Rafiqasi bilan janozada tanishgan, “Yomon qiz” bilan yulduzga aylangan Imron 36 yoshda

“Yomon qiz” xiti orqali keng ommaga tanilgan, muxlislari tomonidan “ishq kuychisi” deya ta’riflanadigan xonanda Imron 5-may kuni 36 yoshni qarshi oldi. Shu munosabat bilan san’atkorning hayot yo‘li va ijodiy faoliyatiga qisqacha nazar tashlaymiz.
Asli ismi Oybek To‘xtayev bo‘lgan Imron 1990-yil Buxoro viloyatining Kogon tumanida tavallud topgan. Uning aytishicha, san’atga bo‘lgan mehr onasidan meros bo‘lgan. Onasi yoshligida sahnaga qiziqqan bo‘lsa-da, oila sharoiti tufayli bu orzusini amalga oshira olmagan. Shu orzularni Imron davom ettirgan.

Xonandaning bolaligi oson kechmagan. U 11–12 yoshlaridayoq oilasi bilan birga musofirchilikda qurilishda ishlab, mehnatning og‘irini boshidan kechirgan. Shu bois bugungi muvaffaqiyati ortida katta sabr va mehnat yotganini ta’kidlaydi.
Imron 2008–2013-yillarda O‘zbekiston davlat konservatoriyasida tahsil olgan. U 2008-yildan boshlab ijodini boshlagan bo‘lsa-da, haqiqiy mashhurlikka 2019-yilda chiqqan “Yomon qiz” qo‘shig‘i orqali erishdi. Ushbu qo‘shiq qisqa vaqt ichida hitga aylanib, xonandaning nomini keng ommaga tanitdi.
Qo‘shiq tarixi ham qiziq. Asar ilk bor eronlik xonanda tomonidan ijro etilgan bo‘lib, Imron uni qayta ishlab, yangi nafas bag‘ishladi. She’r muallifi Jo‘rabek Ramazonov ekani ma’lum bo‘lib, qo‘shiq ommalashgach, uning yaqinlari ham minnatdorchilik bildirgan.

Imronning aktrisa Durdona Qurbonova bilan ijodiy hamkorligi ham ko‘plab gap-so‘zlarga sabab bo‘lgan. Ular bir necha kliplarda birga ishtirok etib, muxlislar orasida “real juftlik” sifatida qabul qilingan. Ammo har ikkisi ham bu faqat ijodiy tandem ekanini ta’kidlab keladi.

Xonandaning shaxsiy hayoti ham muxlislar uchun qiziq mavzulardan biri. U 2021-yilda turmush qurgan. Qizig‘i shundaki, u bo‘lajak rafiqasi bilan janoza marosimida tanishgan. Keyinchalik ikki yarim yil kutib, sevgan qiziga uylangan.
Imronning ta’kidlashicha, u rafiqasini chin dildan yaxshi ko‘rib, sabr bilan kutib turmush qurgan. Hozirda san’atkor nafaqat ijodda, balki shaxsiy hayotida ham baxtli insonlar qatorida.