Tochilin sanksiyalar bekor bo'lsa, FIFA va UEFA ham yumshaydi

Futbol eksperti Aleksandr Tochilin «Yevro-Futbol.Ru»ga bergan eksklyuziv intervyusida FIFA prezidenti Janni Infantino Rossiya jamoalariga qo'yilgan taqiqni olib tashlash g'oyasini qo'llab-quvvatlagani hamda OAVda tilga olinayotgan, XOK Rossiya sportiga qo'llangan barcha sanksiyalarni yaqin orada bekor qilishi mumkinligi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Tochilinning aytishicha, bunday qarorga ishonishni istaydi, chunki bu mavzudagi gap-so'zlar anchadan beri yuribdi. U Yevropada Rossiyani izolyatsiyadan chiqarish uchun prinsipial yondashuv kerakligini, shuningdek Rossiyasiz yirik musobaqalarning intriga va ommabopligi pasayishini ham tushunishlarini ta'kidladi.
Infantinoning Rossiyani chetlatish «ma'nosiz» ekani haqidagi fikrlariga to'xtalgan Tochilin buni dunyodagi umumiy kayfiyat o'zgarayotgani bilan izohladi. Uning fikricha, Rossiyaga nisbatan ikki xil standart va biryoqlama munosabat ko'rinib turibdi, biroq vaqt o'tishi bilan o'zgarishlar bo'lmoqda va taqiqning o'zi ham tobora «absurd» ko'rinish olmoqda.
Ekspert XOK sanksiyalarni bekor qilsa, bu futbolga ham bevosita ta'sir qilib, FIFA va UEFA qarorlarini qayta ko'rib chiqishiga turtki bo'lishi mumkinligini aytdi. Tochilinning ta'kidlashicha, bunday vaziyatda «zanjirli reaksiya» yuz beradi: kim birinchi bo'lib qadam tashlasa, boshqalar ham o'sha yo'ldan boradi.
Infantino kelajakda siyosiy sabablar tufayli jamoalarni musobaqalardan chetlatishni qonunan taqiqlash kerakligini bildirgan edi. Tochilin bu g'oyani qo'llab-quvvatlab, sportning bosh shiori siyosatdan xoli bo'lishi kerakligi, Rossiyaga nisbatan qabul qilingan qarorlar esa aynan shu tamoyilga zid kelayotganini qayd etdi.
OAVda FIFA aprel oyidagi kongressda Rossiyaning xalqaro turnirlarga to'liq qaytishi masalasini muhokama qilishi mumkinligi haqida ham yozilmoqda. Tochilin bunday ehtimolni inkor etmadi va bu kabi ma'lumotlar bekorga tarqamayotganini, endi ijobiy ssenariy haqida o'ylash mumkinligini bildirdi.
Shuningdek, u Rossiya qaytgan taqdirda ham ayrim raqiblar maydonga tushishdan bosh tortishi mumkinligi haqida savolga javob berdi. Tochilinning fikricha, har bir tashkilotning o'z reglamenti bor va uni kim buzsa, sababidan qat'i nazar intizomiy choralar qo'llanishi shart; texnik mag'lubiyatlar bunday demarshlarning oldini olib, boshqalarga ham signal bo'ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!