Oksford universiteti jahon ilm-fan markazlaridan biri sifatida yana bir muhim qadamni amalga oshirdi — endilikda bu mashhur dargohda o‘zbek va eski o‘zbek tillari o‘rganiladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.
Uning ta’kidicha, Oksford universitetining “Osiyo va Yaqin Sharq tadqiqotlari” fakulteti o‘z dasturlariga o‘zbek tilini qo‘shish orqali mamlakatimiz madaniy merosiga bo‘lgan chuqur hurmat va qiziqishni namoyon etgan.
Saida Mirziyoyeva shuningdek, universitet rahbariyati tomonidan o‘z faoliyati uchun taqdim etilgan mukofotni qabul qilganidan mamnunligini bildirdi.
“Bu mukofot — O‘zbekistonda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va ularning imkoniyatlarini kengaytirish yo‘lida prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarga berilayotgan yuksak bahodir”, — dedi u.
Mirziyoyeva tashrif doirasida Oksfordning ilmiy xazinasi sanalgan Bodlian kutubxonasi bilan ham tanishdi. Ushbu kutubxonada jahon madaniyatining noyob durdonalari — Mirzo Ulug‘bekning “Ziji Ko‘ragoniy” asari, Alisher Navoiyning “Xamsa”si, Husayn Boyqaroning “Devoni Husayniy” to‘plami, shuningdek, Boburiylar davriga oid miniatyuralar saqlanayotgani ma’lum qilindi.
“Bu joyda saqlanayotgan har bir kitob — nafaqat ilm, balki tarix va madaniyat olamining jonli guvohidir. O‘zbek madaniy merosining bunday nufuzli ilmiy markazda o‘rganilishi yurtimiz nufuzini yanada oshiradi”, — deya ta’kidladi Saida Mirziyoyeva.
Shunday qilib, Oksford universitetida o‘zbek tilining o‘qitilishi nafaqat til, balki millat madaniyati, adabiyoti va tarixini dunyo miqyosida kengroq tanitish sari tashlangan muhim qadam sifatida baholanmoqda.