
O‘zbekistonda sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasiga qariyb $2 milliard investitsiya jalb qilindi. IT-xizmatlar eksporti 4,5 barobar oshib, $1 milliardga yaqinlashdi.
Ushbu ma’lumotlar Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etgan sun’iy intellekt forumi davomida e’lon qilindi. IT-mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalari soni qariyb uch barobar oshib, 145 taga yetdi, talabalarning umumiy soni esa 80 mingdan oshdi.
“Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 2 milliondan ortiq yoshlar o‘z malakasini oshirdi. Yurt bo‘ylab 20 mingdan ortiq informatika o‘qituvchisi Massachusets texnologiya instituti (MIT) bilan hamkorlikda tashkil etilgan Yangi O‘zbekiston universitetidagi intensiv kurslarda ishtirok etmoqda.
Tibbiyot sohasida raqamli diagnostika 50 mingdan ortiq kasallik sabablarini aniq aniqlashga yordam berdi va bemorlarga xizmat ko‘rsatish vaqtini 5–7 barobar qisqartirdi. Qoraqalpog‘istonda mammografik tasvirlarning 70 foizi mahalliy sun’iy intellekt platformasi tomonidan tahlil qilinmoqda.
Natijalarning 98 foizi shifokorlar tomonidan tasdiqlanmoqda, tashxis qo‘yish muddati esa ikki soatgacha qisqardi. Texnologik startaplar soni 10 barobar oshgan bo‘lib, $300 million investitsiya jalb qilindi.
Shuningdek, Saudiya Arabistoni bilan hamkorlikda qiymati $3 milliard bo‘lgan birinchi “yashil” ma’lumotlar markazini qurish ishlari boshlandi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.