O‘zbekistonda Ramazon hayiti sanasi ma’lum qilindi

O‘zbekistonda muborak Ramazon hayiti 20 mart sanasiga to‘g‘ri kelishi ma’lum qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali orqali xabar tarqatildi.
Avvalroq Ramazon oyi 19 fevraldan boshlangan bo‘lsa-da, hayit sanasi yuzasidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hali rasmiy bayonot bermagan edi. Prezident qarori ham e’lon qilinmagan bir paytda, vazirlik ushbu sanani ochiqladi.
Ma’lum qilinishicha, 20 mart (juma) – Ramazon hayiti, 21 mart (shanba) – Navro‘z bayrami, 22 mart (yakshanba) – dam olish kuni hisoblanadi. Shuningdek, 23 mart (dushanba) 5 kunlik ish haftasida ishlovchilar uchun qo‘shimcha dam olish kuni bo‘ladi.
Shu tariqa, yurtdoshlarimiz kutilayotgan bayram sanasi aniq bo‘lib, barcha hayitni bayramona kayfiyatda qarshi olishga hozirlik ko‘rmoqda.