«Bashakshehir» Eldor Shomurodovni to‘liq sotib olgani ma’lum bo‘ldi

"Istanbul Bashakshehir" Eldor Shomurodov bo‘yicha muhim qaror qabul qildi: klub o‘zbekistonlik hujumchining 2,7 million yevroga teng sotib olish bandini rasman ishga tushirdi. Bu haqda Ajansspor nashri xabar bermoqda.
Bu qarordan keyin Shomurodovning transfer huquqi endilikda to‘liq “Bashakshehir” qo‘liga o‘tadi. Shu bilan birga, kelishuvda yana bir qiziq jihat bor: agar Eldor kelajakda boshqa jamoaga ko‘chsa, "Roma" keyingi transfer summasining 10 foizini olish huquqini saqlab qoladi. E’tiborlisi, 30 yoshli forvardning transfer huquqi 2021 yildan buyon aynan rimliklarga tegishli bo‘lib kelayotgan edi.
Hozirgi formasiga qaraganda, bu “10 foiz” ham ancha shirin chiqishi mumkin — chunki Eldor bu mavsum Turkiya Superligasida haqiqiy drayvda. U chempionatda 20 ta uchrashuv o‘tkazib, 14 ta gol urdi va 4 ta golli uzatmani hisobga yozdirdi. Eng muhimi, aynan shu natijalar uni to‘purarlar poygasida peshqadam qilib turibdi.
Qisqasi, “Bashakshehir” risk qilmadi — tayyor gol mashinasini qo‘ldan chiqarmay, o‘ziniki qilib oldi. Endi esa Shomurodovga asosiy vazifa bitta: shu tempni ushlab qolish va jamoani yuqori maqsadlar sari yetaklash. Raqiblar esa, odatdagidek, “qayerda to‘xtatamiz?” deb bosh qotiradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!