“Yer go‘zali 2025” tanlovida qatnashish o‘zbekistonlik qizga qimmatga tushdi

Toshkent shahrida davlat ramzlariga nisbatan hurmatsizlikka oid ish bo‘yicha ma’muriy qaror chiqarildi. Kun.uz sud hujjatlari bilan tanishgan holda ma’lum qilishicha, huquqbuzarlik uchun 2004 yil Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan fuqaro Sh. ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Sud qarorida qayd etilishicha, Sh. 2025 yil 28 oktyabr kuni Filippinning Manila shahrida bo‘lib o‘tgan “Yer go‘zali 2025” ko‘rik-tanlovida ishtirok etgan. U mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i hamda gerbi tasvirlangan libosda ko‘rinish bergan va shu libosda tushgan suratini ijtimoiy tarmoqdagi shaxsiy sahifasiga joylashtirgan.
Sud jarayonida qiz aybini qisman tan olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, libosni davlat bayrog‘i va gerbidan ilhomlanib tiktirgan, biroq unda bayroqdagi ramzlar — yarim oy va 12 yulduz aks etmagan. Shu bilan birga, ranglar ketma-ketligi davlat bayrog‘ini eslatishi mumkinligini inkor etmagan va suddan yengillik berishni so‘ragan.
Yakunda JIB Mirobod tuman sudining 2026 yil 19 yanvardagi qarori bilan Sh. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 203-1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik — davlat ramzlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzishda aybli deb topildi. Unga BHMning 2 baravari miqdorida, ya’ni 824 ming so‘m jarima tayinlandi (BHM 412 000 so‘m).
Bu voqea yana bir bor eslatyapti: ijod ham, “milliy ruh” ham qonun bilan kelishgan holda chiqsa — ham chiroyli, ham xavfsiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!