date

Dzyudo reytingi: Xorazm viloyati mavsumning mutlaq yetakchisi

Dzyudo reytingi: Xorazm viloyati mavsumning mutlaq yetakchisi

2025 yilda o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatlari hamda Prezident Olimpiadasi yakunlari bo‘yicha hududlar kesimida dzyudochilarning natijalari sarhisob qilindi. Mavsum davomida tashkil etilgan asosiy oltita musobaqa natijalariga tayanilgan holda, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi hududlarning medallar jamlanmasi bo‘yicha umumiy reytingi shakllantirildi.

Yil yakunlariga ko‘ra, Xorazm viloyati dzyudochilari medallar soni va sifati jihatidan barcha raqiblarini ortda qoldirib, reytingda birinchi o‘rinni egalladi. Ushbu natija Xorazm dzyudosining tizimli tayyorgarligi, yoshlar bilan samarali ish olib borilayotgani va musobaqalardagi barqaror chiqishlarning yaqqol samarasi sifatida baholanmoqda.

Reytingni shakllantirishda quyidagi nufuzli musobaqalar natijalari inobatga olindi:

— U23 yosh toifasidagi O‘zbekiston chempionati (Chirchiq);

— kadetlar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati (Andijon);

— kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati (Buxoro);

— Prezident Olimpiadasi (Toshkent);

— o‘smirlar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati (Qarshi);

— kichik kadetlar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati (Qarshi).

Mazkur musobaqalarda Xorazm viloyati vakillari nafaqat medallar soni, balki oltin va kumush mukofotlar ulushi bo‘yicha ham yuqori ko‘rsatkich qayd etib, raqib hududlardan sezilarli ustunlikka erishdi. Mutaxassislar fikricha, bu hududda dzyudoni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan uzoq muddatli strategiya o‘z samarasini bermoqda.

O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, ushbu reyting kelgusi mavsumda hududlar o‘rtasida sog‘lom raqobatni yanada kuchaytirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash va milliy terma jamoa zaxirasini boyitishga xizmat qiladi. Xorazm viloyati esa 2025 yil natijalari bilan mamlakat dzyudosida yetakchi maktab sifatida o‘z o‘rnini yana bir bor mustahkamladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Dzyudo reytingi: Xorazm viloyati mavsumning mutlaq yetakchisi