
O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin Kun.uz’ga bergan intervyusida 2021 yilgacha barcha bolalar maktabga ta’lim bilan qamrab olinishini ta’kidlab o‘tdi.
— Siz rahbarlik qilayotgan vazirlikda bu yil qo‘l urilgan yangiliklardan biri kuzatuv kengashlari. Buni ishga tushganiga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Lekin albatta qayta reaksiya bo‘lgan bo‘lishi turgan gap. Ota-onalarning mazkur tizim haqidagi fikrlari qanday?
— Kuzatuv kengashlari maktabgacha ta’lim tizimida mutlaqo yangilik bo‘ldi. Chunki kuzatuv kengashi o‘z zimmasiga maktabgacha ta’lim tizimini nazorat qilish funksiyasini oldi. Maktabgacha ta’lim muassasasi mudiri bir yilda ikki marta nafaqat mazmun yoki tarbiyaviy qism bo‘yicha, shuningdek u moliyaviy faoliyat bo‘yicha kuzatuv kengashi oldida hisobot berishi yangilikdir. Maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasi lavozimi ham saylanadigan lavozimga aylantirildi. Ilgari bolalar bog‘chasi mudiraligiga tepadan biror kishi tayinlangan bo‘lsa, endi faqat kuzatuv kengashi bu lavozimga tavsiya berish huquqiga ega bo‘lmoqda.
— Bularning barchasi shaffoflikni oshirish, tizimda korrupsiyaga barham berish uchun qilinayotgan bo‘lishi kerak…
— Shubhasiz. Shu vaqtgacha ota-onalar bog‘chalar faoliyatidan chetda bo‘lgan, ularning funksiyasi bog‘cha uchun to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirishdan iborat bo‘lgan. Endi ularning o‘zlari bevosita ta’lim, moliya va ta’minot jarayonida ishtirok etishadi va o‘z-o‘zidan ota-onalar ham ta’lim jarayoni sub’ektlariga aylanishadi. Bu juda muhim.
— Ota onalarni bolalarning taomlanishi kabi masala ham tashvishlantiradi…
— Albatta, bu juda og‘riqli masala. Men intervyuni boshida ham ovqatlanishni tashkillashtirish tizimi o‘ta og‘ir ahvolda bo‘lganini ta’kidlab o‘tdim. Chunki jamiki moddiy-texnika bazalari, bizning oshxonalarimiz biror marta yangilanmagan. Muzlatgichlar eskirgan, ularning aksariyati ishlamaydi. Pechkalar ham og‘ir ahvolda. Bularning barchasi zaharlanish holatlari ko‘payishiga sabab bo‘lgan. Lekin biz faktlarni yashirmaymiz, chunki bir yilning ichida bu masalalar va muammolarning barchasini hal qilish amalda imkonsiz.
Bunday holatda tizimli yondashuv kerak bo‘ladi. Men fursatdan foydalanib bizga do‘stona ko‘mak qo‘lini cho‘zgan barcha idoralar va tashkilotlarga tashakkur bildirmoqchiman. Men hozir ularning barchasini nomma-nom sanab o‘tirmayman. Chunki ro‘yxat juda uzun.
Ovqatlanishni tashkil etish juda og‘riqli masala dedim. Biz bu jabhadagi korrupsion momentlarni bartaraf etishimiz kerak. Pedagogik tarkib va tarbiyachilar uchun shunday sharoit yaratishimiz kerakki, u o‘z statusini hurmat qilsin. Biz bosqichma-bosqich shu yo‘nalish bo‘ylab boramiz. Bu munosib va juda yaxshi oylik ish haqi bo‘ladi. Shundagina o‘sha noxush holatlarga barham berilar.
Shu muammoni hal qilish uchun biz oshpazlar assotsiatsiyasi bilan Toshkent shahrida hozir muqobil tizimni joriy etish uchun ishlarni boshlaganmiz…
— Autsorsing?
— Ha, oziq-ovqatlarni autsorsing usulida yetkazish. Hozircha biror yakuniy xulosa berishga erta. Yil yakunlari bo‘yicha barchasini tahlil qilib, 2019 yilda qaysi yo‘l bo‘ylab ketishimizni hal qilamiz.
— Autsorsing bo‘yicha qancha muassasa ishlamoqda?
— 44 ta maktabgacha ta’lim muassasasi. 14 ta kompaniya autsorsing bo‘yicha mahsulotlar yetkazib bermoqda. Ularning barchasi o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashmayotganini qayd etishim kerak. Ularni qora ro‘yxatga kiritib ham qo‘yganmiz. Ayrim kompaniyalar bolalar har qanday insonning hayotidagi eng asosiy shaxs ekanini, ularning haqqiga xiyonat qilmaslik kerakligini unutib qo‘yishmoqda.
— O‘tmishdagi tizimdan meros bo‘lib qolayotgan yana bir narsa bor: ilgari bolalar bog‘chalari yetishmagani, ular to‘lib qolgani uchun ota-onalar o‘z bolalarini joylashtirish uchun pora berishgan. Bog‘chalarda «qora kassa» yuritilgan. Bunga qarshi qanday kurashyapsizlar?
— Agar sohaning «xufiyona» tomonlari haqida gapiradigan bo‘lsak, bunday hodisalar hamon uchrayotgan bo‘lishi mumkin, lekin biz maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan bunday holatlarning oldini olish uchun sa’y-harakat qilmoqdamiz.
Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, guruhlardagi bolalar soni 25 nafardan oshmasligi kerak. Biz bunga tuzatish kiritmoqchimiz. Masalan qishloq joylarda uning sonini 30 tagacha ko‘tarish o‘rinli bo‘lardi. Yuqori planka mavjud shart-sharoitlarga qarab egiluvchan bo‘lishi kerak.
Maqtanishimiz mumkinki, hozir maktabgacha ta’lim sohasida elektron tizim joriy etildi. Biz bolalarni qabul qilish tizimida interaktiv xizmatlarni joriy etib, uni ko‘rsatishda birinchi o‘rinni egalladik. Hozirga kelib bu ochiq va shaffof tizimga aylangan. Ota-onalar uyda o‘tirib Internet orqali o‘z farzandini bog‘chaga navbatga yozishi mumkin.
Ayrim ota-onalar navbat 2-3 oylab siljimayotganidan shikoyat ham qilishmoqda. Men sizlar orqali ota-onalarga murojaat qilib, shunday demoqchiman:
Taassufki, maktabgacha ta’lim muassasasi bolalarni faqat bir yilda uchirma qiladi. Kimdir boshqa yoqqa ko‘chib o‘tishi yoki boshqa sabablar bilangina joy ochilishi mumkin.
Agar ortga nazar tashlasak, 1991 yildan buyon maktabgacha ta’lim muassasalari soni ikki barobar kamayib ketgan. Tug‘ilish esa ko‘payib bormoqda. Bu vaqt ichida aholi soni 13 millionga ko‘paydi. Ayni paytda demografik tendensiya ham pasayishga emas, ko‘payishga ishlamoqda. Albatta, ota-onalar ishlagisi keladi. Buning oqibatida o‘sha aytilgan korrupsiya holatlari yuzaga chiqmoqda.
Lekin biz umid qilamizki, shaffoflik va ochiqlikni ta’minlovchi elektron tizimimiz bu illatga barham beradi.
Ruslan Ramazanov suhbatlashdi
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar