
Poytaxtda ekologik nazorat kuchaytirildi: chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash va sanitariya qoidalarini buzgan shaxslarga nisbatan 2 milliard so‘mdan ortiq ma’muriy jarimalar qo‘llandi, deb xabar berdi shahar hokimligi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Toza hudud” va “Toza poytaxt” loyihalari doirasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar natijasida 585 ta mahalladagi chiqindilar yig‘ilib, 14 ming tonna maishiy va qattiq chiqindi maxsus poligonlarga joylashtirilgan.
Shuningdek, 8,5 mingdan ortiq ko‘p qavatli uy hududlari tozalangan, 2,8 ming tup daraxt kesilib emas, balki parvarish qilinib, shakl berilgan. Kanallar va daryolarda to‘plangan 315 tonna chiqindi ham yig‘ishtirib chiqilgan.
Shahar bo‘ylab sanitariya holatini o‘rganish jarayonida 594 ta obyekt tekshirilib, 365 tada qonunbuzilish holatlari aniqlangan va bartaraf etilgan.
Hokimlikning ma’lum qilishicha, chiqindilarni ruxsat etilmagan hududlarga tashlagan fuqarolarga nisbatan qonun doirasida jazo choralari ko‘rilayotgan, ayrim holatlarda profilaktik suhbatlar ham o‘tkazilmoqda.
Ma’lumot uchun, 2026-yil 1-yanvardan boshlab chiqindi xizmatlari uchun to‘lovlar uyma-uy yurib yig‘ilmaydi, balki faqat ko‘rsatilgan xizmatlar asosida hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!