Grantda o‘qiganlarga 3 yil majburiy ishlash bekor qilinadimi?

O‘zbekistonda davlat granti asosida tahsil olgan talabalar uchun joriy etilgan majburiy mehnat faoliyatiga oid talablar qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Xususan, oliy ta’lim muassasalarini davlat granti asosida tamomlagan bitiruvchilar uchun belgilangan kamida uch yil ishlab berish majburiyatini bekor qilish taklifi ilgari surilmoqda. Bu haqida Gazeta xabar qildi.
Bu haqda “Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorga o‘zgartishlar kiritishga oid loyihada so‘z boradi. Unda amaldagi tartib-taomillar zamonaviy talablar asosida takomillashtirilishi va yanada aniqlashtirilishi ko‘zda tutilgan.
Amaldagi nizomga muvofiq, davlat granti asosida o‘qigan talabalar bitirgandan so‘ng kamida uch yil davomida belgilangan joyda ishlab berishga majbur edi. Yangi taklifda esa ushbu “kamida uch yil” degan aniq muddat normasini bekor qilib, uni umumiy “majburiy” ishlab berish tushunchasi bilan almashtirish nazarda tutilmoqda.
Hujjat loyihasiga ko‘ra, endi bunday majburiyatning aniq muddati har bir ta’lim yo‘nalishining o‘ziga xos jihatlaridan kelib chiqib, Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan alohida belgilab berilishi mumkin. Bu esa turli sohalarda kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni hisobga olish imkonini beradi.
Shuningdek, bitiruvchilarni ishga taqsimlash tizimidagi ayrim atamalar ham qayta ko‘rib chiqilmoqda. Jumladan, “doimiy yashash joyi” tushunchasini “yashash joyi” deb almashtirish taklif qilingan. Bu o‘zgarishlar orqali huquqiy aniqlikni ta’minlash va amaliyotdagi noaniqliklarni bartaraf etish maqsad qilingan.
Mutaxassislar fikricha, ushbu yangiliklar ta’lim tizimini yanada liberallashtirish, bitiruvchilarga kengroq imkoniyatlar yaratish hamda mehnat bozori talablariga moslashishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, davlat granti asosida tayyorlangan kadrlarni samarali joylashtirish masalasi ham yangi yondashuvlar asosida hal etilishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!