O‘zbekistonning 2017—2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi jamoatchilik muhokamalariga bag‘ishlangan yanvardagi media-haftalik vaqtida Markaziy bank vakillari tomonidan naqd pul muammosini bartaraf etish bo‘yicha turli tashabbuslar e’lon qilindi. Xususan, Markaziy bank pul muomalasi departamenti xodimi Faxriddin Boboyev 2017 yilda mamlakat bo‘ylab 1000 ta bankomat o‘rnatilishi, respublikadagi «barcha savdo va xizmat ko‘rsatish punktlari terminallar bilan tez orada jihozlanishi»ni aytib o‘tdi, deb yozadi Sof.uz.
«Shunda naqd pul olish borasida shov-shuvlar yuzaga kelmaydi», — dedi Faxriddin Boboyev. 2 fevral kuni esa O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev pensiyalarni to‘liq, stipendiyalarning esa kamida yarmini naqd shaklda berishni nazarda tutuvchi qarorni qabul qildi. Qarorda «Prezident Virtual qabulxonasiga ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar o‘z vaqtida to‘lanmayotgani, to‘lov terminallari va bank apparatlari tizimi etarli darajada rivojlanmagan holda to‘lovlar plastik kartochkalarga asossiz ravishda o‘tkazilayotgani to‘g‘risida ko‘plab murojaatlar kelib tushayotgani» alohida ko‘rsatib o‘tilgan edi.
Prezidentning shov-shuvlarga sabab bo‘lgan qarori, bank tizimi xodimlarining balandparvoz tashabbuslari naqd pul muammosi haqiqatan ham mavjudligi va dolzarbligini ochiq ko‘rsatdi. Bu shov-shuvlar atrofidagi muhokamalar esa tinayotgani yo‘q. Jumladan, «Diydor aziz» nashrida ismi oshkor etilmagan «Xolis tadqiqotchi»ning e’tiborga molik maqolasi e’lon qilindi. U muammoning o‘zini, kelib chiqish sabablari va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni alohida sanab chiqqan.
Muammo
Bugungi kunda O‘zbekistonda naqd pulning to‘lov qobiliyati (u yoki bu tovar yoki xizmatlarni sotib olish imkoniyati) naqd bo‘lmagan pul — korxonalarning yoki fuqarolar bank hisobvaraqlaridagi/plastik kartalardagi mablag‘lariga nisbatan yuqoriroq; «xolis tadqiqotchi»ning qayd etishicha, «o‘rta hisobda bu tafovut 15—30 foizni tashkil qiladi».
«Shunday ekan, har qanday holatda, har qanday savdo munosabatlarida naqd pul naqdsiz pulga nisbatan ustuvorroq, kuchliroq va, demak, ma’qulroq deb qaralmoqda», — deb yozadi «xolis tadqiqotchi».
Muammoning sabablari
«Xolis tadqiqotchi» muammoning sabablarini fuqarolar va tadbirkorlar uchun alohida-alohida ko‘rib chiqishni taklif qiladi. Xo‘sh, fuqarolar nima uchun naqdsiz puldan ko‘ra naqd pulni ma’qul ko‘radi?
1. Turli tovarlar, ayniqsa, maishiy texnika, mebel kabi qimmatbaho tovarlarni naqd pulga arzonroq sotib olish mumkin (holat javobi — sabablarning tadbirkorlar bilan bog‘liq qismida).
2. Jamg‘armalarni saqlash uchun, «xolis tadqiqotchi»ning fikricha, eng maqbul va deyarli yagona yo‘l — milliy valyuta (so‘m)ni erkin konvertasiya qilinadigan valyuta (dollar, evro va h.k.)ga ayirboshlash bo‘lib qolgan. «Chunki valyutani saqlash oson — hajmi kichik, zarur vaqtda darhol to‘lov uchun foydalansa bo‘ladi, eng asosiysi, valyuta kursining oydan-oyga, yildan yilga oshib borishi jamg‘armalarni inflyasiyadan qisman bo‘lsa-da saqlash imkonini beradi», — deb yozadi «xolis tadqiqotchi».
«Diydor aziz» muallifining alohida qayd etishicha, «o‘ta yuqori foizli bank omonatlari ham, yana o‘sha naqdlashtirish muammosining mavjudligi, pulni bankdan qaytarib olishda uning 15—20 foizini yo‘qotish xavfli tufayli, valyutaga nisbatan raqobatga chidamaydi».
Darhaqiqat, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning virtual qabulxonasiga tushgan bir necha yuz minglab shikoyatlarning etarlicha katta qismini bankka omonatga, so‘ng uni naqd ko‘rinishda qaytarib ololmaslik holatlari tashkil etadi.
Savdo aylanmasi millionlab, milliardlab so‘mni tashkil etadigan tadbirkorlar-chi, ular nima uchun naqd pulni ma’qul ko‘radi? Axir shuncha naqd pulni tashishdan ko‘ra, uni bank orqali o‘tkazgan maqbul emasmi? «Xolis tadqiqotchi» yana tushuntiradi:
1. Turli tovarlar, ayniqsa, xalq iste’moli mollari, shuningdek, xom ashyo, uskunalar, ehtiyot qismlar va boshqa zarur tovarlarni import qilish uchun chet el valyutasini «qora bozor»dan sotib olishga majbur. Sababi — davlat kursidagi chet el valyutasi tanqis, «bozor kursi»da esa valyutani sotib olishning qonuniy asoslari yo‘qligi uchun tadbirkor valyutani «qora bozor»dan faqat naqd pulga sotib olishga majbur.
«Shuning uchun nafaqat savdo sohasi, hatto ishlab chiqarish sohasida ham naqd pul tushumlarini tashkil qilishga katta e’tibor qaratiladi. Bu e’tibor, o‘z navbatida, xaridor (vositachilar, do‘konlar va aholi) uchun naqd pul to‘lovi vaqtida qo‘shimcha imtiyozlarni keltirib chiqaradi (sabablarning fuqarolar uchun mo‘ljallangan qismidagi birinchi band javobi).
2. Sotilayotgan tovarlarning muayyan miqdorini tegishli tartibda soliq va bojxona hisobidan o‘tkazmay, noqonuniy sotish holatlari («soyaki iqtisodiyot»). «Bunday tovarlar uchun to‘lov faqat naqd ko‘rinishda amalga oshirilishi mumkin», — deb yozadi «xolis tadqiqotchi».
3. Turli tekshiruvchi va boshqa mutasaddi tashkilot vakillari bilan «muomala qilish» uchun naqd pul kerak.
Sabablarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar
Fuqarolar tomonidan naqdga pulga ehtiyojni kamaytirish uchun mana shu ikki sababni bartaraf etish lozim:
— sotuvchilar tomonidan naqd pulga moyillikni bartaraf qilish orqali savdo munosabatlarida naqd va naqdsiz to‘lovlarning haqiqiy tengligi uchun iqtisodiy asos yaratish (ma’muriy choralar necha yildirki naf bermayapti);
— aholi jamg‘armalari uchun chet el valyutasidan boshqa, naqdlashtirish muammosidan xoli yangi instrumentlar yaratish (masalan, qimmatbaho metallar, obligasiyalar va h.k.).
Tadbirkorlar tomonidan naqd pulga ehtiyojni kamaytirish uchun mana shu uch sababni bartaraf etish lozim deb ta’kidlaydi «Diydor aziz»ning «Xolis tadqiqotchi»si:
— yuridik shaxslar va xususiy tadbirkorlar uchun chet el valyutasini erkin kursda, bankdan pul o‘tkazish yo‘li bilan sotib olish imkoniyatini yaratish (bu yo‘nalishda muayyan ishlar boshlangani haqida xabarlar mavjud);
— «soyaki iqtisodiyot», ya’ni, hisobga olinmagan tovarlar savdosi hajmini kamaytirish yo‘lida ham ma’muriy, ham iqtisodiy choralar ko‘rish;
— korrupsiyaga qarshi kurash, «muomala»larga barham berish.
«Diydor aziz» muallifining alohida qayd etishicha, shu vazifalarni kompleks ravishda hal etmasdan turib, naqd va naqdsiz pullar o‘rtasidagi tafovut va shu tafovutga asoslangan muammoni hal qilib bo‘lmaydi.
Bank kassasida naqd pul bo‘lmasa, bankomat o‘rnatgan bilan nima foyda? Tadbirkor terminaldan to‘lov o‘tkazishda manfaatdor bo‘lmasa, terminalni unga tekinga bersangiz ham befoyda, demak, ijara narxini kamaytirgan bilan hech narsa o‘zgarmaydi.
Prezidentimiz o‘z ma’ruzalarida ta’kidlaganlaridek, yangi qonunlar, normativ hujjatlar yaratilayotganda ularning sifatiga ko‘proq e’tibor berilsa — yuzma-yuzaki populistik choralar emas, masalani chuqurroq o‘rganish natijasida muammoning negizini tugatishga intilinsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
Metabolizm sekinlashganining belgilari