Senat islomiy bank xizmatlarini joriy etishga yo‘l ochdi

Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida mamlakat moliya tizimi uchun yangi sahifa ochishi mumkin bo‘lgan muhim qonun muhokama qilindi. Gap «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun haqida bormoqda.
Ta’kidlanganidek, bugun moliyaviy xizmatlar qamrovini kengaytirish, aholi va biznes uchun yanada qulay va turfa bank mahsulotlarini taklif qilish zarurati tobora kuchaymoqda. Ayniqsa, xalqaro islomiy moliya standartlariga mos keladigan muqobil xizmatlar bozorda talabga ega ekani qayd etildi. Shu ehtiyojdan kelib chiqib, mazkur Qonun bilan 2 ta kodeks hamda 7 ta qonunga islomiy bank faoliyatining huquqiy asoslarini belgilaydigan yangi normalar kiritilmoqda.
Eng asosiy yangiliklardan biri — islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi alohida litsenziya turi joriy etilishi. Unga muvofiq, banklar endi ikki xil yo‘ldan birini tanlashi mumkin bo‘ladi: to‘liq islomiy bank modelida ishlash yoki bir vaqtning o‘zida ham an’anaviy, ham islomiy bank xizmatlarini parallel tarzda yo‘lga qo‘yish. Bu esa bozorda raqobatni kuchaytirishi va mijoz tanlovini kengaytirishi kutilmoqda.
Shuningdek, islomiy moliya masalalarini muvofiqlashtirish uchun Markaziy bankda, shuningdek, islomiy bank faoliyatini amalga oshiradigan banklarda islomiy moliya kengashini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ushbu kengash faoliyatiga doir talablar ham aniq belgilab qo‘yilayapti. Ya’ni, tizim “o‘z yo‘liga tushib ketadi” deb qoldirilmaydi — uning qoidalari va nazorat mexanizmi ham birga shakllantirilmoqda.
Yana bir katta o‘zgarish soliq yo‘nalishida ko‘rindi. Islomiy moliya operatsiyalarining o‘ziga xos jihatlari inobatga olinib, Soliq kodeksiga alohida bob kiritilyapti. Unga ko‘ra, islomiy moliya faoliyatidan olingan daromadlar soliq solish maqsadlarida foizli daromadlarga tenglashtiriladi. Shu bilan birga, banklar va mikromoliya tashkilotlari tomonidan mijozga realizatsiya qilinadigan tovarlarga qo‘yiladigan ustama qiymati qo‘shimcha qiymat solig‘idan (QQS) ozod qilinadi. Bu esa operatsiyalarni “soliqda ikki marta urib ketadigan” holatlarning oldini olishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Senatorlar fikricha, mazkur Qonun aholi va tadbirkorlar uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi, bozorda raqobat muhitini yaxshilaydi, shuningdek, bank-moliya sohasiga yangi strategik investorlarni jalb qilishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida Senat Qonunni ma’qulladi. Demak, endilikda islomiy bank xizmatlari bo‘yicha huquqiy maydon shakllanyapti — bu esa moliya bozorida “yangi o‘yinchi va yangi qoida”lar degani.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!