22:23 / 14.04.2020
2 657

Koronavirus nimalarni o‘zgartiradi: huquqshunoslar oldidagi dolzarb masalalar

Koronavirus nimalarni o‘zgartiradi: huquqshunoslar oldidagi dolzarb masalalar
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov mazkur maqolasida pandemiya tufayli joriy etilgan karantin va postkoronavirus davri huquqshunoslar oldiga qanday vazifalarni qo‘yishi haqida so‘z yuritadi.
«Biz qorong‘u damlarda yorug‘ kelajakka boqa olishimiz kerak».
Arastu

Insoniyat tarixi guvohki, dunyo boshiga tushgan har qanday og‘ir tabiiy ofat va inqirozlardan keyin jamiyatlar yanada kuchliroq, mustahkamroq bo‘lib shakllangan. Bunday qiyinchiklardan to‘g‘ri va oqilona ish tutib rivojlanishda yuksak natijalarga erishgan ko‘plab davlatlarni bilamiz.

Misol uchun, o‘rta asrlarda feodal Yevropada tarqalgan vabo («qora o‘lat») jamiyatdagi iqtisodiy-ijtimoiy munosabatlarni tamoman yangi ko‘rinishga olib kelganini yaxshi bilamiz. Ko‘plab olimlar bu voqeani sanoat inqilobiga zamin yaratgan, degan fikrni ham aytishadi.

Biz o‘zbekistonliklar ham butun insoniyat bilan birgalikda katta sinovdan o‘tmoqdamiz. Koronavirus pandemiyasi bizning avlod uchun ko‘lami va shakl-shamoyili bo‘yicha yangilik bo‘lishi mumkin, lekin tarixda bashariyat bundan-da og‘irroq sinovlarni yenggan. Bu safar ham albatta shunday bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytadigan bo‘lsak, ko‘pni ko‘rgan xalqimiz yanada jipslashib, ahil va hamjihat bo‘lib, bu murakkab sinovlarni ham mardona yengib o‘tadi.

Koronavirus bilan bog‘liq holat, birinchidan, nafaqat biz ko‘nikib qolgan odatiy munosabatlarni atroflicha qayta ko‘rib chiqishga, balki ularga o‘zgacha rakursdan qarashga, ayrimlarini esa tahrirlashga, keyingi hayot tarzimizni ham yangicha anglashga va rejalashtirishga majbur qiladi.

Bugun hayotimizda kechayotgan jarayonlar ertaga yangi kasblar, yangicha g‘oyalar, yangi ko‘nikmalar va qoidalarning shakllanishiga olib keladi, kerak bo‘lsa, jamiyatdagi qadriyatlar tizimini ham qayta tafakkur qilishga undaydi.

Koronavirus sharoitida yuzaga keladigan masalalar, ularning sohalari, ko‘rinishlari ham xilma-xil: tibbiy-sanitariya munosabatlardan tortib, ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy, psixologik, ma’naviy-falsafiy va boshqa sohalarda savollar talaygina.

Masalan, bugungi karantin sharoitida aksilinqiroz boshqaruvining huquqiy ta’minlovi qanday bo‘lishi lozim, mazkur jarayon ijtimoiy munosabatlarga qanday ta’sir ko‘rsatadi, shartnomaviy majburiyatlar qanday bajariladi, huquqlar qanday ta’minlanadi, shoshilinch choralar va inson huquqlari muvozanati, aholiga huquqiy xizmatlar ko‘rsatishning evrilishi qanday kechadi, onlayn munosabatlar rivojining huquqiy ustunlari yetarlimi, shaxsiy ma’lumotlar qanday himoyalanadi? Ya’ni chaqiriqlar, yechimlar, dunyo tajribasi va istiqbol...

Zero, ertasini o‘ylaydigan har qanday jamiyat ikki, uch, hatto o‘n qadam oldinni ko‘zlab yashamog‘i lozim.

Bir so‘z bilan aytganda, yuridik hamjamiyat oldida postkoronavirus ijtimoiy-huquqiy munosabatlarining yangilangan ko‘rinishini tasavvur etish va shunga yarasha choralarga oldindan tayyorgarlik ko‘rish vazifasi ko‘ndalang turibdi. Hali pandemiya to‘liq yengilmagan bo‘lsa-da, biz masalaga javob izlashni hozirdanoq boshlashimiz kerak.

«Raqamli iqtisodiyot» sari
Albatta, mutaxassis bo‘lmasa-da, har qanday inson ham bundan buyog‘iga texnologiyalarining qamrovi tubdan kengayishini tushunib, bilib turibdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan joriy yilning «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» deb e’lon qilinishi va shunga mutanosib ravishda tegishli Davlat dasturi tasdiqlanib, uni amalga oshirishga kirishilgani bugun sodir bo‘layotgan voqealar rivojiga hamohang javob berishimizda turtki bo‘ldi.

Dasturda belgilangan tadbirlarni yil so‘ngini kutmasdan bugunoq amalga oshirishga kirishishimiz lozimligini hayotning o‘zi taqozo etmoqda. Misol uchun, karantin onlayn savdo-sotiqning taraqqiyotiga keng imkoniyatlar yaratib bermoqda. Hatto elektron bozorlar shakllanishi, yetkazib berish xizmatining misli ko‘rilmagan darajada kengayishi yuz berdi.

Ammo karantindan so‘ng ularning bu sifat ko‘rsatkichlarini saqlab qolib, boshqa xizmat sohalar va iqtisodiyot tarmoqlariga informatsion texnologiyalarni keng joriy etishga keng yo‘l ochib berish, mazkur jarayonda iste’molchilar huquqlarini ishonchli himoya qilish va umuman olganda huquqiy asoslarini mustahkamlash kabi qator savollarga javob topishimizga to‘g‘ri keladi.

Bu, o‘z navbatida, iqtisodiy rivojlanishga zamonaviy tus beruvchi yaxshi turtki bo‘ladi.

Shuningdek, axborot texnologiyalarini qo‘llashda bir jihatni aslo unutib bo‘lmaydi, ya’ni shaxsiy ma’lumotlar himoyasi. Katta hajmdagi ma’lumot (Big data) mavzusi ham koronavirus tufayli bugun har qachongidan-da dolzarblashdi. Chunki dunyo mamlakatlari tajribasidan ma’lum bo‘ldiki, kasalikka chalingan shaxslarni aniqlash maqsadida mazkur texnologiyalardan keng foydalanilmoqda. Shu bilan birga, kelajakda bu kabi amaliyot qat’iy nazorat ostida va qonunchilikka so‘zsiz rioya qilgan holda amalga oshirilishi lozim. Har bir fuqaro o‘ziga tegishli shaxsiy ma’lumoti muhofazalanganini his qilib, kafolatini sezib yashashi lozim.

Davlat boshqaruvi mexanizmlarining yangi bosqichi
Mazkur yo‘nalishda fikr yuritar ekanmiz, davlat boshqaruvini tashkil qilishning keyingi qadamlarini ham kiritish o‘rinli bo‘ladi. Bu borada hozirgi sharoitda amalga kiritilgan yangiliklar saqlab qolinib, ixchamlashgan davlat boshqaruv apparati va zamonaviy ishlash uslublari yanada kiritib borilishini taqozo qilmoqda.

Masalan, ortiqcha majlislarga barham berilgani bilan ishlar to‘xtab qolmadi, ish samaradorligi oshdi, byurokratiya kamaydi, ortiqcha qog‘ozbozlik qisqardi. Bu esa mazkur tizimning kelajakda yanada rivojlanishi uchun barcha imkoniyatlar borligini ko‘rsatdi.

Albatta, byurokratiya davlat boshqaruvida to‘liq yo‘q bo‘lib ketmaydi, buning aslo iloji yo‘q. Buyuk nemis olimi, zamonaviy sotsiologiya asoschilaridan biri Maks Veber ta’biri bilan aytganda, inson aktiv faoliyatini tashkillashtirishda, tartib va intizomni ta’minlashda, tizimli vazifa va funksiyalarni bajarishda hamda samaradorlikni maksimallashtirishda «oqilona byurokratiya» bo‘lishi lozim.

Ko‘plab idoralar o‘zlarining ortiqcha va samara bermaydigan bo‘g‘inlarini aniqlagan bo‘lsa, ajab emas. Demak, har bir tashkilot o‘z ishini yanada maqbullashtirish uchun imkoniyat yaratildi.

Budjet mablag‘larini iqtisod qilish nuqtayi nazaridan esa, bu ayni muddao bo‘ladi. Shunda vazirlik va idoralarni moliyalashtirishda yagona tamoyillarga o‘tish va zamonaviy uslublarni qo‘llash imkoniyatlari tug‘iladi.

Aksilinqiroz boshqaruvini huquqiy ta’minlash
Tan olish lozimki, dunyoda biror bir mamlakat hozirdagi kabi global inqiroz sharoitida tayyor yo‘riqnomaga ega emas, chunki oldin yuz bergan inqirozlar davrida jahon mamlakatlari bugungidek globallashuv va kommunikatsiyalar bilan uzviy bog‘langan emas edi.

Shu bois zarur choralar inqirozga qarshi kurash jarayonining o‘zida vaziyatdan kelib chiqib, qolaversa boshqa davlatlar xatolaridan xulosa qilinib, tezkor ravishda belgilanmoqda. Bu borada esa eng muhim omil jamiyat, davlat va shaxs manfaatlarining uyg‘unligini topishdan iboratdir. Albatta, ushbu uch tushunchani keltirishda ularning o‘rnini almashtirish, ustuvorlikni ulardan qaysi biriga berish lozimligi haqida baxslar talaygina va bu yana davom etishi aniq.

Shu o‘rinda, mamnuniyat bilan qayd etish lozimki, davlat boshqaruvining o‘zaklaridan biri bo‘lmish qonun ijodkorligi sohasi axborot texnologiyalari sharofati bilan karantin sharoitiga tayyorligi ko‘zga tashlandi. Zero, 2019 yildan boshlab hujjatlarni elektron ishlab chiqish va kelishish tartibi va tizimi joriy qilingani hamda unga 200dan ziyod turli tashkilotlarning, jumladan barcha davlat organlari, yirik kompaniyalar, banklar, uyushmalar, konsernlar ulangani bugun ayni muddao bo‘ldi.

Mazkur tizim yordamida mamlakatimizda qonun ijodkorligi jarayoni samarali va uzilishlarsiz davom etmoqda hamda koronavirusga qarshi kurash borasidagi qarorlar qabul qilinmoqda.

Lekin bu – masalaning faqatgina texnik tomonidir. Tabiiy ravishda tezkorlikda ishlab chiqilishi lozim bo‘lgan choralar va ular aks etadigan qonun hujjatlarning mazmun-mohiyati, ularda, yuqorida ta’kidlaganimiz, jamiyat, davlat va inson manfaatlarining muvozanatini ta’minlash masalasi har doim dolzarb bo‘lib qolaveradi.

Davlat xizmatlari ko‘rsatishning istiqbollari
Hayot davom etar ekan, koronavirus tufayli kishilarning ehtiyojlari kamayib qolmaydi, balki ularning qondirilishi keyinroqqa suriladi, xolos. Ko‘pchilik tashkilotlar o‘z faoliyatini vaqtincha qisqartirgani tufayli karantindan keyingi dastlabki davrda aholi tomonidan davlat xizmatlarini olishga bo‘lgan ehtiyoj oshib ketishi mumkin.

Xuddi shu holat sud-tartibot organlarida ham yuz berishi kutilmoqda. Chunki ko‘plab ishlar kechiktirilgan, oldingi to‘xtatilgan va yangi ishlarning oqimi yaqin istiqbolda tizim ishiga ta’sir qilishi tabiiy.

Shu bois endilikda mazkur yo‘nalishda eskicha ishlab bo‘lmasligi bugunoq ma’lum bo‘lmoqda. Nimaniki o‘zgartirish, yangilash, takomillashtirish va maqbullashtirish mumkin bo‘lsa, bu ishni hozirdan jadal amalga oshirish lozim bo‘ladi.

Agar mazkur holatni o‘z vaqtida payqamay, zarur choralar bugun ko‘rib qo‘yilmasa, yaqin oylarda davlat organlari oldida yirik navbatlar yuzaga kelishi, ish hajmi keskin oshishi va vaziyatdan chiqishning eng oson yo‘li sifatida «korrupsiya»ga murojaat qilish hollariga imkoniyat yaratilishi mumkin.

Shunday ekan, tezkorlik bilan ishlash talab etilayotgan bir davrda qonuniylikni ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish yanada dolzarb masala bo‘lib, ertaga yuzaga chiqadi, deya komil ishonch bilan aytish mumkin.

Davlat rahbarining bu borada alohida organ ochish kerakligi haqidagi taklifi naqadar asosli bo‘lgani ayni vaqtda yana bir bor o‘z isbotini topdi.

Zero, hech bir davlat va jamiyat insoniyat tarixida ham, hozirgi davrda ham va kelajakda ham to‘liq qonunbuzarliklardan xoli bo‘la olmaydi. Eng asosiysi, qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan kuchli profilaktika tizimining mavjud bo‘lishi, agar qonunbuzarlik sodir etilgan bo‘lsa – bunga darhol chek qo‘yadigan va ta’qib qiladigan hamda javobgarlikning muqarrarligini ta’minlaydigan adolatli tizimning ishlashidir. Bu yo‘nalish O‘zbekiston uchun yaqin va uzoq kelajakda eng dolzarb bo‘lib qolishi aniq.

Fuqarolarga huquqiy xizmat ko‘rsatish qanday bo‘ladi?
Yurtimizda kechayotgan umumiy jarayonga hamohang ravishda, yaqin kelajakda notarial harakatlarni masofadan turib amalga oshirish mumkin bo‘ladi.

Bu yo‘nalishdagi ishlar allaqachon boshlab yuborilgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq, mol-mulk ijara shartnomasi, undan tekin foydalanish shartnomasi; uni boshqa shaxsga o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan ishonchnoma kabi notarial harakatlar masofadan turib, elektron raqamli imzodan foydalangan holda hamda videokonferensaloqa orqali rasmiylashtirilishi mumkin.

Hozirda «e-notarius.uz» portali orqali notariuslarga elektron murojaat qilib, elektron navbatga yozilish va hujjatlarni elektron yuborish imkoniyati mavjud. Endilikda notariuslar tomonidan mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan notarial harakatlarni masofadan turib bajarish imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, aeroportlar va temir yo‘l vokzallarida infokiosk avtomatlari orqali ham ushbu turdagi notarial harakatlarni onlayn rasmiylashtirish ko‘zda tutilgan.

Xuddi shunday, jamiyatda inson huquqlarini ta’minlashning muhim kafolatli sifatida avokatura institutini yanada rivojlantirish, sud-huquq tizimida advokat maqomi va rolini kuchaytirish ustuvor strategik maqsadlarga mos keladi.

Nizolarni hal qilishning muqobil usullari bo‘lgan hakamlik
va mediatsiya institutlarini rivojlantirish mamlakatni yuridik sohadagi ilg‘or yutuqlarga yetaklaydi. Albatta, bu ham pandemiyadan keyin o‘sishi kutilayotgan aholining va biznesning yuridik xizmatlarga bo‘ladigan ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladi.

Mehnat qonunchiligining yangi ufqlari
Masofadan ish olib borish haqida gap ketganda, mehnat qonunchiligini eslab o‘tmay iloj yo‘q. Sababi, bizning qonunchiligimizda shu paytgacha xodimning masofaviy ishini tashkil etish masalasi bevosita va atroflicha ochib berilmagan edi. Endi bo‘lsa, bu ish uslubi ham o‘zini oqlashi, amaliyotda qo‘llanishi mumkinligi isbotini topdi.

Shunday ekan, mazkur masalaning huquqiy jihatlarini ishlab chiqish huquqshunoslar oldida turgan dolzarb masalalardan biridir.

Boshqa tomondan ko‘plab korxonalar va xodimlar o‘rtasidagi mehnat munosabatlari jiddiy o‘zgarishga duch keldi. Jumladan, budjet tashkilotlarida xodimlarga mehnat ta’tili yoki ish haqi saqlanmaydigan ta’til berish borasida qator masalalar yuzaga kelgan bo‘lsa, xususiy sektordagi ish beruvchilarning ijtimoiy majburiyati masalasi ham qator savollarni ko‘tardi.

Mazkur vaziyatda karantindan so‘ng mehnat nizolari yuzaga kelishi mumkin. Bu esa, mulk shaklidan qat’i nazar, sud organlari hamda barcha tashkilotlarning yuridik xizmatlari yoki huquqshunoslari zimmasiga juda katta mas’uliyat yuklaydi va bunga tegishli tayyorgarlik ko‘rish kerak bo‘ladi.

Fuqaro dardini davlat tinglaydi
Davlat va fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlarning eng yirik yo‘nalishlardan biri bu – yuridik va jismoniy shaxslar murojaatlari bilan ishlashdir.

Karantin tufayli bu borada ham ish tizimi o‘zgardi. Davlat organlari rahbarlarining shaxsiy qabullarini, sayyor qabullarni qisqartirishga va vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lindi. Fuqarolar ham vaziyatni to‘g‘ri tushunib, o‘zlarining hayotiy masalalarini va shaxsiy muammolarini davlat organlaridan talab qilishni aksariyat hollarda keyinroqqa qoldirib turishibdi.

Shu bilan birga, mazkur masalalar o‘z-o‘zidan hal bo‘lib qolmaydi. Shunday ekan, davlat organlari, ayniqsa mahalliy hokimiyat idoralari murojaatlar bilan ishlash tizimini, Xalq qabulxonalari, barcha-barcha mutasaddilar o‘z ishlarini muvofiqlashtirgan holda olib borishini taqozo etadi.

Takroriy murojaatlarning oldini olish maqsadida barcha tizimlar yagona platforma orqali ishlashga o‘tsa, har bir murojaat bir nafasda hal etilsa, samaradorlik oshgan bo‘lardi.

Inson huquqlari va burchlari muvozanati
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, xalqning hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xavflarga qarshi kechiktirib bo‘lmas choralarni ko‘rish talab qilinishi bor gap. Davlat jamiyat va shaxs manfaatlarini ko‘zlab shunday choralarni ko‘rmoqda ham.

Ularning mazmuni faqat bir narsaga qaratilgan – insonning birlamchi uzviy huquqi bo‘lgan yashash huquqini va sog‘liqni saqlashga oid huquqlarini ta’minlash.

Boshqa tomondan, pandemiya tufayli kelib chiqqan inqiroz kelgusida ayrim ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarga olib kelishining oldini olish – davlatning tub maqsadlaridan yana biridir.

Chunki, davlat va har bir fuqaroni bitta ijtimoiy shartnoma bog‘lab turadi – Konstitutsiya. Bu XVII asrlarda shakllangan ingliz olimi Tomas Gobbs nazariyalariga asoslangan juda to‘g‘ri institut bo‘lib, unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi va davlat bir-biriga nisbatan bo‘lgan huquqlari va burchlari bilan o‘zaro bog‘liqdirlar.

Shunday ekan, har qanday sharoitda inson huquqlarini ta’minlash davlat uchun ustuvor vazifa bo‘lib qoladi. Bugungi shaxsiy huquqlarni amalga oshirishda yuzaga kelayotgan noqulayliklar, jumladan yurish-turishdagi, harakatlanishdagi cheklovlar jamiyat sog‘ligi, millat sog‘ligi va kelajagi uchun qilinayotganini va bular vaqtincha ekanini barchamiz tushunib turibmiz.

Va albatta, bunday holatda jamiyat havfsizligi, sog‘ligi va huquqlari shaxsiy huquqlarga nisbatan ustuvor ahamiyatga ega ekanligini ham tan olish zarur.
Shu bilan birga, karantin cheklovlari sharoitida qoidalar va belgilangan tartiblarning buzilishi yuzasidan berilayotgan xabarlar va statistika, jamiyatda huquqiy ong va madaniyatni rivojlantirish yuzasidan oldimizda ishlar talaygina ekanligini ko‘rsatmoqda.

Demak, bugun va kelajakda aholi orasida qonuniylikni targ‘ib qilish, huquqiy nigilizmni bartaraf etish, umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish hissini uyg‘otish ishlari umuman yangicha darajada va sifatda davom etishi kerak bo‘ladi.

Shartnomalar – tomonlarni bir-biriga bog‘lovchi ko‘rinmas ipdir
Shartnomaviy munosabatlar – ta’bir joiz bo‘lsa, o‘zbek huquq tizimining hali ishlov berishga muhtoj sohasi.

Ko‘p hollarda, aholi va hatto tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan shartnoma shartlari sinchkovlik bilan o‘rganib chiqilmasligining guvohi bo‘lamiz. Pandemiya sharoitda esa ayrim sohalarda shartnomalarni bajarish imkoniyati sezilarli kamayadi, jumladan, qurilish, savdo, ishlab chiqarish, aviaqatnovlar va hokazolarda. Shunday ekan, tomonlar bugungi kunda o‘z shartnomalarini takroran juda chuqur tahlil qilayotgan bo‘lishsa ajab emas.

Vaqtinchalik iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli qarz masalalari ham yana dolzarblashadi, ijara shartnomalariga asosan to‘lovlarni amalga oshirish va muddatlarni qayta ko‘rib chiqish, shuningdek, kechiktirilgan majburiyatlarning ijrosini ham ta’minlash vazifalari yotadi.

Bu borada bugungi kun uchun eng dolzarb masala, albatta, fors-major holatlariga aniqlik kiritish hisoblanadi. Aslida ushbu mexanizm shartnomalarda soatdek ishlashi kerak. Chunki har doim biznesni rivojlantirish uchun turtki bo‘lgan omil – bu risklarni boshqarish. Shuning uchun, bu faoliyatimizning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi tabiiy.

Kelajakda esa klaster shaklidagi ishlab chiqarish, elektron tijorat, kriptovalyuta aylanmasi, yer uchastkalarini xususiylashtirish, ulushli qurilish va boshqa zamonaviy fuqarolik-huquqiy institutlarda shartnomaning rolini oshirish zarur bo‘ladi. Jahon bankining «Biznesni yuritish-2020» reytingida «Shartnomalar ijrosini ta’minlash» indikatori bo‘yicha O‘zbekistonni dunyoning yetakchi 20ta davlatlari qatoriga kiritishni ham ta’minlash kerak.

Davlatimiz rahbarining o‘z vaqtida qabul qilingan qarorlari bilan korxonalarning bankrotligi vaqtincha to‘xtatildi. Shu bilan birga, ob’ektiv sabablarga ko‘ra, kelajakda bu masala yana kun tartibiga chiqishini e’tiborga olib, bunda bankrotlik jarayoni orqali korxonalarning parchalanishi yoki yo‘q bo‘lishi emas, balki ularni kreditorlardan himoya qilish mexanizmlari orqali sog‘lomlashtirish va qayta oyoqqa qo‘yish muhim bo‘ladi.
* * *
Xulosa o‘rnida
Biz yuqorida to‘xtalib o‘tgan masalalar ijtimoiy-huquqiy sohada oldimizda turgan muammolarning faqatgina yuza qismi xolos. Aslida mulohaza yuritish lozim bo‘lgan juda ko‘plab masalalar bor.

Umuman olganda, biz huquqshunoslarning bugungi vazifamiz – davlatimiz va jamiyatimizga yuridik va huquqni qo‘llash sohasidagi pandemiya tufayli yuzaga kelgan chigalliklarni yechishga ko‘maklashishdir.

Uzoq istiqbolda esa – kelgusida har qanday murakkab vaziyatlarda ham davlatimiz, jamiyatimizning barqaror rivojlanishini ta’minlaydigan va insonlarning kamolotiga xizmat qiladigan huquqiy ustunlarni mustahkamlashdan iboratdir.

Barchamiz amin bo‘lib turibmizki, endi dunyomiz biz ko‘nikkan ko‘rinishda bo‘lmaydi. Biz yangicha munosabatlar tizimini qurish bosqichiga kirib boramiz. Bu jarayonning qoidalarini qog‘ozga tushirish huquqshunoslarning bugungi avlodi chekiga tushgan.

Shu munosabat bilan, yuridik hamjamiyatimizga bugun ijod qilish uchun o‘ziga xos imkoniyat yaratgan «o‘zini yakkalash» hayot tarziga amal qilinayotgan sharoitda yuqoridagi va boshqa dolzarb huquqiy masalalar haqida bosh qotirishga, mulohazalarni faol chop qilishga, postkoronavirus ijtimoiy-huquqiy tizimining takomillashishiga o‘z hissasini qo‘shishga chaqiramiz.

Ruslanbek Davletov,
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Koronavirus nimalarni o‘zgartiradi: huquqshunoslar oldidagi dolzarb masalalar