date

Toshkentda havo ifloslanishi keskin oshdi

Toshkentda havo ifloslanishi keskin oshdi

20-noyabr kuni Toshkent shahri yana dunyo bo‘ylab havo ifloslanishi bo‘yicha eng yuqori o‘rinlardan birini egalladi. IQAir xalqaro portali keltirgan oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxt dunyoning yirik megapolislari orasida 2-o‘ringa chiqib olgan. Bu ko‘rsatkich havodagi zararli zarralar miqdori qanchalik yuqori ekanini va aholi salomatligi uchun xavf kuchayganini yana bir bor ko‘rsatib turibdi.

Toshkent vaqti bilan soat 18:55 da qayd etilgan holatga ko‘ra, atmosferadagi PM 2,5 turdagi mayda zarrachalar konsentratsiyasi 166 mkg/m³ ni tashkil etgan. Bu esa Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiya qilgan yillik me’yordan 33,2 baravar yuqori ekani bilan holatning jiddiyligini yanada ochiqlashtirib qo‘yadi.

Shu kabi vaziyatda aholiga ehtiyot choralarini kuchaytirish tavsiya qilinadi. Zaruriyat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmaslik, ayniqsa, nafas yo‘llari bilan bog‘liq xronik kasallikka ega insonlar tibbiy niqoblardan foydalanishi juda muhim. Ko‘chadan uyga kirganda yuz-qo‘llarni yaxshilab yuvish, xonada chang yig‘ilishiga yo‘l qo‘ymaslik, eshik-derazalarni mahkam yopib qo‘yish va xonani nam latta bilan kuniga bir necha marta tozalash kabi oddiy qoidalar o‘zini himoya qilishga yordam beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zgidromet ham Toshkent havosi ifloslanishi bo‘yicha ogohlantiruv bilan chiqqan edi. Mutaxassislar aytishicha, havodagi zararli zarralarning ko‘payishi keskin harorat o‘zgarishlari oqibatida yuzaga kelgan inversiya bilan bog‘liq. Bunday sharoitda zararli moddalar yerga yaqin havo qatlamida to‘planib qoladi va tarqalib ketishi qiyinlashadi.

Poytaxt aholisi uchun bu vaziyat yana bir bor ekologik xavfsizlik va shaxsiy ehtiyot choralarining naqadar muhim ekanini eslatib qo‘ydi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Toshkentda havo ifloslanishi keskin oshdi