May oyida oʻzbekistonliklar necha kun dam oladi?

Oʻzbekistonda may oyida Xotira va qadrlash kuni hamda Qurbon hayiti munosabati bilan qoʻshimcha dam olish kunlari belgilanadi. Ayniqsa, hayit bayrami tufayli ketma-ket 5 kun hordiq chiqarish imkoniyati yuzaga kelishi mumkin.
2026 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qoʻshimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash hamda dam olish kunlarini koʻchirishga oid prezident farmoniga koʻra, joriy yil 9 may shanba kuniga toʻgʻri kelgani sababli ushbu dam olish kuni 11 may, dushanbaga koʻchirilgan.
Shunga muvofiq, quyidagi kunlar dam olish sifatida belgilangan:
- 9 may, shanba — odatiy dam olish kuni;
- 10 may, yakshanba — odatiy dam olish kuni;
- 11 may, dushanba — bayram munosabati bilan koʻchirilgan dam olish kuni.
Natijada, haftasiga 5 kun ishlaydigan xodimlar ketma-ket 3 kun, 6 kunlik ish tartibida ishlaydiganlar esa 2 kun uzluksiz dam olish imkoniga ega boʻladi. Shuningdek, mazkur farmonga asosan ish haftasi turidan qatʼi nazar barcha xodimlar uchun 28 may, payshanba va 29 may, juma kunlari qoʻshimcha dam olish kunlari sifatida belgilangan. 6 kunlik ish haftasida faoliyat yurituvchilar uchun esa 30 may, shanba ham dam olish kuni hisoblanadi.
Agar Qurbon hayiti 27 may sanasiga toʻgʻri kelsa (sanasi bir kun farq qilishi mumkin), yakshanba ham dam olish kuniga toʻgʻri kelishini hisobga olganda, oʻzbekistonliklar 27–31 may kunlari oraligʻida ketma-ket 5 kun dam olishlari mumkin boʻladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!