23:55 / 11.08.2024
935

“O‘zbekcha nokaut”: Qozog‘iston va O‘zbekistonning Parijdagi natijalari taqqoslandi

“O‘zbekcha nokaut”: Qozog‘iston va O‘zbekistonning Parijdagi natijalari taqqoslandi
Qozog‘iston ommaviy axborot vositalari ekspertlari mamlakat olimpiyachilarining Parij Olimpiadasidagi ishtirokini tahlil qilishda ularning ko‘rsatkichlarini o‘zbek sportchilari qayd etgan natijalar bilan solishtirmoqda.

Xususan, Olimpiya o‘yinlarini keng yoritib kelgan sportarena.kz sayti quyidagi tahlilni chop etdi.

Qozog‘iston terma jamoasi Olimpiya o‘yinlarini bitta oltin, uchtadan kumush va bronza medallar bilan yakunladi. Bu Tokiodagi natijalar (sakkizta bronza medal) bilan solishtirganda muvaffaqiyat. Lekin eng katta muammo tahlillar, ekspertizalar aynan mana shu avvalgi natija bilan solishtirilyapti, ko‘rsatkichlarni zo‘rlar bilan taqqoslash kerak, zaiflar bilan emas, degan fakt rad etilmoqda. Shunda ham Parijdagi o‘yinlar “tarixdagi eng past natijalar” seriyasida ikkinchi bo‘lib turibdi.

Ha, bitta oltin va uchta kumush medal bor, lekin sovrinlarning umumiy soni avvalgi o‘yinlarnikidan kam bo‘ldi-ku.

2021 yilgi Tokio Olimpiadasidan keyin jurnalistlar sport rahbariyatini “nega natijalar past, O‘zbekiston esa, uchta oltin medal oldi?”, deb bosim ostiga olgandi. U savollarga eng mashhur javob “Nima siz o‘zbek sportini biznikidan uch baravar kuchli, deb o‘ylaysizmi?” tariqasida bo‘lgan.

Qo‘shnilarimiz – do‘stlarimiz va raqiblarimizning nimalarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ygani, qaysi yo‘nalishda rivojlanayotganini o‘rganish, tahlil qilish xohishi ham, harakati ham bo‘lmadi. Tokio Olimpiadasidan uch yil o‘tib, biz shunday xulosa oldik: Agar oltin medallarni hisobga olsak, bizning sport O‘zbekistonnikidan sakkiz karra past ekan.

Qo‘shnilarimiz bizlarni milliy sport darajasiga ko‘tarilgan va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlab kelinayotgan sport turlarida har tomonlama ortda qoldirdi.

Ushbu holatga e’tibor bering:

Boks. Qozog‘istonda bittadan kumush va bronza medal, O‘zbekistonda beshta oltin medal.

Dzyudo. Biz tomondan Yeldos Smetovning “oltin jasorati” va Gusman Qirg‘izboyevaning bronzasiga qo‘shnilarimiz bitta oltin va ikkita bronza medal bilan javob qaytardi.

Taekvondo. Qozog‘istonlik murabbiy bu sport turi bo‘yicha Tunis olimpiyachilarini ko‘tarayotgan pallada, qozoq taekvondosi og‘ir ahvolga tushib qolgan. Parijda birorta medal bo‘lgani yo‘q. Mayli, bunisi ham qo‘rqinchli emas. Eng dahshati – Olimpiya o‘yinlarida medal olishga imkon ham yo‘qligida. O‘zbekiston jamoasida esa, Ulug‘bek Rashitov faoliyatidagi ikkinchi olimpiya oltin medalini, Svetlana Osipova kumush medalni o‘ziniki qildi.

Sport kurashlari. Demeu Jadrayev kurashimizni barbod bo‘lishdan saqlab qolgani uchun unga katta rahmat. U kumush medal oldi, biroq qo‘shnilarimiz bu borada ham ilgarilab ketdi. Ularning natijasi: erkin kurashchilardan bittadan oltin va bronza medal.

Bu Olimpiadada to‘rt nafar erkin kurashchimizga atigi bitta bahsdagi g‘alaba to‘g‘ri keldi.

Og‘ir atletika. Qozog‘istondan birorta polvon Olimpiadaga chiqa olmagan pallada, o‘zbeklardan Akbar Jo‘rayev avvalgi oltiniga endi kumush medalni ham qo‘shib qo‘ydi.

Bu Olimpiadada “qariya” sportchilarimiz qatnashgani omadimiz bo‘lib chiqdi, ular uchun bu oxirgi musobaqasi bo‘lishi mumkin. Yeldos Smetov 32 yosh, Nazim Kizaybay 31 ga, Gusman Qirg‘izboyeva 32 ga, Demeu Jadrayev 35 ga kiradi. Ular Parijdagi natijalar Tokionikidan yaxshiroq bo‘lishi uchun borini berib harakat qilishdi.

Lekin negadir hech kim nega Qozog‘istondan Smetovga o‘xshab, ketma-ket uchta Olimpiadada yuqori darajada qatnasha oladigan sportchilar chiqishi to‘xtaganini muhokama qilmayapti. O‘zbekistondan bu gal to‘rtta olimpiya chempioni qatnashdi, ulardan uch nafari o‘z g‘alabasini takrorladi, yana bir atlet kumush medalga ega chiqdi.

Olimpiya o‘yinlaridan o‘rganishimiz kerak bo‘lgan eng muhim saboq – tan olish. Biz qo‘shnilarimiz o‘tib ketganini e’tirof etishimiz va nima qilishni tanlashimiz kerak. Qo‘lni ko‘tarib taslim bo‘lishimiz yoki kelajak uchun kurashishni boshlash lozim.

Samarali tahlil o‘tkazish, milliy terma jamoalarga saralashni shaffof tarzda tashkil qilish va yana ko‘pdan ko‘p boshqa islohotlarni amalga oshirish shart.

Aks holda Los-Anjelesdagi keyingi Olimpiya o‘yinlarida hozirgi natijalar ajoyib ko‘rsatkich sifatida ko‘rinadigan bo‘lib qoladi, - deb yozmoqda sportarena.kz sayti jurnalisti Leonid Yurev.

Eslatib o‘tamiz, Parij Olimpiadasida Qozog‘iston terma jamoasi bitta oltin, uchta kumush va uchta bronza, jami 7 ta medal bilan umumjamoa hisobida 43-o‘rinni egalladi.

O‘zbekiston sport delegatsiyasi vakillari 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza, jami 13 ta medal bilan umumiy reytingda 13-pog‘onani band etdi. Bu sportchilarimizning Olimpiya o‘yinlari tarixidagi eng zo‘r natijasi bo‘ldi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “O‘zbekcha nokaut”: Qozog‘iston va O‘zbekistonning Parijdagi natijalari taqqoslandi