
U-17 Jahon chempionatiga qizg‘in tayyorgarlik olib borayotgan Islombek Ismoilov boshqaruvidagi o‘smirlar terma jamoasi BAAdagi yig‘inni yakunladi. Dasturga kiritilgan so‘nggi o‘rtoqlik uchrashuvida yurtimiz yoshlari Burkina-Faso terma jamoasiga qarshi bahs olib bordi.
Uchrashuv jamoalar kelishuviga ko‘ra yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tdi. Afsuski, bahs o‘zbekistonlik o‘smirlar uchun omadsiz tugadi — afrikalik raqiblar 4:0 hisobida ustun keldi.
Bellashuvning ilk daqiqalaridanoq Burkina-Faso jamoasi faol harakat qildi. 16-daqiqada Zalle Ismoil hisobni ochdi, 28-daqiqada esa Zongo Muhammad farqni ikki barobarga oshirdi. Ikkinchi bo‘limda Alassana Bagayogo 63-daqiqada jamoasi nomidan uchinchi golni urdi, 83-daqiqada esa Zongo Muhammad dubl rasmiylashtirib, hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi.
O‘zbekiston U-17 jamoasi tarkibida Rustamjonov darvozani qo‘riqladi, himoyada Hakimov, Bahodirxonov, Shukurullayev va Xabibullayevlar harakat qildi. Hujum chizig‘ida Erimbetov, Hasanov va Sodiqovlar faollik ko‘rsatishga urindi, ammo raqib himoyasini yorib o‘tishga muvaffaq bo‘lmadi.
Zaxiradagi o‘yinchilardan bir nechtasi ham maydonga tushirildi — shular orasida Turg‘unov, Aliyev va Saidmurodovlar bor. Ammo natija o‘zgarishsiz qoldi.
O‘zbekiston U17 - Burkina-Faso U17 - 0:4
Gollar: Zalle Ismoil (16), Zongo Muhammad (28, 83), Alassana Bagayogo (63)
O‘zbekiston U-17: 21.Rustamjonov, 2.Hakimov, 4.Bahodirxonov, 6.Shukurullayev, 7.Xabibullayev, 9.Erimbetov, 10.Hasanov, 14.Musaxanov, 19.Sodiqov, 20.Anvarov, 23.Abdumo‘minov.
Zaxira: Shokirov, Izbaskanov, Yusufboyev, Saidmurodov, Aliyev, Turg‘unov, Ergashev, Abdukarimov, Muradov, Saidov, Rustamov, Sarsenbayev.
Shu bilan Ismoilov shogirdlari BAAdagi yig‘inni yakunladi. Avvalgi ikki nazorat o‘yinida o‘smirlar Venesuela bilan 1:1 hisobida durang o‘ynagan, Kot-d’Ivuarni esa 2:0 hisobida mag‘lub etgan edilar.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bu bahslar jamoaning jahon chempionati oldidan so‘nggi sinovi bo‘ldi. Endi o‘smirlar Qatarda bo‘lib o‘tadigan mundialga yo‘l oladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston U-17 terma jamoasi 5-noyabr kuni Paragvayga qarshi uchrashuv bilan o‘z ishtirokini boshlaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!