21:45 / 07.09.2024
77

Barchaning ishtahasini ochib yuborgan 8.5 ta o‘rin, biz yolg‘iz emasmiz!

Barchaning ishtahasini ochib yuborgan 8.5 ta o‘rin, biz yolg‘iz emasmiz!
Bir kun kelib O‘zbekistondan Rossiyaga ishlagani ketgan migrantlar evaziga terma jamoamiz safi "Spartak", SSKA, "Zenit", "Lokomotiv" kabi Premer liganing kuchli jamoalarining asosiy tarkiblarida o‘ynaydigan futbolchilar evaziga to‘lib toshadi.

Nimaga deysizmi, bugun Rossiyada faoliyat olib borayotgan aksar hamyurtlarimizning farzandlari rus klublari akademiyalarida o‘ynab kelyaptilar. Bu bilan nafaqat O‘zbekiston, balki Qirg‘iz Respublikasi va Tojikiston ham o‘sishga erishadi. Masalan, Rossiyaning 2008 yilda tavallud topgan eng zo‘r futbolchilaridan biri asli o‘zbek millatiga mansub, tojikistonlik, Rossiya fuqarosi sanaladi. Ko‘pchilik avvaliga Rossiya terma jamoasidan taklif kutadi, undan keyin boshqa yo‘nalishni qidiradi. Xuddi, Ispaniya, Italiya va Fransiyadagi afrikalik migrantlar birinchi Yevropa taklifini ko‘rib chiqadi, undan keyin o‘z terma jamoasiga o‘ynaydi. Bularning aksari ko‘p hollarda o‘smirlar va yoshlar terma jamoasi davrini yashayotgan mamlakati sharafini himoya qilish bilan o‘tkazib, MTJga o‘ta olmasa ota yoki ona yurti uchun faoliyat olib boradi.

Bu imkoniyatdan bugun Indoneziya terma jamoasi unumli foydalanyapti. Bir paytlar Niderlandiyaga qaram bo‘lgan Indoneziyaning ko‘plab aholisi yillar davomida Yevropaga migratsiya bo‘lgan. O‘shalarning farzandlari, nabiralari bugun Yevropa futbol maktabi tarbiyalanuvchisi sifatida Indoneziyani JCHga olib chiqish yo‘lida maydonga chiqyaptilar. Saudiya Arabistoni bilan bo‘lib o‘tgan bahs bunga yaqqol misol.

Raqiblarimiz yoshligidan o‘z avlodini Yevropadan izlayotgan bir paytda, O‘zbekistonning turli yoshdagi o‘smir va yoshlar terma jamoalarida bugun ahvol yaxshimas. Ayniqsa mana shu kabi futbolchilar uchun seleksiya ishlari nolga teng. Yoshlar terma jamoalariga esa o‘z ishini mukammal biladigan mutaxassislar o‘rniga, qandaydir noaniq kriteriyalar evaziga murabbiylar tayyorlanishi davom etyapti. Albatta buning oqibatini 5-6 yildan keyin ko‘ramiz, lekin unda kech bo‘ladi va biz Vetnam kabi mamlakatlar bilan raqobatlashishga majbur bo‘lamiz. Rahbariyat bugungi shirin g‘alabalar bilan sarmast.

Kecha kanalimda Falastin haqida kichik post qoldirdim. Bugun ularning tarkibini sinchiklab tekshirib chiqsam, MTJ safida Chili, Ispaniya, Shvetsiya, Daniya kabi futboli rivojlangan mamlakatlarda tavallud topgan, bir paytlar o‘sha yerdan qo‘nim topgan falastinliklarning farzandlari faoliyat olib boryapti. Bugungi siyosiy vaziyatdan kelib chiqadigan bo‘lsak, 20 yil o‘tib bu kabi futbolchilar yanada ko‘payadi va ular ham Indoneziya kabi JCH ga chiquvchi mamlakatlar qatorida favorit sifatida tilga olinadilar.

O‘smirlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan CAFA musobaqasida ikkinchi tarkibi bilan, deyarli yig‘in o‘tkazmagan holda finalda Afg‘oniston terma jamoasiga mag‘lubiyatga uchragan o‘smirlarimizning murabbiylari terma jamoalar bo‘limi rahbariyati tomonidan juda qattiq dakki eshitganlar, aslida afg‘onlar bir paytlar Eronga chiqib ketgan aholining qaytishi ortidan terma jamoalarini kuchaytirishda davom etyaptilar. Bu ishni ular birinchi futzalda amalga oshirdilar, shuning uchun ularning futzali oldinga qarab keta boshladi. Bizda esa assotsiatsiya muammoni o‘zidan qidirish o‘rniga, ikkinchi tarkibdan natija talab qilish bilan ovora. Toshkentda Superligada 4 ta klub bor, bittasini stadioni tuzuk o‘yin o‘tkazish talabiga javob bermaydi. Aslida muammolarimiz yetarlicha bo‘lib turgan paytda ham shunday natijani ushlab turgan futbolchilarimizga rahmat aytib qolamizda, sensatsiyalar reytingini taqdim qilaman.

Kechagi o‘yinlarga keladigan bo‘lsak, mening shaxsiy fikrimga ko‘ra 5 ta sensatsiya qayd qilindi.

Yaponiya - Xitoy 7:0

Xitoy 2010 yil katta pul bilan futbol bozoriga kirib keldi. O‘z yurtiga "Real Madrid" akademiyasini olib kirdi. Jahon yulduzlari chin yurtiga transfer bo‘ldi, ammo bularning bari sun’iy edi, ularning fikriga ko‘ra mamlakat 2026 va 2030 yillarga kelib Janubiy Koreya hamda Yaponiya darajasiga chiqishi lozim edi, yakunda ular kecha juda yirik hisobda kun chiqar yurt vakillariga imkoniyatni boy berdilar.

Qatar - BAA 1:3

Osiyo futbolini "o‘ziniki" qilib olgan Qatar guruhimizda bizning asosiy raqobatchilarimizdan biri sifatida qaralayotgan bir paytda, BAA lashkar tortib ularning maydonidan 3 ta gol bilan 3 ochkoni qo‘lga kiritdi. BAA bo‘yicha alohida maqola chiqadi. Bu haqda kechga yaqin mutolaa qilasizlar.

Janubiy Koreya - Falastin 0:0

Yaqin sharq jamoasining sensatsiyasining poydevori haqida tepada yozib o‘tdim. Lekin shunga qaramay bu koreyslar uchun bahona bo‘lmasligi kerak, biz kabi terma jamoalarga qarshi bu gap so‘zlar ish berishi mumkin, ammo Osiyoning top terma jamoasi uchun emas. O‘z maydonida, siyosiy vaziyati qaltis bo‘lib turgan mamlakat terma jamoasi kelib gol o‘tkazmasa, bu haqiqiy sensatsiya.

Saudiya Arabistoni - Indoneziya 1:1

Niderlandiya futbol maktabi asosida qurilayotgan Indoneziya terma jamoasining arablar bilan durang o‘ynashi ikkinchi o‘ringa qo‘yildi. Avvalgi Xitoy rolini bajarayotgan arab diyorining chin yurtidan farqli mahalliy futboli ancha kuchli. Ammo ularda ba’zan raqibga nisbatan mensimaslik ko‘p kuzatiladi.

Avstraliya - Bahrayn 0:1

Bu haqiqiy teatr! Bahrayn uchun yaxshi ma’nodagi sahna ko‘rinishi. Maydonga avtobus haydab tushgan xorvatiyalik Dragan Talayich to‘plar nisbati 72% ga 28% bo‘lgan o‘yinda mezbonlarning avtogoli evaziga g‘alaba qozondilar. Avstraliya o‘yin davomida 11 ta zarba bergan, shundan 4 tasi darvoza tomon. Bahrayn esa bitta darvozaga yo‘llagan zarbasi bilan 3 ochkoni ilib ketdi.

Nodirxo‘ja Yuldashev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Barchaning ishtahasini ochib yuborgan 8.5 ta o‘rin, biz yolg‘iz emasmiz!