Kredit byurosi faqat birinchi so‘rovga javob beradigan bo‘ldi

21 yanvar kuni kredit va to‘lov tashkilotlari hamda to‘lov tizimi operatorlari jismoniy shaxslarga masofadan moliyaviy xizmat ko‘rsatishda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni ta’minlash, shuningdek firibgarlik holatlarini oldini olish bo‘yicha minimal talablarni belgilovchi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Mazkur hujjat onlayn kredit ajratish tartibini yanada qat’iylashtirishni nazarda tutadi.
Nizomga muvofiq, onlayn kredit olish uchun ariza yuborilganda kredit tashkiloti avvalo foydalanuvchi ma’lumotlarini kredit bitimini tuzish taqiqlangan shaxslar reyestri orqali tekshiradi. Agar ariza beruvchining ma’lumotlari reyestrda aniqlanmasa, onlayn kreditni rasmiylashtirish jarayoni belgilangan tartibda davom ettiriladi.
Yana bir talabga ko‘ra, bitta JSHSHIR bo‘yicha bir vaqtning o‘zida bir nechta kredit tashkiloti so‘rov yuborgan taqdirda kredit byurosi faqat birinchi kelib tushgan so‘rovga javob beradi. Agar birinchi so‘rov yuborgan tashkilot ushbu JSHSHIR bo‘yicha onlayn kredit rasmiylashtirilganini tasdiqlasa, kredit byurosi boshqa kredit tashkilotlariga shu JSHSHIR bo‘yicha 24 soat davomida so‘rovlar qabul qilinmasligi haqida axborot beradi.