Fenerbahche sobiq futbolchisi Mourinyoni vaʼdasida turmadi deya tanqid qildi

“Fenerbahche”ning sobiq futbolchisi Linkoln jamoani 2024–2025 yillarda boshqargan portugaliyalik murabbiy Joze Mourinyo haqida keskin fikr bildirdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Linkolnning aytishicha, Mourinyo unga bergan vaʼdasini bajarmagan va futbolchiga nisbatan hurmatsizlik qilgan. “U ko‘p sovrin yutgan, buni hech kim inkor etmaydi. Lekin men uchun hayotda xarakter unvonlardan muhimroq. Mourinyo meni hayratda qoldirdi”, — dedi u.
Futbolchi “Hall Siti”ga ijara asosida ketishidan avval murabbiy bilan gaplashganini, Mourinyo esa uni yozgi yig‘inga Portugaliyaga kutayotganini aytganini taʼkidladi. Linkoln mavsumni “Hall Siti”da yakunlagach, yig‘inga chaqiruvni kutgan, biroq keyinchalik Mourinyo u bilan muloqot qilishdan bosh tortgan.
“Tarjimon orqali bog‘lanmoqchi bo‘ldim, u esa sport direktoriga murojaat qilishimni aytdi. Jamoa Portugaliyada yig‘inda edi, men ham Portugaliyada uyda edim, lekin baribir meni Istanbulga qaytarib, alohida mashg‘ulot o‘tkazishni buyurdi”, — deya voqealarni esladi Linkoln.
Uning so‘zlariga ko‘ra, klub uchun ko‘plab o‘yinlarda, hatto o‘z pozitsiyasida bo‘lmagan paytda ham maksimal darajada harakat qilgan. Shuningdek, og‘ir jarohatdan keyin qo‘llab-quvvatlash kutganini, ammo bunday munosabatni sezmaganini aytdi. “Men boshqalar kabi mashhur emasman, lekin doim maydonda borimni berganman”, — dedi u Fanatik nashriga bergan intervyusida.
Hozirda Joze Mourinyo “Benfika”ni boshqarmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!