Nevil 51 million funtlik Subimendining o'yinidan norozi bo'ldi

"Arsenal" klubi Angliya Premyer-ligasi turnir jadvalida peshqadamlikni qaytarib olgan bo'lsa-da, jamoaning yangi a'zosi Martin Subimendi mutaxassislar tanqidiga uchradi. Sobiq futbolchi Gari Nevill 51 million funt sterlingga sotib olingan ispaniyalik yarim himoyachining o'yinidan ko'ngli to'lmayotganini bildirdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
"Nyukasl" ustidan qozonilgan 1:0 hisobidagi g'alabadan so'ng, Nevill "Real Sosedad"dan ko'chib o'tgan futbolchi o'yin tempini nazorat qila olmayotganini ta'kidladi. Uning fikricha, Subimendi bir necha haftadan beri o'z darajasini ko'rsata olmayapti va maydonda yetakchilikni qo'lga olmayapti.

«Mavsum boshida Subimendi ajoyib xarid bo'ldi deb o'ylagandim, ammo u Andrea Pirlo, Pol Skoulz yoki Rodri kabi o'yinni boshqara olmayapti. U hozircha maydonda o'z nufuzini o'rnata olgani yo'q va o'yinlarda qiynalmoqda», — dedi Nevill "Sky Sports" efirida.
Ekspertning so'zlariga ko'ra, Mikel Arteta jamoasida Subimendi, Deklan Rays va Martin Edegor o'rtasidagi balans buzilgan. Ular maydonda bir xil hududlarni egallab olayotgani sababli, "Nyukasl" yarim himoyachilari o'yin nazoratini o'z qo'liga olishga muvaffaq bo'lgan.

Uchrashuvda Eberechi Ezening goli "Arsenal"ga g'alaba keltirgan bo'lsa-da, jamoaning hujum chizig'i ham tanqid qilindi. Nevill zaxiradan tushgan Viktor Gyokeresning vaziyatlardan foydalana olmaganini ham alohida qayd etib o'tdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!