12:30 / 05.09.2017
5 384

Naqd pul va plastik kartadagi pul o‘rtasidagi farq endi tarixda qoladigan bo‘ldi — ekspert fikri

Naqd pul va plastik kartadagi pul o‘rtasidagi farq endi tarixda qoladigan bo‘ldi — ekspert fikri
Mustaqil moliyaviy ekspert Aleksandr Davletov Uz24 caytiga bergan intervyusida uzoq kutilgan valyuta siyosatining liberallashtirilishi haqidagi qarorni izohlab o‘tdi va valyuta bozori kelgusida qanday rivojlanishi haqida gapirib berdi.

— 5 sentyabrdan boshlab yuridik shaxslar joriy xalqaro operatsiyalar bo‘yicha to‘lov uchun tijorat banklaridan cheklanmagan miqdorda xorijiy valyuta xarid qilishlari mumkin. Jismoniy shaxslar valyutani erkin sotishi va xarid qilishlari mumkin, faqat xarid qilingan valyuta xalqaro plastik kartalarga o‘tkazib beriladi. Fikringizcha, aholi uchun nega to‘liq bo‘lmagan konvertatsiya mexanizmi tanlandi?

— Birinchidan, kecha e’lon qilingan farmon tarixiy ekanligini alohida qayd etmoqchiman. Yangi davrda hayotimizning turli jabhalariga oid ko‘plab islohotlar boshlab berildi, lekin aynan valyuta sohasidagi o‘zgarishlar avval boshlangan islohotlardan o‘zdi va u o‘zining mantiqiy yakuniga yaqinlashmoqda. Oy sathiga ilk bor qadam tashlagan odamzod — Nil Armstrong o‘zining mashhur gapini aytgan: «Bu insonning kichik bir qadami butun insoniyat uchun ulkan qadam bo‘ladi». Milliy valyutaning erkin konvertatsiyasi bilan ham shunga o‘xshash holat yuz berdi. Biz mamlakatimizda erkin bozor tashkil etish uchun ilk qadamni tashladik, biroq bu qadam keyingi va uzoq o‘zgarishlar uchun o‘ta muhim sanaladi.

Sizning savolingizga esa quyidagicha javob beraman: jismoniy shaxslarga xorijiy valyutani xalqaro plastik kartalarga o‘tkazib berish yo‘li bilan sotishni aholi uchun cheklangan konvertatsiya, deyish yaramaydi. Bu shunchaki texnik jihat. Ilgari — sotuvlarning hajmida ham, davriyligida ham cheklovlar amal qilgan, foydalanish uchun turli mumkin va mumkin bo‘lmagan limitlar o‘rnatilgan vaqtda bu mexanizmni shunday atash mumkin edi. Haqiqatdan ham o‘sha paytda xalq bunday konverison kartalarni «chala karta», deb atardi.

Lekin hozir vaziyat butunlay boshqacha. Xorijiy valyutani xarid qilish va kartochkaga tushirish hajmida ham, undan keyinchalik foydalanishda ham biror cheklov yo‘q. Xaridor faqat ilk bora konversion plastik karta ochayotganida bir qadar vaqt yo‘qotishi mumkin, keyingi konversion operatsiyalar bor-yo‘g‘i 10–15 daqiqani oladi.

Bu, birinchidan, islohotlar avvalida chayqovchilik bosimini yo‘qqa chiqaradi, ikkinchidan — operatsiyalarning shaffofligini ta’minlaydi. Oradan biroz vaqt o‘tgach, bozorning barcha ishtirokchilari yangi sharoitlariga ko‘nikib, muvozanat hosil bo‘lgach, jismoniy shaxslarga xorijiy valyuta naqd ko‘rinishda ham sotila boshlaydi. Lekin fikrimcha, fuqarolarimiz o‘z tajribasida konversion kartalarning qulayligini sinab ko‘rishgach, keyinchalik ularga konversion kartaga yoki naqd ko‘rinishda valyuta xarid qilish imkoniyati taqdim etilganida ularning aksariyati aynan konversion kartalarni tanlashiga shubha qilmayman, ya’ni pirovard natijada, baribir ularga tanlov taqdim etiladi.

— «Qora bozor» bilan endi nima bo‘ladi? Dollar kursining volatilligi (tebranishi) pasayadimi?

— «Qora bozor» yo‘q bo‘lib ketmaydi, lekin to‘liq marginallashadi va iqtisodiyotning legal sektoriga xizmat ko‘rsatishni bas qiladi, u yerda kriminal va yarimkriminal unsurlar qolib, qora naqd pullarni aylantirishadi. Endi buyog‘i huquq-tartibot organlarining ishi. Dollar kursining volatilligi faqat dastlabki davrlarda mumkin bo‘ladi. Keyinchalik so‘m kursi texnik emas, makroiqtisodiy omillar, Markaziy bank hamda hukumat siyosatiga ko‘ra belgilab boriladi. Albatta, tashqi omillar ham o‘z o‘rniga ega bo‘ladi, lekin biz bunga tayyor turishimiz kerak. Infantillik darhol yo‘qolmaydi.

— Ba’zi bir ekspertlar Markaziy bank milliy valyutani bosqichma-bosqich devalvatsiya etishi, bir necha ayriboshlash kursi amaliyotini davom ettirishi haqida fikrlar bildirib turishgan edi. Sizningcha, nega MB milliy valyutani keskin devalvatsiya qilishga qaror qilgan?

— Bir oycha muqaddam hukumat va MB shoshilmasdan, nechog‘lik ehtiyotkorlik bilan qadam tashlayotganini kuzata turib, men ham shunday fikrga kelgan edim. Ekspertlar hamjamiyati, jumladan, men tarafimdan ham uzoq istiqbolda ko‘plab kurslar mavjudligining zararli ekani haqida ko‘p va xo‘p yozildi. Iqtisodiyot tarixida birorta muvaffaqiyatli misol yo‘qki, valyuta kurslarning ko‘plab rejimlari iqtisodiyotni uzoq muddatda o‘sishiga xizmat qilgan bo‘lsa. O‘ylashimcha, MB va hukumat darhol devalvatsiya qilish haqida yakuniy qarorga iqtisodiy faollikning umumiy pasayishini kuzatishganidan so‘ng kelishgan, yoz faslida butun biznes investitsiya qilishdan o‘zini tiyib, kutish rejimiga to‘liq o‘tib olgan edi. Noaniqlikka nuqta qo‘yish fursati yetib kelgan edi.

— So‘mning rasmiy ayriboshlash kursining pasayishi import tovarlar va inflyatsiya sur’atiga ta’sir qiladimi?

— Bu savol hozir eng ko‘p beriladiganlaridan. Ayriboshlash kursining pasayishi doimo narx shakllanishiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi, biroq bu tovar bozori va xizmatlar bozorining segmentiga bog‘liq. Sub’ektlarning ilgari imtiyozli konvertatsiyaga ruxsati bo‘lmagan tovar va xizmatlar bozorida kuchli o‘zgarish kuzatilmaydi. Bular asosan xalq iste’moli mollari, oziq-ovqat va noziq-ovqat mahsulotlardir. Ularning narxi umuman olganda oshmaydi, chunki bu segment uzoq yillar faqat bozor kursiga ko‘ra mo‘ljal olgan va u yerda raqobat muhiti shakllantirilgan. Bundan tashqari, ayrim ijtimoiy segmentlarda davlat boshqaruvi va dotatsiyasini ham hisobga olish kerak.

Buning uchun iste’mol bozorida narxlarni barqarorlashtirishga ko‘mak beruvchi maxsus fond tashkil etilgan. Aholi dori-darmon va ijtimoiy jihatdan muhim oziq-ovqatlar bilan past narxlarda ta’minlanadi. Lekin qayerdaki monopoliya bo‘lsa u yerda narxlarning oshishi kuzatiladi — bular energiya tashuvchilar, havo va temiryo‘l transporti. Bu sektorlar doimo imtiyozli resurslardan, jumladan, imtiyozli konvertatsiyadan foydalanib kelishgan. Bu yerlarda narxning shakllanishi shaffof emas. Monopoliya muammosi konvertatsiya joriy qilingunga qadam ham mavjud edi, toki bu sohalar isloh qilinmas ekan, yangi sharoitlarda ham qolaveradi.

— Yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan, iste’mol mollari importi bilan shug‘ullanuvchi xususiy tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslar uchun o‘rnatilgan tartibga asosan bank hisob raqamlari orqali valyuta xarid qilish imkoniyati taqdim etilmoqda. Bu degani shunday mahsulotlarni plastik karta yoki naqd pulga sotib olish o‘rtasidagi farq yo‘q bo‘lishini bildiradimi?

— Ha, aynan shunday. Endi xususiy tadbirkorlar (asosan «savdogarlar») tovarlarini tezroq sotish, pullarni tezroq to‘plash va o‘zlariga xizmat ko‘rsatayotgan bank hisob raqamlari orqali so‘mni tezroq dollarga konvertatsiya qilishdan manfaatdor. Endi ularga farqi yo‘q: pul naqd bo‘ladimi, naqd bo‘lmagan ko‘rinishda bo‘ladimi. Inkassa qilinayotgan naqd pul xususiy tadbirkorning hisob raqamida ertasi kuni paydo bo‘lishi hisobga olinsa, uning uchun aynan plastik kartalar orqali savdo qilish muhimroq bo‘ladi, chunki mablag‘ darhol hisob raqamga borib tushadi. Aytish mumkinki, chakana savdoda naqd pul va plastik kartadagi pul o‘rtasidagi farq endi tarixda qoladigan bo‘ldi.

— Farmonga ko‘ra, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, eksport bilan shug‘ullanuvchilarning valyuta tushumidan majburiy sotuv bekor qilinmoqda. Bu hol eksport qilinayotgan mahsulotlarga ichki bozorda so‘m kursining pasayishi ko‘p ham ta’sir qilmasligini bildiradimi?

— Birinchidan, eksport qilinayotgan mahsulotlarning ichki bozordagi narxlari eksport tushumini majburiy sotish hajmiga bog‘liq emas. Ular birinchi navbatda ayriboshlash kursi, eksport bojlari va cheklovlar kabi boshqa omillarga bog‘liq. Dollarning so‘mga nisbatan kursi qanchalik katta bo‘lsa, eksportchi o‘z mahsuloti yoki xizmatining xorijda sotilishidan shunchalik manfaatdor. Shu sababli u ichki bozordan ko‘ra eksport orqali savdo qilishni ma’qul ko‘radi, albatta, eksport bojlarini hisobga olgan holda. Shu sababli dastlabki davrda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, ayniqsa meva va sabzavotlar narxlarining oshishi kuzatilishi mumkin. Lekin bu ishlab chiqarishni kengaytirishni rag‘batlantiradi. Nima bo‘lganda ham, eksport tovarlari narxini tartibga solish va muvofiqlashtirish uchun davlatda ta’sirli richag bor — bu eksport bojlari va vaqtinchalik cheklovlar mexanizmi. Kon’yunktura va qo‘yilgan vazifalarga ko‘ra, davlat eksport bojlarini pasaytirishi yoki oshirishi mumkin.

— Sir emaski, ayrim ishlab chiqarish loyihalari avval boshdan imtiyozli konvertatsiyani qo‘lga kiritish uchungina barpo etilgan va ishbilarmonlarning bir qismi uchun bundan keladigan foyda ishlab chiqarishning o‘zidan keladiganidan ham ko‘proqni tashkil etardi. Bunday loyihalarga nima bo‘ladi? Tashqi qarzlar olingan meditsina, ta’lim va qurilish sohasidagi loyihalarga nima bo‘ladi? Ularga davlatning yordami kerak emasmi?

— Imtiyozli konvertatsiya umididagina ochilgan va ishlayotgan zararli loyihalar yoki «parazit»-tashkilotlar shunchaki yopiladi. Bu — bozor qonuni. Tashqi qarzlar olingan ijtimoiy sohalardagi loyihalar esa amalga oshishda davom etaveradi, buning uchun tashvishlanmaslik kerak. Birinchidan, bu qarzlar 15–20 yilga olingan va imtiyozli davrga ega va asosiysi ularga davlatning o‘zi kafil. Shunchaki bu qarzlarga xizmat ko‘rsatish qimmatlashadi va davlat byudjeti zimmasiga tushadi. So‘m kursining pastlashi sharoitlarida bu qo‘shimcha xarajatlar devalvatsiya effekti (soliqqa tortiluvchi bazaning keskin kengayishi), ya’ni byudjetga soliqlar va bojlar ko‘rinishida qo‘shimcha daromadlar evaziga qoplanadi.

— Valyuta siyosatining liberallashtirilishi oqibatida yuzaga keladigan iqtisodiy nomutanosibliklarni bartaraf etish uchun kelgusida yana qanday islohotlar o‘tkazilishi kerak, deb o‘ylaysiz?

— Bu islohotlar dasturi va yondashuvga bog‘liq. Men uchun iqtisodiy sohada eng avvalo bank sohasidagi islohotlarga qo‘l urish kerak, u yerda shaffof kredit bozori barpo etish kerak, banklarni to‘liqligicha ularga xos bo‘lmagan funksiyalardan ozod qilish kerak. Keyingi jarayon — soliq islohoti ham juda muhim. Soliqqa tortish tizimini tubdan o‘zgartirish kerak. Boz ustiga, barcha o‘zgarishlarning bosh maqsadi va asosi mulk huquqini himoya qilinishi bo‘lmog‘i shart. Busiz har qanday islohot bo‘sh va ma’nisiz bo‘lardi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Naqd pul va plastik kartadagi pul o‘rtasidagi farq endi tarixda qoladigan bo‘ldi — ekspert fikri