 yilning sentabr oyida Shahrisabzda maqom festivali bo‘lib o‘tgan edi. Kuzatishlarga ko‘ra, shundan so‘ng Qashqadaryoga turistlar tashrifi to‘rt barobarga oshdi. Bu esa hunarmandchilik rivojiga ham katta turtki bo‘lib xizmat qildi.

Dilnoza To‘rayeva — majmuada faoliyat yuritayotgan hunarmandlardan biri. U tikkan kashtalar sayyohlar orasida juda mashhur. Ammo yaqingacha ham mahsulotini Xorazmga olib borib sotishga majbur bo‘lardi. Chunki sayyohlar uchun asosiy marshrut Samarqand-Buxoro-Xiva yo‘nalishida cheklanib qolgandi.

— Maqom festivali jonimizga oro kirdi, avval Xorazmga qatnashga majbur bo‘lardik. Endi tikkanimiz o‘zimizda sotilib ketyapti, — deydi Dilnoza To‘rayeva.

U gapga juda chechan, o‘zi bo‘ladimi, 5 yoshidan sayyohlar orasida yuradi. Hunarni ham, marketing yuritishni ham onasi Saodat Nizomovadan o‘rgangan. Dilnoza beshta tilda savdo qila oladi — italiyalik kelsa italyancha, fransuz bilan fransuzcha, ingliz bilan inglizcha, nemis bilan nemischa va yapon bilan yapon tilida suhbatlashadi.

— Har qanday odam o‘z ona-tilini eshitsa yayrab, erib ketadi. Ayniqsa chet elda yurganida. Cho‘ntagidagi pulini chiqarganini bilmay qoladi, — deydi kulib Dilnoza To‘rayeva. — Agar sayyohlar do‘konimga kirsayu, hech narsa olmay chiqib ketsa, xuddi mening pulimni olib chiqib ketayotgandek tuyuladi. Shuning uchun har biriga shirin muomala qilaman, ishimni chiroyli qilib ko‘rsataman.

Hozirda Dilnoza To‘rayevaning bir maqsadi bor — kashtachilikda rosa asqotadigan kanava matosini o‘zimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish. Hozir bu mato Xitoydan keltirilmoqda. Agar uni o‘zimizda chiqarib boshlasak bormi...

Qarshi shahriga kelganingizda «Odina» masjidiga ham bir kirib o‘tib keting. Shu yerda o‘tganlar haqqiga duo qiling, hunarmandlarning ajoyib mehnatidan bahra oling. Afsuslanmaysiz...
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)