Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oliygohlar bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilish boshlandi.
Oxirgi 7 yilda oliy ta’limda qabul 4,5 barobar oshib, qamrov 42 foizga yetgan bo‘lsada, kadrlar tayyorlash tizimi real ehtiyojga mos emasligi qayd etildi. Misol uchun, yiliga 20 ming avtomobil chiqarayotgan BYD zavodida 100 ta bo‘sh ish o‘rni bor. Shuning to‘rtdan biri – robototexnika va bo‘yoqlash, robotlarni dasturlash muhandislari.
Zavodda kadr yetishmayotgani uchun xorijdan 80 nafar mutaxassis kelib ishlamoqda. Zavod 4-5 yilda to‘liq quvvatga o‘tib, yiliga 500 ming avtomobil chiqarishni boshlasa, 4 ming nafar oliy malakali kadrlar kerak bo‘ladi.
«Bu – bitta loyiha bo‘yicha hisob-kitoblar. Yaqin 3-4 yilda ishga tushadigan 83 milliard dollarlik yirik loyihalar hisobiga sanoatni o‘zida 500 mingga yaqin kadr zarur», - dedi davlat rahbari.
Yig‘ilishda oliygohlar tayyorlayotgan kadrlar bilan ish beruvchilarning talabi o‘rtasida farq katta ekani ko‘rsatib o‘tildi. Misol uchun, yengil sanoatning o‘zida 4 ming nafar oliy toifali kadrlarga ehtiyoj bor.
Bu yo‘nalishda yiliga o‘rtacha 2,5 ming talaba bitirgani bilan, ular korxonalardagi zamonaviy uskunalarda ishlashni bilmagani uchun 42 foizi ishga joylasha olmayapti. Oqibatda tadbirkorlar chetdan tayyor mutaxassis jalb qilishga majbur bo‘lmoqda.
Davlat rahbari ishga joylashishni hisob-kitob qilishdagi kamchiliklarni tanqid qildi. Bu yilgi 231 ming oliygoh bitiruvchisidan 125 mingi ish topdi, deb hisobot berilayotgani bilan ishli bo‘lganlarning 42 mingi o‘zini o‘zi band qilgani aniqlangan.
Har bir talabani oliygohda o‘qitib, mutaxassis qilib tayyorlash uchun davlat yiliga 25-30 million so‘m sarflamoqda. Lekin, to‘rt yil oliygohda o‘qib, diplom olgan yoshlarning yarmidan ko‘pi kam malaka talab etadigan ishlarda band.
Qirqta oliygohga moliyaviy mustaqillik berilgani bugun o‘z samarasini bergani ta’kidlandi. Masalan, iqtisodiyot, yuridik, tibbiyot, tillar va pedagogika yo‘nalishidagi oliygohlarning yetarli mablag‘i bor. Lekin eng dolzarb bo‘lib turgan qishloq xo‘jaligi, veterinariya, muhandislik, aniq va tabiiy fanlar (STEM) yo‘nalishidagi ayrim oliygohlar daromad topishga o‘rganmayotgani, yoshlar uchun jozibador emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Prezident “tarmoq-korxona-oliygoh” zanjirini yo‘lga qo‘yishni jadallashtirish zarurligi qayd etdi. Bu borada 25 ta muhandislik oliygohi hamkor korxonalarda 438 ta kafedra ochdi. Masalan, neft-gaz tarmog‘i ta’lim-ishlab chiqarish klasterlarini tashkil qildi. Buxoro texnika universiteti esa neft-gazdan tashqari yana 10 ta korxonada 20 ta kafedra filiali faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.
Buxoro viloyatida yaqin yillarda yirik gaz-kimyo majmuasi ishga tushishi kutilmoqda. Xorijiy kompaniyalar tomonidan Ustyurtdagi yangi loyihalar bo‘yicha ishlar boshlangan.
Prezident bu quvvatlarga mutaxassislar qayerda tayyorlanadi, ilmiy izlanishlar kim tomonidan olib boriladi, degan savollarga hozirdan javob topish kerakligini ta’kidladi.
Endilikda qiymati 1 million dollardan, ishchilar soni 50 tadan yuqori loyihalar texnik-iqtisodiy asosida sohalar va yo‘nalishlar kesimida mutaxassislarga ehtiyoj ko‘rsatiladi. Bu asosda mas’ul vazir va tarmoq rahbari oliygohlarga buyurtma joylashtirib, kadrlarni maqsadli tayyorlashni yo‘lga qo‘yadi.
Bunda rektorlar buyurtma asosida o‘qiyotgan talabalar uchun asosiy fanlardan tashqari qo‘shimcha ta’lim modullarini joriy qiladi. Ushbu modullarni o‘qigan talabalarga kredit ballari beriladi.
Talabalarning bilimi ikkinchi kursdan keyin ularni ishga olmoqchi bo‘lgan investor ishtirokida har yili baholab boriladi. Talaba diplom ishini loyihada qo‘yilgan masalalardan kelib chiqib, himoya qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, investor ehtiyojiga mos kelgan bitiruvchilar u tomonidan kafolatli ishga olinadigan tizim bo‘ladi.
Prezident: Oliygohlar tayyorlayotgan kadrlar bilan ish beruvchilar talabi o‘rtasida farq katta
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar