Toshkent—Dubay reyslari qayta ochildi: yangi jadval ma’lum

Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Toshkent—Dubay—Toshkent yo‘nalishidagi muntazam aviaqatnovlarni qayta tiklashini rasman e’lon qildi. BAA aviatsiya rasmiylariga tayanib ma’lum qilinishicha, parvozlar 2026 yil 19 martdan boshlab yana yo‘lga qo‘yiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, avval bekor qilingan reyslar yo‘lovchilari uchun qulayliklar yaratilgan. Jumladan, ular o‘z aviachiptalarini kompaniyaning istalgan keyingi reyslariga hech qanday qo‘shimcha to‘lovlarsiz qayta rasmiylashtirish imkoniyatiga ega. Bu esa yo‘lovchilar manfaatlarini himoya qilish va safarlarni osonlashtirishga qaratilgan muhim choralardan biri hisoblanadi.
Yangi jadvalga muvofiq, reyslar quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
— HY333 reysi Toshkentdan soat 07:15 da uchib, Dubay shahriga 11:00 da yetib boradi;
— HY334 reysi esa Dubaydan 12:30 da parvoz qilib, Toshkentga 17:30 da qo‘nadi.
Barcha vaqtlar mahalliy vaqt bo‘yicha ko‘rsatilgan.
Aviachiptalarni Uzbekistan Airwaysning rasmiy veb-sayti, mobil ilovasi, shuningdek, sotuv filiallari va vakolatli agentliklar orqali xarid qilish mumkin. Parvozlar amalga oshirilayotganda mintaqadagi joriy vaziyat to‘liq inobatga olinib, xavfsizlik talablari va xalqaro standartlarga qat’iy rioya etiladi.
Eslatib o‘tamiz, 10 martdan boshlab O‘zbekistondan Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklariga amalga oshiriladigan yo‘lovchi reyslariga joriy etilgan cheklovlar bekor qilingan edi. Yangi qarorga ko‘ra, endilikda yo‘lovchilarning fuqaroligi yoki toifasiga doir cheklovlar ham olib tashlanib, ikki tomonlama aviaqatnovlar to‘liq tiklandi.
Shu bilan birga, umra mavsumi yakuniga yetayotgani munosabati bilan Saudiya Arabistoniga parvozlar uchun ayrim qo‘shimcha talablar joriy etilgan. Qonunchilikka muvofiq, ziyoratchilar Haj-2026 mavsumi boshlanishidan avval mamlakat hududini tark etishi shart.
Mutaxassislar fikricha, reyslarning qayta tiklanishi nafaqat sayyohlik, balki biznes va shaxsiy safarlar uchun ham yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!