date

Sel xavfi kuchaymoqda: O‘zgidromet favqulodda ogohlantirish e’lon qildi

Sel xavfi kuchaymoqda: O‘zgidromet favqulodda ogohlantirish e’lon qildi
Foto: Yandex

Joriy yilning 8–12 may kunlari davomida respublika hududlarida kutilayotgan yog‘ingarchiliklar sababli ayrim hududlarda sel va suv toshqinlari yuzaga kelishi ehtimoli mavjud. Bu haqda O‘zgidromet tomonidan tezkor ogohlantirish e’lon qilindi.

Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, ayniqsa tog‘oldi va tog‘li hududlarda suv oqimlari keskin ortishi, natijada sel kelishi xavfi yuqori baholanmoqda. Shu bois ushbu hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar hamda dam olish maqsadida borayotganlar ehtiyot choralarini ko‘rishlari lozim.

Xususan, quyidagi hududlarda sel-suv toshqinlari ehtimoli yuqori:

  • Qashqadaryo viloyatida — Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi, G‘uzor tumanlarida;
  • Surxondaryo viloyatida — Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Muzrobot tumanlarida;
  • Samarqand viloyatida — Urgut, Samarqand, Bulung‘ur, Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Jomboy, Ishtixon tumanlarida;
  • Navoiy viloyatida — Xatirchi, Navbahor, Nurota, Konimex, Karmana tumanlarida;
  • Jizzax viloyatida — Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Forish, Yangiobod tumanlarida;
  • Toshkent viloyatida — Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rtachirchiq, Yuqorichirchiq tumanlarida hamda Angren va Olmaliq shaharlarida;
  • Namangan viloyatida — Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan, Yangiqo‘rg‘on tumanlarida;
  • Farg‘ona viloyatida — So‘x, Shohimardon, Farg‘ona, Beshariq tumanlarida;
  • Andijon viloyatida — Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlarida hamda Xonabod shahrida.

Shuningdek, ayrim hududlarda kuchli yomg‘irlar natijasida suv to‘planishi, yo‘llar va aholi yashash joylarini suv bosishi ehtimoli ham mavjud.

Mutasaddilar tog‘li hududlarda harakatlanuvchi haydovchilarni, sayyohlar va mahalliy aholini hushyor bo‘lishga, zarur xavfsizlik choralarini ko‘rishga chaqirmoqda. Noqulay ob-havo sharoitida ortiqcha xavf tug‘diruvchi safarlardan tiyilish tavsiya etiladi.

Eslatib o‘tamiz, bunday ob-havo sharoitida kichik daryo va soylar sathi tez ko‘tarilishi mumkin. Shu sababli aholiga rasmiy ogohlantirishlarga amal qilish va ehtiyotkorlikni kuchaytirish tavsiya etiladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Sel xavfi kuchaymoqda: O‘zgidromet favqulodda ogohlantirish e’lon qildi