Frederik Starr: "Shavkat Mirziyoyevning Janubga murojaati - bugungi jahon sahnidagi eng asosiy qadamlardan biri"
Yevroosiyo va Rossiya bo‘yicha amerikalik ekspert Stiven Frederik Starr Markaziy Osiyo va Afg‘oniston o‘rtasidagi munosabatlar hamda O‘zbekiston prezidentining tinchlikparvar tashabbusi haqidagi fikrlari bilan bo‘lishdi. UzReport'da amerikalik tahlilchi bilan shu mavzudagi qiziq intervyu taqdim etildi.
Ekspert Afg‘onistondagi muammolar favqulodda og‘ir ekanini tan olish kerakligini qayd etdi. "Biroq faqat derazadan qaragan bilan ish bitmaydi, bu xavfli va muvaffaqiyatsiz. Oldinga qarash kerak. Mening fikrimcha, prezidentingiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi - Janubga murojaat - bugungi jahon sahnidagi eng asosiy qadamlardan biridir", - deydi u va nima uchun shunday ekaniga izoh beradi.
1. Suv. Sizning mintaqangizda suv juda muhim ahamiyatga ega. Afg‘oniston ham suvga doir barcha muhokamalarda ishtirok etishi zarur.
2. Transport. Yangi temir yo‘l yo‘nalishingiz Afg‘oniston hukumati uchun juda muhim, albatta.
Gap shundaki, O‘zbekiston Afg‘onistonning iqtisodiy rivojlanishida muhim rol o‘ynay oladi. Mozori Sharifni olaylik. Bugun bu juda jonli shahar. Shahar boshqa mamlakatlar poytaxtlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqada. Bu mo‘’jiza. U yerda sizlarni o‘ziga birodar hisoblovchi iste’dodli ishbilarmonlar bor. Bu nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo uchun katta yo‘nalishdir.
Men Qozog‘istonda juda ko‘p afg‘onlarning ta’lim olayotganini zavq bilan kuzataman. Qirg‘izlar hali bu yo‘nalishda o‘z imkoniyatlarini izlashmoqda. Turkmanlarning ulkan loyihasi ham muayyan vaqt ichida amalga oshadi, ya’ni shu kungacha mintaqadagi har bir mamlakat "bir qo‘shiqni alohida kuylagan". Endi esa O‘zbekistonning tashabbusi bilan "bu qo‘shiqni har biringiz alohida emas, mintaqa bilan jo‘r bo‘lib kuylayapsiz". Bu katta "plyus"!
- Tez orada Toshkent Afg‘oniston muammolari bo‘yicha muhokamalar maydoni sifatida ishtirok etadi. O‘zbekiston prezidentining ushbu tashabbusini qanday baholaysiz?
- Ijobiy! Bu hamma uchun foydali. Bu tashabbus ijobiy va ehtimol, amaliy qadamlarga olib kelishi shubhasiz. Eng asosiysi, bu koferensiyani Markaziy Osiyoning o‘zi to‘pladi. Tashabbus aynan sizning prezidentingizdan chiqishi favqulodda muhim ahamiyatga ega. Bu "Biz mintaqaviy muammolarni o‘zimiz hal qila olamiz", degan mazmundagi tashabbus. Katta hukumatlarga yordam so‘rab murojaat qilishga hojat yo‘q. Markaziy Osiyo o‘z yuzi, o‘zining iste’dodli kishilari, o‘z tarixi va qiziqishlariga ega. Bularning bari ana shu konferensiyada o‘z aksini topishiga ishonaman. Men bu loyihaga chuqur hurmat bilan qarayman. Bu faqat Afg‘oniston uchun emas, butun Markaziy Osiyo uchun ham juda zarur loyiha.
- Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish uchun faqat afg‘onlarning xohishi yetarli emas. BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari o‘rtasidagi konsensus qanchalik ahamiyatga ega?
- Bu alohida manfaatlarning qo‘rqinchli qarama-qarshiligidir. Katta siyosatdagi ko‘p narsalar ko‘zga ko‘rinmaydi. Odamlarga o‘z hayoti bilan yashashga imkon berish kerak. O‘ylaymanki, vaqti kelib ular ham Afg‘oniston o‘z suverenitetiga ega bo‘lishi yaxshi ekanini tushunib yetishadi. Shunday bo‘lsa-da, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo ham janubga murojaat qilishning faqat bir yo‘lini emas, bir necha yo‘nalishini ko‘rib chiqishi kerak.
- Afg‘onistondagi vaziyat normallashuvi uchun yana qanday ishlar amalga oshirilishi kerak deb o‘ylaysiz?
- Fikrimcha, ko‘p mamlakatlardan, jumladan, bugunga qadar vaziyatni kuzatib, hech qanday fikr bildirmagan davlatlarning fikrini ham o‘rganish kerak. Masalan, Yaponiya - iqtisodiyoti juda rivojlangan mamlakat. Yaponlar ancha kamgap. Biroq ularning shunday jarayonlarda faolroq ishtirok etishi maqsadga muvofiq bo‘lardi. Janubiy Koreya haqida ham shunday deyish mumkin. Hindiston bu jarayonga qo‘shilgan. Yevropaliklar ham faollashishi kerak. Sekin-astalik bilan atrofdagi mamlakatlar bilan o‘zaro hamfikrlik yuzaga kelishi kerak. Biroq hech bir mamlakat nazoratni qo‘lga olishga da’vo qilishi kerak emas, hamma baravar harakat qilishi kerak.
Afg‘onistonda savdo-sotiq, transport aloqalari - barchasi azaldan mavjud bo‘lgan. Afg‘oniston yoshlari orasida iste’dodlilari talaygina. Shunday ekan, imkon qadar sekin-asta ilk qadamlarni amalga oshirish kerak. Ishonchim komilki, Afg‘onistonda farovonlik davrini ko‘rishga muvaffaq bo‘lamiz. Bugundan kutayotganlarimiz ko‘p. Natijalar nafaqat Afg‘oniston uchun, balki butun Markaziy Osiyo davlatlari uchun ijobiy bo‘ladi.
Markaziy Osiyo davlatlarining Afg‘oniston bilan hamkorligi mintaqa iqtisodiyoti va madaniyatining bir qismiga aylanadi. Bu shubhasiz.
Mutlaqo ishonchim komilki, Shavkat Mirziyoyevning islohotlari va tashabbuslari jahon sahnida muhim va dadil qadamlar hisoblanadi. Biz hozir bu haqida kitob yozyapmiz. U ikki oydan keyin nashrdan chiqadi. Bu xorijiy o‘quvchilar uchun juda qiziq kitob bo‘ladi va ehtimol, sizlarning o‘quvchilaringiz uchun ham. Nima uchun biz bunday qilyapmiz? Birinchidan, yangi prezident qanday islohotlar o‘tkazmoqda? Ikkinchidan, savol bilan yuzlanyapmiz, bu islohotlarning kelajagi qanday? Bugungi jarayonlarda yosh avlod vakillari, bilimli yoshlar faol ishtirok etishmoqda va mana shu yangi psixologiya sezilmoqda. Mintaqaning yangicha madaniyati aynan ulardan kelib chiqmoqda. Men Toshkentdagi voqealarni katta qiziqish bilan kuzatyapman.
Фредерик Старр Ўзбекистондаги Афгонистон бўйича конференция ҳакида#UzAfg2018 Ўзим учун муҳим жиҳатларни белгилаб олдим: 1. Ўзбекистон Президентининг ташаббуси Афғонистон интеграцияси учун муҳим қадам. 2. Ўзбекистон Афғонистон ривожида етакчи роль ўйнаши керак. 3. Марказий Осиё минтақасида ҳар бир мамлакат алоҳида қўшиқ куйлаб келди. Ўзбекистон ташаббуси билан бу овозлар қўшилиб, жарангдор хор бўлади. Бу жуда катта ютуқ. Фикрларингиз учун миннатдорчилик билдираман жаноб #ФредерикСтарр ___________ Выделил для себя важные моменты: 1. Инициатива Президента Узбекистана важный шаг для интеграции Афганистана 2. Узбекистан должен играть ведущую роль в развитии Афганистана 3. В регионе Центральной Азии каждая страна пела отдельно свою песню, для своих. По инициативе Узбекистана высок шанс, что голоса объединятся в единый хор. Это очень большой плюс. Благодарю за мудрые мысли господин #ФредерикСтарр
Опубликовано Комилом Алламжоновым 24 марта 2018 г.