Jamoat transportlari Ramazon hayiti kuni bir soat oldin ishlaydi

2026 yil 20 mart, juma kuni Ramazon hayiti munosabati bilan Toshkentda jamoat transporti odatdagidan bir soat oldin — soat 04:00 dan ish boshlaydi. Bu haqida “Toshshahartanshizmat” ma’lum qildi.
Qaror hayit namozida ishtirok etishni rejalashtirayotgan fuqarolar uchun qulaylik yaratish maqsadida qabul qilingan. Shu munosabat bilan avtobuslar va metro poyezdlari ertalabdan yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi.
“Toshkent metropoliteni” ma’lumotiga ko‘ra, metro poyezdlari ham soat 04:00 dan harakatni boshlaydi. Shuningdek, 20—21 mart kunlari qatnovlar shanba kuniga mo‘ljallangan jadval asosida tashkil etiladi. 22—23 mart kunlari esa poyezdlar yakshanba kuni jadvali bo‘yicha harakat qiladi. Yo‘lovchilardan ushbu o‘zgarishlarni hisobga olgan holda harakatni oldindan rejalashtirish so‘ralgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 mart kuni “Muborak Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida” qarorni imzolagan edi. Bu hujjatga ko‘ra, mamlakatda 2026 yil 20 mart Ramazon hayiti sifatida keng nishonlanadi.
Bayram kunlarida aholi o‘rtasida mehr-oqibat, hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan madaniy, ma’rifiy va xayriya tadbirlari tashkil etiladi. Turizm qo‘mitasi va Transport vazirligi hamkorligida yurtdoshlar uchun mo‘’tabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga sayohatlar yo‘lga qo‘yiladi, buning uchun qulay sharoitlar yaratiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!