date

Husanov “Galatasaroy” bilan o‘yinda Osimxenni o‘chirdi: muxlislar olqishi

Husanov “Galatasaroy” bilan o‘yinda Osimxenni o‘chirdi: muxlislar olqishi

Yevropa Chempionlar ligasi umumiy bosqichidagi so‘nggi uchrashuvda “Manchester Siti” o‘z uyi — “Etixad”da Turkiya chempioni “Galatasaroy”ni qabul qildi va 2:0 hisobida ishonchli g‘alaba qayd etdi. Bu natija “shaharliklar”ga musobaqaning 1/8 finaliga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma berdi — endi Pep jamoasi qo‘shimcha o‘tish o‘yinlariga kirib o‘tirmaydi.

Biroq bu kechaning asosiy syujeti faqat hisobda emas edi. Muxlis-u mutaxassislarning ko‘zi ko‘proq maydon markazidagi bitta o‘ta qiziq to‘qnashuvga qadaldi: Turkiya Superligasining eng xavfli hujumchisi, tajribali yulduz Viktor Osimxen va “Siti”ning yosh markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov o‘rtasidagi duel.

21 yoshli o‘zbek futbolchisi bu bahsda haqiqiy “beton devor”day ko‘rindi. Husanov himoya markazini juda puxta nazorat qildi, pozitsiyani yo‘qotmadi, kerakli paytda to‘pni olib qo‘ydi, kerak bo‘lganda esa xavfli hujum yo‘nalishini bir harakatda “kesib” tashladi. Eng muhimi — Osimxenga gol urish uchun deyarli hech qanday qulay vaziyat qoldirmadi. Katta nom, katta tajriba — bari bor, lekin maydondagi manzara boshqacha bo‘ldi: Husanov uning “nafas olish” joyini ham tor qilib qo‘ydi.

Shuning uchun ham “Manchester Siti”ning butun dunyoga sochilgan muxlislari ijtimoiy tarmoqlarda aynan shu epizodlarni muhokama qildi. Osimxenga qarshi o‘yin — himoyachi uchun eng qattiq imtihonlardan biri. Husanov esa bu imtihondan “A’lo” bilan o‘tdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Muxlislar e’tirofi ham shunga mos bo‘ldi. Kimdir “Husanovdan Rolls-Royce darajasidagi o‘yin!” deb yozdi, yana kimdir “Osimxenga ‘non’ bermadi” deb hazillashdi. Ayrimlar esa juda jiddiy xulosa qildi: “Pep Husanovni muntazam o‘ynatsa, u dunyodagi eng zo‘r himoyachiga aylanadi”. Boshqalar “Husanov erasi boshlandi” deb ham qo‘shib qo‘ydi.

"Siti" muxlislarining Husanovni olqishlovchi so‘zlarini ularning quyidagi postlari orqali ham o‘qishingiz mumkin:

Jacob Garba:

Abduqodir juda kuchli ekan...

Ackim Musole:

Husanov, senga hurmatim baland, iltimos shu ruhda davom et.

Ali Toochukwu:

Bizga Osimxen Xolanddan yaxshiroq deyishgan edi.

Barnabas Nandwa:

Husanov, Gexi, Yoshko va Nunesh keyingi mavsumda eng zo‘r himoya chizig‘i bo‘ladi. Ishoning.

Micheal Pacho:

Osimxen bu Husanov degan yigitni hech qachon unutmaydi.

Vini Jnr:

Husanov — haqiqiy qahramon.

Topwayne Clement:

Husanov – jahon darajasidagi o‘yinchi.

Vic Tor:

Ake endi Husanovni ham hurmat qil.

MIso Ndodana Ka MaMthembu:

Abduqodir dunyodagi eng zo‘r markaziy himoyachi.

Rollins Riches:

Husanov va Donnarumma Viktor Osimxenni to‘xtatishdi.

Sudeys Sheikh:

Bu yog‘iga endi Husanov yondiradi...

Martinelli Mkabontezz Raj:

Husanov — eng yaxshi himoyachi.

Mulalo Cairo Netshisumbewa:

Husanov har doim o‘ynashi kerak. Men uni birinchi o‘ringa qo‘yaman.

Tez-tez uchraydigan “hayp” gaplar ham bor, albatta. Lekin shu kechadagi o‘yindan keyin bitta narsa aniq: Abduqodir Husanov katta bosimdan qo‘rqmaydi. U katta sahnada o‘zini yo‘qotmaydigan futbolchi ekanini ko‘rsatdi. Osimxen bilan bo‘lgan duel esa uning karerasidagi navbatdagi “tramplin” bo‘lishi mumkin.

Endi “Siti” 1/8 finalda. Ammo muxlislar uchun yana bir qiziq savol tug‘ildi: agar Husanov shunday ruhda davom etsa, Pep uni doimiy asosiy tarkibga aylantiradimi? Chunki bu o‘yindan keyin bir narsa sezildi — “shaharliklar” himoyasida yangi ishonch nuqtasi paydo bo‘ldi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Husanov “Galatasaroy” bilan o‘yinda Osimxenni o‘chirdi: muxlislar olqishi