Nega tuxum qaynatilgan suvni toʻkib boʻlmaydi?

Agar siz ham tuxum qaynatilgan suvni rakovinaga quyib yuboradiganlardan boʻlsangiz, keyingi safar bu ishni qilishdan avval yaxshilab oʻylab koʻrishingizga toʻgʻri keladi.
Mutaxassislarga koʻra, tuxum pishgandan keyin qolgan suvni rakovinaga toʻkish tavsiya etilmaydi. Bunga asosiy sabab — qaynoq suvning santexnika tizimiga salbiy taʼsir koʻrsatishidir. Jumladan, sifon, uning gofrali shlanglari va kanalizatsiyadagi PVX quvurlar zichligini yoʻqotishi mumkin. Chunki ushbu qismlardagi rezina qistirmalar yuqori haroratga moʻljallanmagan boʻlib, qaynoq suv taʼsirida tezda ishdan chiqadi.
Bundan tashqari, rakovina sunʼiy materiallardan, ayniqsa akrildan yasalgan boʻlsa, qaynoq suv taʼsirida va sovuq-issiq suvning tez-tez almashishi natijasida uning yuzasida mayda yoriqlar paydo boʻladi. Vaqt oʻtishi bilan bu yoriqlar chuqurlashib, rakovinada darzlar yuzaga kelishi mumkin.
Qaynoq suvni faqat santexnika qismlari metalldan tayyorlangan holatdagina quyish mumkin. Shuningdek, keramogranit va aglomeratdan ishlangan rakovinalar ham bundan mustasno boʻlib, bunday materiallar 180°C gacha boʻlgan haroratga bardosh bera oladi.
Mutaxassislar esa tuxum qaynatilgan suvni bekorga toʻkish oʻrniga, uni sovitib, maishiy ehtiyojlarda, ayniqsa xona gullarini sugʻorishda qoʻllashni tavsiya etadi. Chunki tuxum poʻchogʻi oʻsimliklar uchun muhim hisoblangan kalsiy karbonat va kalsiy fosfat kabi moddalarga boy boʻlib, ularning qariyb 90 foizini tashkil etadi. Qaynatish jarayonida esa kaltsiyning bir qismi poʻchoqdan ajralib, suv tarkibiga oʻtadi.
Kalsiy oʻsimliklarda kechadigan koʻplab metabolik jarayonlarda ishtirok etadi, uglevod va oqsillar almashinuviga taʼsir koʻrsatadi, shuningdek, tuproqning kislotalilik darajasini meʼyorda ushlab turishga yordam beradi.
Biroq bu yerda ham meʼyor muhim. Ortiqcha kalsiy oʻsimliklar tomonidan boshqa mikroelementlarni oʻzlashtirishga toʻsqinlik qilishi mumkin. Masalan, bor va azotning oʻzlashishiga salbiy taʼsir koʻrsatib, temir birikmalarini bogʻlab qoʻyadi. Bu esa barglarda oqish dogʻlar paydo boʻlishiga va oʻsimlik oʻsishining sekinlashishiga olib keladi. Shu sababli bunday suvdan 3–4 haftada bir marta foydalanish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!