
La Liganing 11-turida "Real Madrid" "Santyago Bernabeu" stadionida "Valensiya"ni 4:0 hisobida yengdi. Mbappe dubl qayd etdi, Bellingem aniq zarba bilan o‘z hisobiga gol yozdi va yakuniy nuqtani Alvaro Karreras qoyilmaqom zarba bilan qo‘ydi.
O‘yin boshidanoq madridliklar tashabbusni o‘z qo‘llariga oldilar. 20-daqiqada Mbappe penaltini muvaffaqiyatli amalga oshirib, darvozabon va to‘pni turli burchaklarga yubordi.
Bo‘lim o‘rtalarida fransiyalik futbolchi Gyulerning uzatmasidan keyin chap oyog‘i bilan zarba berib, hisobni 2:0 ko‘rinishga keltirdi. "Valensiya" markaziy maydonda deyarli hech qanday qarshilik ko‘rsata olmadi.
Tanaffusga yaqin Bellingem qanotdan markazga siljib, uzoq burchakka aniq zarba berdi va hisobni 3:0 qildi. Shundan so‘ng o‘yinda intriga deyarli yo‘qoldi.
Ikkinchi bo‘limda Xabi Alonso sardorlarga dam berib, Vinisius va Mbappe o‘rniga Rodrigo va Endrikni maydonga tushirdi. O‘yin sur’ati pasaygan bo‘lsa-da, mezbonlar to‘pni nazorat qilishni davom ettirdilar.
83-daqiqada Alvaro Karreras hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi. Himoyachi chap qanotdan o‘tib, jarima maydonchasiga kirib, keskin burchakdan uzoq "to‘qqizlik"ka aniq zarba berdi.
"Real Madrid" ushbu g‘alaba bilan uch ochko qo‘lga kiritib, chempionatdagi yetakchiligini mustahkamladi. Alonso jamoasi kuchli o‘yin ko‘rsatib, "Valensiya"ga Kortua darvozasi oldida biror xavf yaratishga imkon bermadi.
Real Madrid Valensiyani tor-mor qildi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar