Eronda yana 3 kishi josuslikda ayblanib qatl etildi

Bugun, 2 may kuni Eron shimoli-g‘arbidagi G‘arbiy Ozarbayjon viloyatida Isroil rejimining “Mossad” razvedka xizmatiga josuslik qilgan Yoqub Karimpur va Nosir Bekarzodalar qatl etildi. Shuningdek, Isfahon viloyati markazidagi Natanz yadroviy poligoni yaqinida razvedka ma’lumotlarini to‘plashda ayblangan bir kishiga nisbatan chiqarilgan o‘lim hukmi ijro etilgan. Bu haqda Eron Oliy sudi xabar berdi.
Eron Oliy sudining bayonotiga ko‘ra, mahkumlarga chiqarilgan dastlabki hukm o‘z kuchida qoldirilgan xamda qonuniy jarayonlar yakunlanganidan so‘ng ijro etilgan. Hukm bugun, 2 may kuni erta tongda osib o‘ldirish orqali amalga oshirilgan.
Ish hujjatlariga ko‘ra, Karimpur va Bekarzoda 2025 yil iyul oyida AQSH va Isroilning Eronga qarshi 12 kunlik bosqini davrida “Mossad” xodimi bilan faol aloqada bo‘lgan va undan kriptovalyutalar evaziga Eronning bir qator nozik manzillari va aniq shaxslar haqidagi maxfiy ma’lumotlarni yetkazib turgan.
“Ular “Mossad” zobitidan bombalarni yasash bo‘yicha puxta ta’lim olgan va o‘z qo‘llari bilan bir nechtasini yasab, ularni belgilangan joylarda portlatishga muvaffaq bo‘lgan. Bundan tashqari, mahkumlar o‘z boshqaruvchilariga portlatilgan joylarning tasvirlari va videolarini ham yuborib turgan. Videoyozuvlar keyinchalik Isroil tomonidan moliyalashtiriladigan “Iran International” axborot kanalida Erondagi siyosiy vaziyatni beqaror holatda ko‘rsatish uchun muntazam ravishda efirga uzatib kelingan”, deyiladi Eron Oliy sudining rasmiy bayonotida.
Bundan tashqari, Karimpur jinoiy guruhlarga Karaj va Mashhad shaharlarida to‘lov evaziga bankomatlarga o‘t qo‘yish kabi qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirishni topshirgan.
Shuningdek, Eron xavfsizlik kuchlari josuslar Isroil razvedka xizmatiga Tehron markazidagi Natanz uranni boyitish zavodi va mamlakatning muhim komplekslarining joylashuvi va fotosuratlarini hamda ba’zi hokimiyat organlari, diniy ulamolar va mahalliy amaldorlar bilan bog‘liq ma’lumotlarni taqdim etganini aniqlagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!