Toshkentda 954 ta yashirilgan jinoyat holati fosh etildi

Toshkent shahrida 2025 yil davomida jinoyatlarni yashirish holatlarini aniqlash bo‘yicha keng ko‘lamli tekshiruvlar o‘tkazildi. Natijada ichki ishlar organlari tomonidan jinoyat ishini qo‘zg‘atish rad etilgan 954 ta qaror noqonuniy deb topilib, bekor qilingan.
Bu haqida Anvar O‘rmonovning yil yakuni bo‘yicha hisobotida ma’lum qilindi. Qayd etilishicha, ushbu holatlarning 537 tasi shahar darajasidagi, 417 tasi esa tuman organlariga to‘g‘ri keladi. Yashirilgan jinoyatlar orasida 23 tasi og‘ir toifaga kiradi, 3 holatda esa jinoyatlar umuman ro‘yxatga olinmagan.
Shuningdek, prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergov jarayonlari ustidan ham nazorat kuchaytirilgan. Xususan, jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish bo‘yicha 124 ta qaror bekor qilinib, ishlar qayta ko‘rib chiqishga yuborilgan.
Bundan tashqari, 70 ta jinoyat ishini tugatish yoki to‘xtatish haqidagi qarorlar ham noqonuniy deb topilib, qayta ko‘rib chiqishga qaytarilgan.
Statistikaga ko‘ra, 2025 yilda Toshkentda jami 30 600 ta jinoyat ro‘yxatga olingan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 4,7 foizga kamaygan. Jinoyatlarning asosiy qismi — 16 248 tasi kiberjinoyatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shu bilan birga, oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar soni ham qisqarib, 7 681 tani tashkil etgan. Bu esa 2024 yilga nisbatan 13,8 foizga kamayganini ko‘rsatadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!