Sun’iy intellekt orqali shaxsiy ma’lumot suiiste’moliga jazo kuchaydi

O‘zbekistonda shaxsga doir ma’lumotlarga sun’iy intellekt yordamida qonunga xilof ishlov berish va uni ommaga tarqatish uchun ma’muriy javobgarlik qat’iylashtirildi. Endi bunday holat aniqlansa, huquqbuzarlik sodir etishda foydalanilgan “qurol” — ya’ni telefon, kompyuter, server, tashuvchi yoki boshqa texnika vositalari musodara qilinishi, shuning o‘zi bilan birga yirik miqdorda jarima qo‘llanishi mumkin.
Qonun bilan «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi Qonunga qator qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi. Ular, bir tomondan, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishning umumiy asoslarini belgilashga, ikkinchi tomondan esa mazkur yo‘nalishda vakolatli davlat organining vazifa va vakolatlarini aniqlashtirishga qaratilgan.
Yana bir muhim nuqta — qonunda sun’iy intellekt tushunchasiga aniq ta’rif berildi: u inson bilim va ko‘nikmalariga taqlid qilish, mustaqil o‘rganish, yechim izlash va aniq vazifalarni bajarishda inson aqliy faoliyati natijalariga yaqin natija bera oladigan texnologik yechimlar majmuasi sifatida ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, inson huquq va erkinliklariga daxl qiladigan yuridik ahamiyatga ega qarorlarda faqat sun’iy intellekt asosida ishlaydigan axborot tizimlari xulosasiga tayanib ketish mumkin emasligi ham alohida qayd etildi.
Eng ko‘p muhokama bo‘layotgan qism esa ma’muriy javobgarlik: sun’iy intellektdan foydalangan holda shaxsga doir ma’lumotlarga qonunga xilof ishlov berish, shuningdek, ularni OAV, telekommunikatsiya tarmoqlari yoki Internet orqali tarqatish uchun huquqbuzarlik vositasini musodara qilish bilan birga BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha jarima solish belgilandi (hisob-kitobga ko‘ra, 41,2 mln so‘mgacha).
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirgani aytilmoqda. Demak, bu masalada “keyin ko‘ramiz” degan gap yo‘q: shaxsiy ma’lumot bilan ishlaydiganlar — ayniqsa kontent, reklama, SMM, media va IT sohasidagilar — hozirning o‘zidayoq ma’lumotni yig‘ish, saqlash, qayta ishlash va tarqatishda qonun talablarini qayta tekshirib olishi kerak.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!