Rimda Trevi favvorasiga kirish endi pullik bo‘ladi

OAV xabarlariga ko‘ra, Italiya poytaxti Rimda joylashgan mashhur Trevi favvorasiga yaqinlashib, unga tanga tashlash uchun endilikda maxsus to‘lov joriy etildi.
Ma’lum qilinishicha, sayyohlar favvora hududiga har kuni soat 09:00 dan 22:00 gacha kirish uchun ikki yevro miqdorida haq to‘lashi kerak bo‘ladi. Besh yoshgacha bo‘lgan bolalar, nogironligi bor shaxslar hamda Rim shahrida yashovchi fuqarolar mazkur to‘lovdan ozod etilgan. Shuningdek, kechqurun va erta tong soatlarida favvoraga bepul kirish imkoniyati saqlab qolinadi.
Shahar ma’muriyati hisob-kitoblariga ko‘ra, chipta sotuvlaridan yil davomida 6,5 million yevrodan 20 million yevrogacha daromad olinishi mumkin. Ushbu mablag‘larni favvorani saqlash, texnik xizmat ko‘rsatish hamda xodimlarning ish haqini qoplashga yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, sayyohlar tomonidan favvoraga tashlanadigan tangalar avvalgidek kam ta’minlangan aholiga yordam ko‘rsatuvchi Caritas di Roma xayriya tashkilotiga o‘tkaziladi. Trevi favvorasidan har yili o‘rtacha 1,5 million yevro miqdorida tanga yig‘iladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!