Angliya JCh oldidan Kosta-Rika bilan o‘rtoqlik o‘yinini kelishdi

Angliya terma jamoasi jahon chempionati starti arafasida navbatdagi sparring raqibini topdi. The Mirror xabariga ko‘ra, inglizlar o‘rtoqlik uchrashuvida Kosta-Rika termasiga qarshi maydonga tushadi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Bellashuv 10 iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Avvalroq Angliya 6 iyun kuni Yangi Zelandiya bilan ham o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishi ma’lum qilingandi. Har ikki uchrashuv AQShda, Florida shtatidagi mashg‘ulot bazasiga yaqin hududda o‘tkaziladi, biroq aniq stadion hozircha tasdiqlanmagan.
Angliya va Kosta-Rika hozirgacha ikki marta to‘qnash kelgan. 2018 yilda o‘rtoqlik bahsida Markus Reshford va Denni Uelbek gollari evaziga inglizlar 2:0 hisobida zafar quchgan, undan to‘rt yil oldin esa mundial guruh bosqichida 0:0 natija qayd etilgandi.
17 iyun kuni Tomas Tuhel shogirdlari jahon chempionatini Xorvatiyaga qarshi o‘yin bilan boshlaydi. Ushbu guruhdan, shuningdek, Gana va Panama ham o‘rin olgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!