date

Eldor Shomurodov atrofida yangi transfer intrigasi kuchaymoqda

Eldor Shomurodov atrofida yangi transfer intrigasi kuchaymoqda

O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng samarali hujumchilaridan biri Eldor Shomurodovning transfer huquqi hanuz Italiyaning «Roma» klubiga tegishli ekani ma’lum. 30 yoshli legioner yozgi transfer oynasida «Istanbul Bashakshehir» safiga to‘liq sotib olish huquqi bilan ijara asosida yo‘l olgandi. Turkiyadagi ilk oylardayoq u yuqori darajadagi o‘yini bilan barcha e’tiborni o‘ziga qaratdi.

Eldorning Turkiyadagi porlashi

Shomurodov joriy mavsumda Superliganing dastlabki 12 ta uchrashuvida raqib darvozabonlarini 8 marta qayg‘urdirdi. Uning yana bir golli uzatmasi bor. Jamoasi tomonidan urilgan 13 ta goldan sakkiztasi Eldorning hisobiga yozilgani — uning hozirgi klubdagi o‘rni va ta’sirini yaqqol ko‘rsatadi.

«Bashakshehir» bosh murabbiyi Nuri Shaxin ham o‘z intervyularida Shomurodovning ishonchli o‘yini va yetakchilik fazilatlarini alohida e’tirof etmoqda.

Nega Eldor «Roma»dan ketdi?

Aslida Eldor «Roma»dagi so‘nggi mavsumini muvaffaqiyatli o‘tkazgandi. Klaudio Raneri qo‘l ostida u jamoaning asosiy hujumchilaridan biriga aylangan. Biroq Ranerining nafaqaga chiqishi va uning o‘rnini Jan Pero Gasperini egallashi ortidan Eldor yangi chempionatda o‘zini sinab ko‘rishga qaror qildi.

Transfer muzokaralari qiziy boshladi

Qishki transfer oynasi yaqinlashar ekan, «Bashakshehir» klubi Shomurodovning to‘liq transferi masalasini oldindan hal qilishni istamoqda. Turk klubi bu borada «Roma»ga rasmiy taklif yuborganini mahalliy manbalar yozmoqda.

fotomac.com.tr sayti quyidagicha yozadi:

– «Bashakshehir» rahbariyati mavsum boshida 3 mln yevro evaziga ijaraga olingan Shomurodovni to‘liq sotib olish uchun «Roma» bilan muzokara boshlaydi. Eldor hozirgacha Superligada 8 gol va 1 assist qayd etdi».

Shu bilan birga, italiyalik jurnalist Melissa Landolina («romaforever.it») qo‘shimcha qiladi:

– «Eldor Italiyada boshlangan yaxshi forma seriyasini Turkiyada davom ettirmoqda. Rim klubi uning o‘yinini diqqat bilan kuzatyapti. To‘liq transfer taxminiy 2,8 mln yevro atrofida bo‘lishi mumkin. “Roma” keyingi transferdan 10 foiz ulush olish huquqini saqlab qoladi».

Abbosbek Fayzullayev haqida ham ijobiy yangilik

Muxlislarni quvontirgan yana bir xabar — jarohatdan forig‘ bo‘lgan Abbosbek Fayzullayev umumiy mashg‘ulotlarga qaytdi. U sport formasini tiklashi bilan «Bashakshehir»ga yordam berish imkoniga ega bo‘ladi.

Navbatdagi muhim bellashuv

«Bashakshehir» 24 noyabr kuni o‘z maydonida Superligada uchinchi o‘rinda borayotgan «Trabzonspor»ni qabul qiladi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan 22:00 da start oladi.

Eldorning transfer atrofidagi jarayonlar, uning yorqin o‘yinlari va ikki klubning qizg‘in muzokaralari — barchasi qishki oylarda yanada katta intriga paydo qilishi shubhasiz.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodov atrofida yangi transfer intrigasi kuchaymoqda