Argentina futboli rahbari korrupsiya ishi bo‘yicha so‘roqqa chaqirildi

Argentina futbol assotsiatsiyasi (AFA) prezidenti Klaudio Tapia ijtimoiy badallar to‘lanmagani bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ish doirasida prokuraturaga so‘roqqa chaqirildi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
U bilan birga tashkilot g‘aznachisi Pablo Tovigino ham mazkur ishda figurant sifatida tilga olinmoqda. Huquq-tartibot organlari har ikki shaxsga mamlakatni tark etishni taqiqladi.
So‘roq 5 mart kuni bo‘lib o‘tadi. Tergov versiyasiga ko‘ra, AFA tomonidan to‘lanishi kerak bo‘lgan ijtimoiy badallar hisobidan davlat g‘aznasiga 13 million dollar yetib kelmagan.
Shuningdek, Tapia mulkida ekani aytilayotgan, vertolyot qo‘nish maydonchasiga ega 10 gektarlik qo‘rg‘on ham tekshiruv e’tibor markazida.
Prokuratura alohida ravishda futbolchilarga berilgan bonuslar miqdori va Tapianing dunyo bo‘ylab parvoz xarajatlari o‘rtasidagi tafovutni ham o‘rganmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!