12:55 / 12.12.2018
2 491

O‘zbekistonni "Turizm Makkasi"ga aylantirish uchun nima qilish kerak?

O‘zbekistonni "Turizm Makkasi"ga aylantirish uchun nima qilish kerak?
Anna Vechning ishxonasiga kirgan zahoting, birinchi o‘rinda, ko‘zing katta o‘zbekcha laganga tushadi. Shuning o‘zidanoq bu yerda Sharq ruhi hukumronlik qilishini tushunasan. Bu yerga kirib kelgan har bir mijozni mehmondo‘st ofis egasi bir piyola choy bilan siylaydi. Chiroyli piyolaga beixtiyor men ham qo‘l cho‘zaman...

“O‘zbekistonda hamma piyolada choy ichadi. Bu krujkadan ichgandan ko‘ra qulayroq, choy ham tezroq soviydi”, - deb jilmayadi Anna.

Uning kabineti devorida birorta bo‘sh joy yo‘q – hamma joyda kompaniya erishgan yutuqlar haqida gramota va diplomlar osib qo‘yilgan.

Annaning hayot yo‘li ham oxiri yaxshilik bilan tugaydigan gollivud filmlarini eslatadi. Axir u Moskvaga oddiy migrant sifatida kelib, oziq-ovqat magazini sotuvchisidan o‘z xususiy firmasiga ega bo‘lgan biznes vumengacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan.

Moskvada odam tankka aylanar ekan

“Men Farg‘onada tug‘ilib o‘sganman. Bu juda ham yevropalashgan shahar: u yerda ruslar ham ko‘p. O‘zim o‘zbek bo‘lmasam-da, har doim o‘zbekistonlik ekanimni mag‘rurlanib aytaman. Bu mening xarakterimda ham aks etgan deb o‘ylayman. Sobiq Ittifoqning turli burchaklaridan Moskvaga kelayotgan odamlar kuchli xarakteri, serg‘ayratligi va chidamliligi bilan ajralib turadi. Chunki bu hayotda biror nimaga erishish uchun Moskva kishidan shularni talab qiladi”, - deydi Anna.

Annaning bobosi Katta Farg‘ona kanalini loyihalashtirgan. Undan tashqari u Farg‘ona markazidagi katta to‘rt qavatli ko‘p xonadonli uylarni ham qurishda ishtirok etgan. Moskvaga ko‘chib kelguniga qadar ushbu uylarning birida Anna ham yashagan.

“Mening bunday qaror qabul qilishimga ishsizlik sabab bo‘ldi. Bu muammo nafaqat O‘zbekiston, balki barcha qo‘shni Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘istonni ham chetlab o‘tmadi”, - deydi u.

“Turmush o‘rtog‘im Yevgeniyni Moskva tamaki fabrikasiga ishga taklif qilishganda barcha qarindoshlardan qarz olib qiyinchilik bilan 300 $ to‘plagan edik, lekin tamaki fabrikasida 1,5 oy ishlab u yerda maosh ololmadi. Shundan so‘ng u Moskvaga oldinroq kelgan do‘stlari yordamida boshqa ishgan joylashdi. Shundan yarim yil o‘tib men ham bolalar bilan Moskvaga keldim. Vanihoyat oilamiz yana birlashdi”, - deb hikoya qiladi Anna.

Hayotimning eng qiyin sinovlari shundan so‘ng boshlandi. Endi Moskvaga kelgan migrantni hech kim ishga qabul qilmasdi. Noiloj oziq-ovqat magaziniga sotuvchi bo‘lib ishga kirdim. U yerda salkam ikki yil ishladim. Har kuni erta tongdan kechgacha prilavka yonida askardek tik turishdan boshqa ilojim yo‘q edi. Kvartira uchun to‘lash, bolalarni katta qilish kerak edi.

Butun dunyoga nimalarga qodirligingni isbotlab berish kerak

Oziq-ovqat magazinida ishlash joniga tekkanidan so‘ng, Anna nima qilib bo‘lsa ham biror yengilroq ishga o‘tishga qaror qiladi. Bir necha urinishlardan so‘ng u 2008 yilda sayyohlik kompaniyasiga ishga kiradi.

Biroz o‘tib u yerda hujjatlarini rasmiylashtirishni o‘rganadi, keyin dekretga chiqqan xodimning o‘rniga ishga o‘tadi.

“Shu vaqt maktabda o‘rgangan ingliz tilini unutganim biroz pand berdi, chunki xorijiy hamkorlar bilan barcha yozshmalar ingliz tilida edi. Yangi lavozimning dastlabki yetti kuni davomida 4 marta ishdan bo‘shashga ariza yozmoqchi bo‘lganman”, - deb eslaydi Anna.

Oradan bir necha yil o‘tib Anna sohaning haqiqiy professionaliga aylanadi va 2015 yilda xususiy turistik firma ochadi.

“Mening do‘stlarim va tanishlarimning ko‘plarining o‘z shaxsiy turagenti bor. Bu xuddi tanish stomatolog yoki yuristga o‘xshaydi. Odamlar samimiy munosabat va do‘stlikni qadrlashadi”, - deydi Anna.

Annaning turmush o‘rtog‘i ayni damda remont va qurilish biznesi bilan band. Uning ham o‘z sohasida tanishlari juda ko‘p. Korxonasida bir necha o‘zbekistonlik xodimlari ham bor.

“Mening juda ko‘p osiyolik tanishlarim bor. Bir kishi o‘z maqsadi yo‘lida, hatto butun boshli Koinotga ham qarshi chiqishga tayyor turishi – bu menimcha faqat osiyoliklarga xos”, - deydi Anna.

Dumba yog‘i va chopon

Farg‘onalik oila Rossiyada mustahkam joylashib olgan bo‘lishiga qaramasdan, O‘zbekiston ularning kundalik hayotidan chiqib ketmagan.

“Dachamizda uchta chopon bor. Moskvadagi kundalik hayotda chopon kiyish unchalik qulay bo‘lmasada, dachada choponda yurish – mazza. Butun oilamiz bilan o‘zbekcha osh pishirishni yaxshi ko‘ramiz. Buning uchun bizning muzlatgichda doimo dumba ham tayyor”, - deb hikoya qiladi Anna.

“Undan tashqari turmush o‘rtog‘im har hafta lag‘mon yeyish uchun choyxonaga ham borib turadi. U yerdagilar uni yaxshi tanib qolishgan. Bacha personal u yaxshi ko‘radigan taomlarni yoddan biladi”, - deb kuladi u. Qarindoshlar Farg‘onadan kelganda, ulardan qurut olib kelishni so‘raymiz.

O‘zbekistonni turistlar orasida ommaviylashtirish

Anna Vech aytishiga qaraganda O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish uchun bir necha to‘siqlar bor. Ulardan biri – aviachiptalar narxi balandligidir.

“Turizm sohasida ishlarkanman, turli yo‘nalishlarga aviachiptalar va putyovkalar narxini juda yaxshi bilaman. Oilaviy dam olish uchun Bali oroli yoki Farg‘onani tanlash kerak bo‘lganda, men Balini tanlayman. Bu oddiy ratsional qaror qabul qilishdir, o‘z vatanimni sevmaslik yoki boshqa narsa emas, albatta”, - deydi ekspert.

Anna aytishiga qaraganda, Rossiyalik turistlar ayni damda Markaziy Osiyoga sayyohat uchun, masalan, Tailand bilan bir xil narx to‘lashga rozi emas.

“O‘zbekistonga chiptalar Gruziya kabi 5-7 ming bo‘lganda, turistlar oqimi ancha ko‘p bo‘lardi”, - deb hisoblaydi Anna.

Undan tashqari O‘zbekiston mehmonxonalarida xizmat ko‘rsatish sifati hali yetarlicha yuqori darajada emas. Ko‘pchillik mehmonlar milliy uslubdagi uy-mehmonxonalarda yashashga ko‘nikmagan.

Asosiy e’tiborni xostel va kichik mehmonxonalarga qaratish ham unchalik to‘g‘ri qaror emas deb hisoblaydi mutaxassis.

“Xorijiy mehmonlarni xostellarga jalb qilishga urinish ham yaxshi g‘oya emas. Bunaqada, sizga asosan kam byudjetli mustaqil sayohatchilar kelishadi. Mamlakat iqtisodiga esa ko‘p pul xarajat qilishga tayyor bo‘lgan badavlat turistlar kerak”, - deydi Anna.

Annaning aytishiga qaraganda, bugun O‘zbekistonga turistlarni jalb qilish uchun mazali taom va mevalardan tashqari qandaydir yana bir o‘ziga xos “xususiyat” (fishka) kerak.

Hozir Rossiya va butun dunyoda sog‘lom turmush tarzi va ekologik oziq-ovqatlar mavzusi juda ko‘p muhokama qilinmoqda. O‘zbekistonda GMOli mahsulotlar yo‘q. Menimcha ana shunga aksent qilib shu yo‘nalishni rivojlantirsa yaxshi bo‘ladi.

“O‘zbekistonga ushbu sohani yaxshi tushungan vazirlik kerak. Respublikada turizmni ommaviylashtirish uchun katta reklama kampaniyasi, ushbu yo‘nalishni maqtaydigan blogerlar kerak, sifatli ekskursiya dasturlari tashkil qilish kerak”, - deydi mutaxassis.

Anna Vech aytishiga ko‘ra, nisbatan arzon aviachipta va sifatli servis tashkil qilib, ularni chiroyli reklama qilsa – ajoyib turprodukt paydo bo‘lishi mumkin.

Anna o‘zi ham jon deb O‘zbekistonga sayyohlarni jo‘natishga, sayohatlar tashkil qilishga tayyorligini yana bir bor tasdiqlaydi. Boy tarix, mazali taomlar va xushko‘ngil aholiga ega bo‘lgan O‘zbekiston turistlar uchun haqiqiy Makkaga aylanishi mumkin – deydi u.

Manba: Sputnik

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonni "Turizm Makkasi"ga aylantirish uchun nima qilish kerak?